BOLAM BAXTLI BO'LSIN DESANGIZ

BOLAM BAXTLI BO'LSIN DESANGIZ

16 avgust 2022 Qorovulbozor tuman bo‘linmasi rahbari M.Jumayeva
 "Oila men uchun muqaddas. Muqaddasligi shuki, avvalombor qaerda ishlashidan qat'i nazar, kim bo'lishidan qat'i nazar agar oilada tarbiya, oilada muhit, oilada hallollik, munosat, tarbiyaga alohida e'tibor bermasa, hech qachon natija bo'lmaydi. Shuning uchun men farzandlarimning tarbiyasiga juda katta e'tibor beraman. Har bir farzandimga ham, nevaramga ham alohida o'zimning munosabatim bor. Har bir nevaramning alohida xarakterini bilaman, orzusini, istagini bilaman."                
 SH.M.Mirziyoev

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5040 -sonli Qarori ijrosi hamda tuman hokimining 2022-yil 15-fevraldagi 1/64-sonli Kengash yig‘ilishi bayoniga asosan joriy yilning 16 – avgust kuni Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Qorovulbozor tuman bo‘linmasi va barcha korxona, tashkilot va muassasalarda “ Bolam baxtli bo`lsin desangiz” mavzusida “Ma'rifat soati” tashkil etildi.

Bugungi "Ma'rifat soati"da Sanoat qurilish bank filiali ishchi-xodimlari ishtirok etdi. Darsni Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Qorovulbozor tuman bo‘linmasi rahbari M.Jumayeva olib bordi.

Kishining jamiyatda  tutgan mavqeiga  bog'liq bo'lmagan bir kasb borki, u onalik va otalik kasbidar. Ota-onalar o'z bolalarining tarbiyasi uchun jamiyat oldida javobgardirlar. Oila mustahkamligi, ma'naviy va jismoniy barkamol farzand jamiyat mustahkamligi va ma'naviy yetuklikning garovidir. Sohibqiron bobomiz Amir Temur ham o'g'il uylantirish, kelin tanlash, farzand tarbiyasini davlat siyosati darajasiga ko'targanligi ham bejiz emas. Davlatning qudrati sog'lom fikrli, bilimli, ahloq –odobli, xalq, millat, Vatan taqdiri uchun jonini tikkan insonlar qo'lida. Bunday insonlar ilk bor oilada tarbiyalanadilar.Bolalarning hulq atvoridagi xatolar ota-onalarning xatolaridir. Oila, oila a'zolarining, ayniqsa ota-onaning ahloqiy-ma'naviy yetukligi va ma'rifiy qarashlari farzand tarbiyasi va kamolida eng zarur va muhim omillaridan biri hisoblanadi. Oila bolalarni kelajakdagi er-xotinlik, shuningdek, oilaviy hayotiga tayyorlovchi maktabdir.

Zero, tarbiya -shaxsning ma'naviy  va aqliy qiyofasini, hattoki butun taqdirini belgilovchi omildir. Ulug' mutafakkir Abdulla Avloniyning “Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobida “Alloh taolo insonlarni asl xilqatda iste'dod va qobiliyatli, yaxshi bilan yomonni, foyda bilan zararni, oq bilan qorani ajratadigan qilib yaratgan. Lekin insondagi bu qobiliyatni kamolga yetkazish – tarbiya bilan bo'lur” - deyilgan. Farzandga to'g'ri tarbiya berish esa oiladan boshlanadi. Oilada farzandlarning har tomonlama kamol topishi uchun ma'naviy- axloqiy sharoitlar yaratilsagina muvaffaqiyatlarga erishiladi.

 Har bir ota-ona farzand tarbiyasida o'zlarining burch va ma'suliyatlarini chuqur anglashlari lozim. Shunday ekan, oilada ruhiy xotirjamlik, samimiy munosabat, ota-ona obro'sining yuqori bo'lishi, bolalarga talab qo'yishda oila kattalari o'rtasidagi birlikning saqlanishi, bola shaxsini mehnatga tarbiyalashga alohida e'tibor berish, bolani sevish va izzatini joyiga qo'yish, oilada qat'iy rejim va kun tartibini o'rnatish, bolaning yosh va shaxsiy xususiyatlarini hisobga olish, boladagi o'zgarishlarni kuzatib borish, undagi mustaqillikka intilish va tashabbuskorlik sifatlarini qo'llab-quvvatlash ota-onalarning pedagogik bilimlarga ega ekanligini ko'rsatadi. Ma'rifat soati davomida bank xodimlari oilada farzand tarbiyasi to`g`risida o`z fikr – mulohazalarini bildirishdi. 


Respublika Ma'naviyat va ma'rifat
markazi Qorovulbozor tuman
bo‘linmasi Matbuot xizmati




Report Page