Boyovutda Toshkentdagidek kurant quriladi
@BoyovutliklarКирилл алифбосида ўқиш
Bir paytlar faqat qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish bilan cheklangan tuman bugun sanoatning bir necha turi izchil rivojlanmoqda. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan korxonalar ishga tushirilmoqda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik taraqqiy etmoqda.
Darhaqiqat, yaqin-yaqingacha Boyovut deyishsa koʻpchilikning koʻz oldida bobodehqon-u, paxta dalalari gavdalanar edi. Hozir esa Boyovut deyishsa, hushmanzara hiyobon, xotira majmualari-yu sanoat va ishlab chiqarish, umuman har tomonlama rivojlanib borayotgan goʻshani tasavvur qilish mumkin.
Mamlakatimizdagi barcha tuman-u shaharlarning oʻziga xos xususiyat va oʻziga xos timsoli boʻlganidek, Boyovutning ham oʻziga xos timsolini yaratish maqsadida saʼy-harakatlar boshlab yuborilgan.
Boyovut shaharchasida bunyod etilgan “Yurt bayrogʻi” maydoni tumanimizga yoʻli tushgan mehmonlarning albatta tashrif buyurishi kerak boʻlgan manzillaridan biriga aylandi. Balandigi 40 metr boʻlgan ustunda gʻururimiz boʻlgan mahobatli bayrogʻimiz xilpirab turadi. Turli manzarali daraxt va anvoyi gullar bilan burkangan maydonda zamonaviy arxitektura va meʼmorlik anʼanalarini mujassam etgan ayvon barpo etilib, oʻrindiqlar oʻrnatilgan.
Mazkur maydon ansambliga yana bitta obyekt qoʻshilmoqda. Bu – maydonning shimoliy qismidan oʻtgan Janubiy Mirzachoʻl kanalining qirogʻida kurant quriladi.
Ayni vaqtgacha yer tayyorlash ishlari yakunlanib, asos qismi hozirlandi.
Maʼlumot uchun, ushbu obyekt xususiy tadbirkor mablagʻlari hisobidan quriladi va ekspluatatsiya qilinadi.
Boyovut tumani hokimligi Axborot xizmati