BA’ZI GUMONLAR GUNOHDIR
@Muslim_podcast_uzEy, iymon keltirganlar! Ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki ba’zi gumonlar gunohdir. Josuslik qilmanglar. Ba’zilaringiz ba’zilaringizni g‘iybat qilmanglar. Sizlardan birortalaringiz o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘rurmi? Ha, yomon ko‘rasizlar. Allohdan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh tavbani ko‘p qabul qiluvchi va rahmlidir.
«Hujurot» surasining avvalidan buyon Alloh taolo shu yerda O‘zining mo‘min bandalariga beshinchi marta
«Ey iymon keltirganlar!» deb murojaat qilmoqda va ular uchun juda muhim bo‘lgan yana bir qancha masalalarni bayon qilmoqda.
Ushbu oyatda Alloh taolo mo‘min-musulmon bandalarini bir necha yomon sifatlardan, axloqiy kasalliklardan, halokatga eltuvchi dardlardan qaytarmoqda.
Ulardan birinchisi:
«Ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki ba’zi gumonlar gunohdir».
Gunohga olib boruvchi illatlardan biri – badgumonlikdir. Badgumonlik kishilar haqida bo‘lar-bo‘lmasga yomon shubhalar qilish, ularga nisbatan tuhmat va hadik ma’nosida fikr yuritishdir. Odatda, bunday gumonlarning ko‘pi asossiz, behuda bo‘ladi. Shu boisdan ham: «...ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar», deyilyapti.
O‘tgan ulamolardan az-Zajjoj rahmatullohi alayhi: «Badgumonlik – yaxshi kishilar haqida yomon gumon qilishlikdir. Ammo, ahli fisq bo‘lsa, undan nima fisoqlik zohir bo‘lgan esa shuni gumon qilishga haqqimiz bor», deganlar.
O‘ylab ko‘rilsa, o‘zaro nizolar va kelishmovchiliklar ko‘proq bir-biridan yomon gumonda bo‘lishdan ham kelib chiqadi. Yomon gumondan chetda bo‘lish uchun doimo kishilar haqida yaxshi gumonda bo‘lish, ular haqida yetgan xabarlarni yaxshilikka yo‘yish kerak.
Bu haqida Hazrati Umar roziyallohu anhu: «Agar yaxshilikka burishning birorta yo‘li bo‘lsa ham, mo‘min birodaringdan chiqqan so‘z haqida faqat yaxshi gumon qil», degan ekanlar.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Zinhor va zinhor badgumon bo‘lmanglar, chunki badgumonlik so‘zning eng yolg‘onidir», deganlar. Boshqa bir hadisda esa: «Gar odamlarning aybini axtaradigan bo‘lsang, ularni buzasan», degan ekanlar.
Xususan, ish boshida turgan rahbarlar bu narsada ehtiyot bo‘lishlari lozimligi imom Abu Dovud Abu Umomadan rivoyat qilgan hadisda yaqqol ko‘rinadi. Bu hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Agar amir odamlardan ayb axtaravetsa, ularni buzadi», deganlar.
Ma’lumki, kimning o‘yiga badgumonlik o‘rnashsa, u odam o‘sha gumonini tasdiqlash uchun hujjat va dalil qidira boshlaydi. Natijada, gumon ostidagi odamning o‘ziga bildirmasdan, aybini axtarishga tushadi. Buni esa «josuslik» deydilar. Shuning uchun ham biz o‘rganayotgan oyati karimada gumondan chetlanishga amr qilingandan so‘ng,
«josuslik qilmanglar», deb bu qabih ishdan qaytarilmoqda.
Odatda, «josuslik» deb birovga yomonlik yetkazish niyatida ayblarini va zaif joylarini o‘ziga bildirmay, yashirincha axtarishga aytiladi. Bu ish ham katta gunohlardandir. Chin musulmon kishining qalbi bu kabi jirkanch odatlardan pok bo‘lmog‘i zarur. Boz ustiga, bu ish islom dinining asosiy g‘oyalaridan biri bo‘lmish insonning karomati, hurmati, izzati va obro‘yini himoya qilish masalasiga chambarchas bog‘liqdir.
Islom mazkur huquqlarning muqaddasligini e’tirof etadi, ularning hech bir holda paymol bo‘lmasligining chorasini ko‘radi. Islom jamiyatida insonlarning jonlari, molu mulklari, uy-joylari omonlikda, sir-asrorlariyu yashirin narsalari bexatar bo‘lishi zarur. Gumon qilishga, shubhalanishga va poylashga hech kimning haqqi yo‘q.
