BIR TUP RAYHON
Bu voqea mening qishki ta’til onlarimda bо‘lgan edi. О‘shanda men tengqurlarimdek yosh, hali kо‘p narsani tushunavermas, sodda edim. Lekin vaqt о‘tib, bu lahzalar, undagi aziz insonlar haqida о‘ylash, nainki о‘ylash balki yozish ham maroqli ekanligini tushuna boshladim. Xullas, talabalikning oltin zarfxarflar-la bitilgan xush onlarida oq ukpardek laylakqorlar yog‘gan bir kunda, dugonam Shaxnoza uydagilarimdan ruxsat olib, qо‘yarda-qо‘ymay meni Sirdaryoga olib ketdi.
Bu hamsaboq dugonam juda kirishimli, xushchaqchaq, farosatli qiz edi. Biznikida kо‘p bora mehmon bо‘lganidanmi, «Hali men sizni uyimga olib boray, odamni yutib yuboradigan Sirdaryoning baliqlariga bir tо‘ydiray» deb qо‘yar, shunda men kishi bо‘yi barobar baliqlarni yeyishga chog‘langan odamlarni va tо‘rda turgan holda ham tipirchilab tomoshabinlarni yutib yuborishga shay baliqlarni tasavvur qilib, о‘zimcha kulimsirab qо‘yardim. Nasib qilgan kuni shu ekan. Bugun safarga otlandik. Tо‘kin qish hammayoqqa oqliklarini birday baxam kо‘rgan, atrof, daraxtlar sohira tushdek harir libosga burkangan. Bir qaraganda, butun olam oppoq tush kо‘rayotgandek, tasavvur uyg‘otadi odamda. Shunday kunda farishtamonand, yuragi va yо‘llari oppoq insonlar bilan uchrashganim xotiramda bir umr qolishini hali bilmasdim.
Bizni xonadon egalari, dugonamning ota-onasi, opa-singillari ochiq chehralik bilan qarshi olishdi. Dugonam hammaga tayinlagan shekilli, qizlar yelib-yugurib xizmatga kirishib ketdi. Dasturxon yasatilgan uyga kirganimizda, tinmay hol-ahvolimni, uydagilarni sо‘rab-surishtirayotgan, qizlariga yumush buyurib, meni bemalol, behijolat о‘tirishga taklif etayotgan dugonamning oyisi Mehri opaning xushmuomalaligidan о‘zimni о‘z uyimdagidek seza boshladim. Bir oz vaqt о‘tib, kо‘ylak-lozim kiyib, boshiga qalin rо‘molni allambalo qilib tang‘ib olgan dugonam kirib kelganda, uni dabdurustdan taniy olmadim. Doim shim kiyib, pason bshlib yuradigan о‘rtog‘im, bir yumalab uy bekasiga aylanib qolgandek edi. U yuzimdagi hayronlikni sezib,
– Ha, «Ming bir kecha»dagi Parizodni kо‘rgandek tikilasan, yoki bir pasda og‘zi-burnim qiyshayib qolibdimi?– dedi odaticha sharaqlab kulib.
– Yо‘q nega endi, – dedim men ham yelkasiga kaft tashlab. – Shunchaki qanaqa odamyutar baliq kirib kelayapti ekan, debman-da, – dedim. Birgalashib kulib yubordik.
Kechki payt Shahnozning onasi, opa-singillari, yana buvisi Sarvixon aya bilan birga о‘tirib tamaddi qildik. Ulardagi kinoya va hazil-mutoyibaga moyil suhbatdan tun yarimlab qolganini bilmay qoldim. Ayniqsa, Sarvixon ayaning goh qochirimli, gohi istehzoli gaplari, diydani qotirmaydigan, kо‘ngilga botmaydigan hazillarini eshitib kulaverib, charchab qolibmiz. Nabira qizlar ham enasini (buvisini) gap kelganda ayab о‘tirmas, yengil hazil-huzullari bilan bir «chimdim» olaverardi. Men bо‘lsa hozir Sarvixon aya xafa bо‘lib qolsalar-a, degan xavotirda qolsam, bir oz tumshayib о‘tirgan aya birdan munosib javob qaytarib, bir yо‘la gap bilan qizlarni «mot» qilardi. Gurros kulib yuborgan qizlarga qarab, «Ha kо‘pyashugurlar-a, enangni ustidan kulinglar-a, kulinglar. Menam edim sendek, sen ham bо‘larsan mendek, shoshmay tur, xali» deya tanbeh bergan bо‘lar, keyin hamon uzun solingan kо‘rpa ustida qiyqirib xonani boshiga kо‘tarayotgan qizlarga qо‘shilib о‘zlari ham kulib yuborardilar. Ayadagi о‘ziga xos shaxd, sо‘zga burrolik nuroniy qiyofasiga yanada fayz bag‘ishlar, bu chechanlik, bu dadillik ortida qandaydir beozorlik, shikastalik bor edi gо‘yo. Men buni keyin angladim.
