BEKOBOD TOMONLARDAN GURUNGLASHAMIZ

BEKOBOD TOMONLARDAN GURUNGLASHAMIZ

11 may 2024

Bolaligim bobomlarni hovlisida o‘tgan. Universitetni tamomlab, soham bo‘yicha ish boshlaganimdan so‘ng taʼtil vaqtida ulardan xabar olgani borib turar edim.

Har safar qishloqqa borganimda bobom: “Yigit kishi o‘ttizga kirganida yonida o‘tin teradigan o‘g‘li bo‘lishi kerak. Nega hali ham uylanmay yuribsan”, deb ko‘p dakki berardi. Rostini aytsam, bobomni bu gapiga unchalik ham eʼtibor bermas edim.  

Oradan yillar o‘tdi. Kasbim taqozosi bilan turli soha vakillari bilan bo‘lgan muloqotlarim jarayonlarida esa bobomning ko‘p nasihatlari o‘rinli ekanini tushunib borayotgandayman...

16 yoshida sportning kikboksing turi bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. Shuningdek, shu kungacha qator Jahon kubogi va Osiyo chempionatlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Ismoil Boboyev bo‘lgan suhbat esa menga ko‘p xulosalar berdi.

Ismoil uch nafar pahlavonning otasi. Katta farzandi 15 yoshda. Kikboksing bo‘yicha 2 karra O‘zbekiston chempioni. Ikkinchi o‘g‘li 10 yoshda. Hozircha bir marta O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. Kichik o‘g‘li hali yosh, tetapoya qilib yuradi.

Suhbatdoshimiz Ismoil Boboyev Bekobod tumani “Paxtakor” mahallasi yoshlar yetakchisi. Hozir u 35 yoshda. 30 yoshida yonida o‘tinni maydalab kabob pishiradigan, maydonda raqibini tizzaga tushiradigan o‘g‘li borligi unga faxr bag‘ishlagan.

U bilan gurungimiz yetakchilik faoliyati haqida bo‘ldi.

—  2023-yil 11-aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etishga bag‘ishlangan yig‘ilishda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar “yashil”, “sariq” va “ahvoli og‘ir”, “qizil” toifalarga ajratilgan edi. Xo‘sh, bu borada mahallangizda qanday ishlar amalga oshirildi?

—  O‘tgan yili mahallamizda yoshlar bilan individual ishlash tizimini joriy etish uchun 14–30 yoshdagi 401 nafar yosh faoliyati tahlil qilindi. Ular uch toifaga ajratilib, tarbiyasi og‘ir va alohida ishlash zarur bo‘lgan yoshlar turli darajadagi tashkilot-muassasalar rahbarlariga individual biriktirildi. Natijada yordam ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan 14 nafar o‘g‘il-qizning barchasiga amaliy ko‘mak berildi.

— Yoshlarning rahbarlarga biriktirilishi, bandligini taʼminlash, ijtimoiy himoyaga muhtojlarini qo‘llab-quvvatlash, murojaatlarini alohida nazoratga olish borasidagi chora-tadbirlar ijobiy natija bermoqda.

 Jumladan, mahallamizdagi yordamga muhtoj yoshlarning 8 nafariga kontrakt pullarining 50 foizi to‘lab berildi, 2 nafari harbiy xizmatga yuborildi, 4 nafariga subsidiya asosida asbob uskuna olib berildi, 2 nafariga tikuv mashina (overlok), 2 nafariga inkubator apparati, 2 nafariga payvandlash apparati, shuningdek, 3 nafar yoshlarning davolanishi uchun moddiy ko‘mak ko‘rsatildi. 

Bundan tashqari, oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan 8 nafar yoshni chorvachilik bilan shug‘ullanishlari uchun amaliy yordam berildi. Ularning hozirgi paytdagi bir oylik daromadi 10 million so‘mni tashkil etmoqda.

Nodira Rahimberdiyevaga uy hamshiralik faoliyatini qo‘lga qo‘yishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan edi. Unga hamshiralik qilishi uchun xona ajratilishida amaliy yordam berildi. U hozirgi kunda 6 ta ish o‘rni tashkil etib, tengqurlarini ish bilan ham taʼminladi. Hozirgi kunda Nodira bir oyda 3 million so‘mga yaqin daromad topmoqda. 

—  Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, qo‘shimcha til o‘rganishiga ko‘maklashish, kasbga o‘qitish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Bekobod tumanidagi “Yuksalish” nodavlat taʼlim muassisi bilan hamkorlikda 8 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarini ingliz tili va rus tiliga bepul o‘qitilmoqda. Shuningdek, 5 nafar yoshlarning 3 nafari tikuvchilikka, 2 nafari hamshiralik bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitilib, ish bilan taʼminlandi.

Shuningdek, “Mutolaa” loyihasi bo‘yicha ham mahallamizdagi yoshlar orasida targ‘ibot tashviqot ishlari olib borilmoqda. Jumladan, shu kunlarda mazkur loyihadan ro‘yxatdan o‘tgan mahallamiz yoshlar soni 200 nafardan oshdi. Shuningdek, "Ibrat farzandlari" loyihasi orqali ham 300 nafarga yaqin mahalla yoshlari bepul til o‘rganmoqda.

—  Davlatimiz rahbarining joriy yil 5-apreldagi qaroriga asosan dehqonchilik qilish istagi bo‘lgan yoshlar yer maydonlari ajratib berilmoqda. Bu borada mahallangizdagi amaliy ishlar qanday tashkil etilmoqda?

—Bugungi kunda yoshlarning bandligini taʼminlash maqsadida amalga oshirilayotgan turli loyihalar, istiqbolli rejalar o‘z samarasini bermoqda.

Xususan, bizni mahallamizda ham dehqonchilik qilish istagida bo‘lgan 64 nafar yoshlarning ro‘yxati shakllantirilib, dehqon xo‘jaligini yuritish uchun suvli joylardan yer maydonlari berildi.

Migratsiyaga ketgan 10 nafar yoshlardan 4 nafari qaytarilib, bandligi taʼminlandi. “Og‘ir” toifadagi jami 14 nafar yoshlarga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. 

 Bugungi kunda mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ulug‘ maqsadga erishish yo‘lida yoshlarga eʼtibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularga barcha sohalarda o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Men ham mahalladagi yoshlar yetakchisi sifatida bizlarga berilgan imkoniyatdan unumli foydalangan holda bildirgan ishonchni oqlaymiz.   

Elbek Shoyimov suhbatlashdi.     



Report Page