BEGONA ODAMNI DOIMIY RO‘YXATDAN CHIQARISHDA UNING ROZILIGI SHART EMAS
Keyingi yillarda mamlakatimizda mulk huquqi daxlsizligini ishonchli himoya qilish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, xususiy mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqini bevosita yoki bilvosita cheklashni nazarda tutuvchi mavjud qoidalar, talab va cheklovlar bekor qilinmoqda.
2024-yil 5-yanvarda Vazirlar Mahkamasining «Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga ko‘ra, turarjoyga nisbatan mulkiy huquqlarga yoki turarjoy mulkdori bilan qarindoshlik aloqalariga ega bo‘lmagan shaxslarni ushbu turarjoydan doimiy ro‘yxatdan chiqarish uchun ularning roziligini olish bekor qilindi. Ushbu shaxslarning uy-joydan foydalanish huquqi sud tomonidan belgilangan holatlar yoki taraflar o‘rtasida boshqacha kelishuv mavjud bo‘lgan holatlar bundan mustasno.
Begona odamni uyingizdan doimiy ro‘yxatdan chiqarish uchun ichki ishlar organlari migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga ariza bilan murojaat qilishingiz lozim.