BIR YIL MUQADDAM  O‘G‘IRLIK QILGANLAR ANIQLANDI

BIR YIL MUQADDAM  O‘G‘IRLIK QILGANLAR ANIQLANDI


         Kogon tumani IIB tomonidan berilgan maʼlumotga ko‘ra, 2021-yil 25-avgust kuni taxminan soat 10:00 larda nomaʼlum shaxs tumandagi Taraqqiyot mahallasida yashovchi N.F.ning uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, uning yotoqxonasidagi javon ichidan 20 turdagi tilla taqinchoqlarni, 120 AQSH dollari, 5000 Rossiya rubli va 250000 so‘m pullarini yashirin ravishda o‘g‘irlab, jabrlanuvchiga jami 49 million 550 ming so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazgan. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, bir qator tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borildi. Ammo jinoyat sodir etgan shaxslarni aniqlashning imkoni bo‘lmadi...

        Qilni qirq yoruvchi tezkor xodimlar va tergovchining saʼy-harakatlari, olib borgan surishtiruv hamda tergov harakatlari natijasida o‘g‘irlik sodir etilgan kundan bir yil o‘tib mazkur jinoyatni sodir qilgan shaxslar aniqlandi. Ular, ya’ni ushbu jinoyatni sodir qilgan Samarqand viloyati Jomboy tumani Ko‘kgumbaz mahallasida yashovchi, 2000-yilda tug‘ilgan A.O. o‘zining jinoiy sherigi 2000-yilda tug‘ilgan J.F. bilan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

        Gap shundaki, jinoiy guruhning boshqa viloyatlarda, ayniqsa, Buxoro tumanida ham o‘g‘irlik jinoyatini sodir etganligi aniqlangan. Hozirda jinoiy guruh aʼzolariga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Shuningdek, respublikamizning boshqa hududlarida sodir etilib, fosh etilmasdan qolayotgan o‘g‘irlik va boshqa turdagi jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati. 

 

Report Page