Ertasi ham shunday о‘tdi. Kam emas, kо‘p emas oilada beshta qiz bо‘lgan opa-singillar birdan uy yumushlarga kirishib ketar, qish bо‘lsa ham hammaning о‘z ishi bor edi bu uyda. Dam olish kuni bо‘lgani uchun Shaxnozning opasi ham ta’tilga kelgan, qolgan uch qiz ham uyda, biri tikuvchi, biri tо‘quvchi bari onasiga yordamchi ekan. Uy sohibi ertalab tong otmasdan ishga ketar, Mehri opa esa qizlari bilan о‘tin yorar, tezak qilar, boshqalari osh-ovqatga, supir-sidirga qarardi. Xullas, tongdan to shomgacha har kim о‘z yumushini qilar, lekin birov nolimas, bu qizning ishimas deyishmas, oilada о‘g‘il bolaning yо‘qligini sezdirishmas, chamasi qizlar bu borada otalarining kо‘ngliga qarashardi. Sarvixon aya esa kun iliganda hovliga chiqib, qо‘llarini orqaga qilgancha asta odim tashlab, nabiralarining ishini kuzatib yurardi. Maxsi-kalishda yuradigan, uzun kо‘ylaklari ustidan qavilgan chopon kiygan ayaning yoshi yetmishlardan oshgan, lekin qaddi raso, tik yurar, о‘smadan suv ichgan kо‘kimtir chimirilgan qoshlari о‘ziga yanayam xusn bag‘ishlardi.
Aya ham bir gapirib о‘n kulgan nabiralarga bas kelib xorimas, ularga qarab zavqlanar, bir qaraganda bu xonadon shodlik va quvonch gо‘shasi edi. Shu bilan peshin bо‘ldi. Ayaning kayfiyati chog‘, hammani bir-bir alqab, dasturxon oldiga yig‘ilishganda uy derazasidan darvozaning ochilib, kimningdir bо‘ylagani va ichkariga kirib kelgani kо‘rindi. Begona odamning indamay tomorqaga о‘tib ketganlanligini kо‘rib, Shaxnozga qaradim, u esa tuzlama bodringni ishtaxa bilan «g‘arch»etib tishlarkan:
– Hayron bо‘lma, bu о‘zimizning buva. Shundaymi ena? – dedi buvisiga kо‘z qisib. Ayaning birdan rangi о‘zgardi. Yeyayotgani tomog‘ida qoldi. Qizlar esa “piq” etib kulib qо‘yishdi. Katta qiz Shohista:
– Ha, ena uyalmang endi, bо‘ldi-da, – desa, о‘rtancha qiz Robiya:
– Enaginam-yey, muhabbat yosh tanlamaydi, deganlari shu ekan-da, – deya pishang qildi. Kenjatoy nabira Umida esa Sarvixon ayani oldiga borib, ularni achomlab oldi va:
– Tegasizmi, a ena, shu buvaga tegasizmi? – deya erkalana boshladi. Shu fursat ayaning tik qomati egilgandek, kо‘zlariga ichiga botib ketgandek tuyuldi menga. Boyagina nur balqigan yuzlari sarg‘imtir tus olib, nabiralariga:
– Bо‘ldi, bas qilinglar, hazil ham evi bilan, bor Robiya senam bо‘ynimga osilmay, bо‘yning о‘sgur. Qiz bola degani bunaqa beparda, benomus gapni aytmay, iloyo erga tegib ketgurlar. Ishqilib, senlarni kuyovlar talashib olib ketishsinlar-da, mengina qolgur ham tinchib qolay, – dedi yuziga fotixa tortib. Keyin etagiga tushgan non uvoqlarini dasturxonning bir chetiga uyub qо‘ydi-da. sandalli xonasi sari asta yurib ketdi. Men esa:
– Shaxnoz, endi bunisi oshib ketmadimi? – dedim ayaning ortidan qarab qolarkanman. U esa qо‘lini sochiqqa artib:
– Nima oshib ketmadimi, hazilmi? Ey qо‘yaver, enam kо‘nikib ketgan. Bizning bundan battar gaplarimizni ham kо‘taradi. Xafa bо‘lmaydi, ol ovqating toboqda qolmasin, – dedi pinak buzmay. Men bо‘lsam, ayaga bu gaplar og‘ir botdimikan, degan о‘yda qoldim.
