BIR LAHZADA — BIR INSON TAQDIRI
Хurshida Gʻulomjon qizi
Yo‘l-transport hodisalari bugun faqatgina statistik ko‘rsatkich emas, balki jamiyatning og‘riqli nuqtasiga aylanib bormoqda. Ayniqsa, piyodalar ishtirokidagi baxtsiz hodisalar yildan-yilga kamayish o‘rniga, ayrim holatlarda ortib borayotgani tashvishli. Yo‘l — shoshilish joyi emas. Yo‘l — hayot sinovidan o‘tadigan makon. Har kuni minglab insonlar ishga, o‘qishga, uyga shoshadi. Ammo shu shoshilish orasida eng qimmat ne’mat hayot boy berilishi mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yo‘lda halok bo‘layotganlarning aksariyati aynan piyodalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu raqamlar ortida esa parchalangan taqdirlar, yarim qolgan orzular, oilasiga qaytmagan ota-onalar bor.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatimizda yo‘l-transport hodisalari oqibatida 2024-yilda 57 nafar inson halok bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda ushbu ko‘rsatkich
47 nafarni tashkil etadi. Raqamlar hisobiga ko‘ra, 10 nafarga kamayish qayd etilgan bo‘lsa-da, har bir raqam ortida vayron bo‘lgan taqdir, og‘ir yo‘qotish va beqiyos dard turganini unutmaslik kerak. Zero, 47 nafar insonning hayotdan ketishi 47 ta oila uchun tuzalmas jarohat, ayriliq demakdir.
Shu bilan birga transport vositalarini qonunbuzarlik yo‘li bilan olib qochish holatlari ham xavotirli. Xususan, 2024-yilda 3 ta, 2025-yilda esa 5 ta avtomobil noqonuniy tarzda olib qochilgan. Bunday holatlarda inson hayoti va taqdiriga tajovuz qilinmasligiga kim kafolat bera oladi? Qonunbuzarning bir lahzalik jinoiy harakati qanchadan-qancha inson taqdirini izdan chiqarishi mumkin.
Statistika yana bir og‘ir haqiqatni ochib beradi: 2024-yilda 122 ta, 2025-yilda esa 115 ta yo‘l-transport hodisasida insonlar hayoti saqlab qolingan. Biroq bu hodisalarning ko‘pchiligi jabrlanuvchilarning umrbod nogiron bo‘lib qolishi, mehnat qobiliyatini yo‘qotishi kabi oqibatlarga olib kelgan. Bu esa faqat bir insonning emas, balki butun oilaning ijtimoiy va iqtisodiy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Nogironligi bor insonga doimiy qarash zarurati oila a’zolarining ish joyidan voz kechishi, daromad manbalari qisqarishiga olib keladi.
Eng achinarlisi, yo‘l-transport hodisasini sodir etgan shaxs umrbod jabrlanuvchi yoki uning oilasi taqdiri uchun mas’ul bo‘lib qolmaydi. Oqibatda esa barcha yuk yana jamiyat va oila zimmasiga tushadi. Shu bois yo‘l harakati qoidalariga rioya etish, ayniqsa, piyodalar xavfsizligini ta’minlash masalasi har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Viloyatimizda 20-yanvardan 20-fevralga qadar o‘tkazilayotgan “Diqqat, piyoda!” oyligi aynan shu haqda o‘ylashga chorlaydi. Bu tadbir faqat nazorat va jarimaga qaratilgan aksiya emas, balki jamiyat ongini o‘zgartirishga qaratilgan muhim jarayondir.
Ya’ni, bir qadam oldidan to‘xtash, bir soniya atrofga qarash, bir lahza sabr qilish balki kimningdir hayotini saqlab qolishi mumkin. Nima uchun piyoda yo‘lda eng himoyasiz ishtirokchiga aylandi? Sabablar ko‘p. Ayrim piyodalar tomonidan harakat qoidalariga beparvolik bilan yondashish, telefon va quloqchin orqali tashqi muhitdan uzilish, belgilanmagan joylarda yo‘ldan o‘tish holatlari ham uchraydi. Ayrim haydovchilarning tezlikni oshirishi, piyodalar o‘tish joylarida ham avtoulovni to‘xtatmasligi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.
Yo‘l qoidalariga amal qilish faqat jarimadan qochish emas, bu o‘zingiz va yaqinlaringizni asrashdir. Achinarlisi shundaki, yo‘ldagi har bir fojeadan so‘ng bir muddat xulosa chiqariladi, ammo vaqt o‘tib, o‘sha xato yana takrorlanadi. Demak, muammo faqat qoida bilmaslikda emas, balki yo‘l madaniyatining yetishmasligidadir.
Afsuski, bugungi kunda telefonga termulgan holda yo‘ldan o‘tish, belgilanmagan joydan kesib o‘tish bu xavf bilan o‘ynashishdir.
Haydovchilar unutmasinlarki, rul ortidagi har bir qaroringiz ortida tirik inson bor. Yo‘l chetida turgan bola — kelajak, yo‘ldan o‘tayotgan ona — bir oilaning tayanchi, keksa piyoda — bir avlod xotirasi.
Davom etayotgan bu oylik — tekshiruv uchun emas, insof uchun. Bu chaqiriq — qo‘rqitish uchun emas, uyg‘otish uchun. Keling, yo‘llarda faqat iz qoldirmaylik, hayotni asraylik. Diqqatli bo‘laylik. Piyodaga yo‘l beraylik.
Chunki yo‘ldagi qilingan xatoni hayot kechirmasligi mumkin.
Хurshida Gʻulomjon qizi