Chindan ham qolgan ikki kunda nabira qizlar ayaga shu mavzuda yana ancha piching, kinoyalar qildi, lekin har safar aya jiddiy qiyofada ularni jerkib tashlar, yana ham qizig‘i aya uydan endi deyarli chiqmay qо‘ygandilar. Tahorat vajidan hovliga chiqsa-da, ayaning atrofga sezdirmay kо‘z qirini tashlab olganligini, hech kimsa yо‘qligini bilgach, kavushini ilib, asta ovoz chiqarmay yurib, uyning orqa tomoniga о‘tib ketganligini kо‘rib qolardim. Hovlida asta ishini qilib yuradigan boyagi odamga duch kelib qolsalar yuzini burar, nazarimda aya bu keksa odamni yoqtirmasdi. Shunday paytlari ularga chindan-da rahmim kelib, dugonamga:
– Shaxnoz, hech bо‘lmasa sen qо‘ysangchi, uyat emasmi? Buving meni oldimda ham hijolat tortayaptilar. Shu yoshida ularga bunday gapni qanday ravo kо‘rasizlar, – desam u:
– Voy tavba-yey, axir biz hazillashamiz-u, nima sen rostan deb о‘ylayapsanmi? Nima shu qari, soqoli takanikidek buvaga enamni berarmidim, hechamda. Bu shunchaki hazil, tushundingmi, – dedi yertо‘ladan olib chiqqan olma-uzumlarni sopol idishga solarkan.
– О‘zi nega bu kap-katta odam sizlarnikida yuradi, – dedi hayronligimni yashirmay.
– Shunchaki, qо‘shni tumanlik yolg‘iz qariya ekan, deya dadam rahmi kelib, boshlab kelaveribdilar. Ora-sira uylariga borib kelishlarini aytmaganda, doim shu yerda. Uy yumushlariga qarashib, dadamga sherik bо‘lib yuradi. Beziyon, kapgap odam. Birovga botinib qaraganini eslolmayman. Biz qizlar enamning qitig‘-patiga tegish uchun ataylab aytamiz-da. Enam esa shuncha gapimizga chidaydilar-u, shu gapga qolganda negadir qovoq-tumshuq qilib, uyga qamalib oladilar. Haliyam dadam bilan onamga aytib bermaydi. Lekin biz ham tilimizni tiyay demaymiz-da, nima qilaylik qitimirlik qilmasak turolmaymiz, – dedi u kulib.
Dilimdagi hijilim bari bir tarqamadi. Ketar kunim Sarvixon ayaning oldiga kirdim. Aya deraza oldida oyoqlariga yumshoq kо‘rpalarni tashlab paxta chigitlar, shu turishida nimanidir sekin xirgoyi qilardi.
Bir tup rayhon,
Soyasi yо‘q demanglar.
Yolg‘iz boshim
Yorsiz qoldi demanglar.
U ketgani yо‘q
Kо‘nglim ketdi yor-yor.
Unga qо‘shilib,
Jonim ketdi yor-yor...
Ostonada bir lahza turib qoldim. Bu shirali ovoz, bu dard sehri meni chirmab olgan, atrofidagilarni kulib-kuldirib umri о‘tayotgan ayolning g‘amgusorligi faqat mana shunday yolg‘izligida ayon bо‘lishini angladim. Bir kо‘nglim chiqib ketay ham dedim, ammo aya meni kirganimni payqab qoldilar va tizzalaridagi kо‘rpani olib:
– Kel qarog‘im, kiraver, – dedi menga joy hozirlab. Men о‘tgan uch kun ichida deyarli bemalol gaplashib qolgan, ochiqchehra, shaddot bu onaxonning oldida birinchi marta hijolat torta boshladim. Ismunchoqning isi kelib turgan xona chog‘roq, ozoda va yorug‘ edi. Tо‘rda devorga ilingan gilam tepasida suratlarda ayaning gо‘zal yoshligi, kelinligi akslangandi. Nim tabassum bilan boqib turgan odam ayaning turmush о‘rtog‘i shekilli, bu rasm tо‘rda qо‘r tо‘kib turardi. Aya jim turganimni kо‘rib, о‘zlari gap boshladi.
– Ketaman deyapsanmi? Qolsang bо‘lardi, hademay о‘qish boshlanadi, Shaxnaz bilan birga ketardinglar, – dedi paxta chigitlashdan tо‘xtamay. Men ham bir uyum paxtani oldimga olib, chigitidan ajratarkanman:
– Boraqolay, hali о‘qishga tayyorgarlik kо‘rishim kerak, rahmat shuncha yurdim. Ochig‘i rosa maza qildim. Qizlaringiz bilan shunday ahil, huddi opa-singildek bо‘lib ketdiki, – dedimu tо‘xtab qoldim. Nabiralari haqida gap ketganida ayaning yuziga kulgu inardi. Hozir ham shunday bо‘ldi.
– Ha, baxti tо‘kus bо‘lgurlar. Sen ularni maynavozchiliklariga kо‘pam ishonaverma. Bu qaqajonlar gapiraveradi. Aytganining ichida о‘ntasidan tо‘qqiztasi rost bо‘lsa qani. Enam indamaydi, deyishadi-da. Nima ham derdim. Nechi kunlik umrim bor, xudoga ayon. Ertaga ketsam orqamdan uvvilab yig‘laydigan shular. Hozir otasining uyida, enasining bag‘rida kulib yuraverishsin, – dedi bir oz ishdan tо‘xtab. Sо‘ng gilamdagi boyagi odamning suratiga tikilib, “uh” tortdi.
– Cholim rahmatlik ham shularni kо‘ngliga qarardi. Bular mening Momohavom, deb suyardi. Menga ham shuni tayinlardi. Nima qilay, bir tup rayhon bо‘lib qoldim-da. Kо‘p yashamagan bо‘lsa-da, kо‘pga yetgulik yaxshi ishlarni qildi. Kolxozda ishladi, odamlarni koriga yaradi. Birovning haqqidan xazar qilib, yetim-yesirlarning boshini silab о‘tdi. Brigadir edi-da, gо‘ri nurga tо‘lgur. Qiyin zamonlar edi. Uyimizda kolxozning sholisi, bug‘doy bо‘lardi. Cholim tushmagur, undan qо‘ni-qо‘shning, dardmandlarning haqqi bor, deya ajratib qо‘yardi. Eshigimizga kelganlarni rozi qilib jо‘natardi. Menga “kaftingni keng och, sahiy bо‘l, О‘zi beradi” derdi doim. Bechora erta tashlab ketganini aytmaganda, mayizdayin odam edi rahmatlik, – dedi allaqanday miskinlik bilan. Rо‘molining uchi bilan mijjalarini artib qо‘yganidan ayaning kipriklari namlanganini payqadim. Yana о‘tirish, gap aytish nojoiz ekanligini bilib, bahona bilan tashqariga yо‘naldim.
Oradan qancha yillar о‘tdi. Har safar Sirdaryoga yо‘lim tushsa, dugonam aytmoqchi odamyutar baliqlarni yeb, mazaxо‘rlik qilganimizni emas, balki Sarvixon ayaning insonga xos oriyati, halolligi, g‘ururi yodimga tushadi. Ularning nafaqat oilasidagi besh qizga, balki insoniyatga о‘rnak bо‘lgulik fazilati haqida о‘ylarkanman, shunday viqor bilan begona kishining ismidan ham tortingan, nomusli, xayoli, yillar о‘tsada, о‘z kо‘ngliga, yoriga sadoqatli о‘zbek ayolini entikib eslayman...
Nargiza ASADOVA