Badgumonlik josuslikka yo‘l ochishini aytib o‘tgan edik. Endi, josuslik g‘iybatga yo‘l ochishini aytmoqchimiz. Shuning uchun ham oyati karimada, «josuslik qilmanglar»dan keyin, «Ba’zilaringiz ba’zilaringizni g‘iybat qilmanglar» deb uqtiriladi.
G‘iybat nima ekanligini eng ulug‘ tafsirchi Payg‘ambarimiz alayhissalomning o‘zlaridan eshitaylik.
Imom Abu Dovud Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u zoti bobarakotdan kishilar:
«Ey Allohning Rasuli, g‘iybat nima?» deb so‘rashibdi. Rasuli akram alayhissolatu vassalom:
«Birodaringni o‘ziga yoqmagan narsa bilan eslashing», debdilar. Shunda:
«Birodarimda men aytgan narsa bo‘lsa-chi, bunga nima deysiz?» deyishibdi. Payg‘ambarimiz alayhissalom:
«Agar aytganing unda bo‘lsa, g‘iybat qilgan bo‘lasan, ammo bo‘lmasa, bo‘hton qilgan bo‘lasan», deb javob qilgan ekanlar.
G‘iybatning harom ekani, gunohi kabiralardan ekanligini hamma ulamolar bir ovozdan ta’kidlaganlar. Bu ish naqadar qabih va naqadar yomon ekanligi oyati karimaning o‘zida ham ajoyib uslub ila bayon qilinmoqda:
«Sizlardan birortalaringiz o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘radimi?»
Qur’oni Karim birovni g‘iybat qilishni o‘sha shaxsning o‘lgandan keyin go‘shtini yeyish bilan barobar qilmoqda. Ma’lumki, odamning go‘shtini yeyish mumkin emas, o‘lgandan keyin esa aslo xayolga ham keltirib bo‘lmaydigan ish. Shuning uchun yuqoridagi «yaxshi ko‘rasizmi?» degan savolga hech kim, «ha» deb javob bera olmaydi.
Shu boisdan, oyatning o‘zi,
«ha, yomon ko‘rasiz» deb ta’kidlamoqda.
O‘likning go‘shtini tanovul qilishni ko‘nglingiz qandoq ko‘tarmasa, birovni g‘iybat qilishni ham shundoq ko‘tarmasin, demoqda.
Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘z hadislaridan birida: «Ey tili bilan iymon keltirib, dilida iymon keltirmaganlar, musulmonlarni g‘iybat qilmang va ularning kamchiliklarini qidirmang. Kimki, ularning kamchiligini qidirsa, Alloh taolo o‘sha odamning kamchiligini qidiradi. Alloh kimningki, kamchiligini qidirsa, uni uyidan sharmanda qilgan holatda chiqaradi», deganlar.
Oxiratda ham g‘iybatchilar jazosiz qolmaydilar. Rasuli Akram alayhissolatu vassalom: «Me’rojga chiqqanimda misdan bo‘lgan tirnoqlar bilan yuzlariyu ko‘kslarini tirnayotgan bir qavmning oldidan o‘tdim. Men: «Ey Jabroil, ular kim?» deb so‘radim. U: «Bular u dunyoda odamlarning go‘shtini yeb, obro‘larini to‘kkanlar», deb javob berdi», deya ko‘rganlarini hikoya qilib berganlar.
Oyatning oxirida Alloh taolo mo‘minlarning barchasini, xususan, yuqorida zikr qilingan gunohlarni qilganlarni Allohdan qo‘rqishga da’vat qilib,
«Allohdan qo‘rqinglar», deydi.
Shu bilan birga, avval bilmay gunoh sodir etilgan bo‘lsa, tavba qilib gunohini yuvish mumkinligini eslatib, Allohning fazli karamidan noumid bo‘lmaslikka chaqiradi:
«Albatta, Alloh tavbani ko‘p qabul qiluvchi va rahmlidir».
Har qanday gunohdan qay tarzda tavba qilinsa, mazkur gunohlardan tavba qilishda ham o‘shanday holat, ya’ni o‘tgan ishga qattiq afsus qilib, dilidan nadomat chekib, ikkinchi bor bu ishni qilmaslikka ahd qilish va ahdiga vafo qilish bilan vujudga keladi. Ammo, g‘iybatchining tavbasi bu bilan tugamaydi. Ulamolar uning tavbasi to‘liq bo‘lishi uchun yana bir muhim shart qo‘yishgan. U ham bo‘lsa, qayerda, qaysi majlisda g‘iybat qilgan bo‘lsa, o‘sha yerda, o‘sha majlisda g‘iybat qilingan kishi haqida yaxshi gaplarni gapirishi kerak.
Mo‘min-musulmonlar g‘iybatdan chetlanibgina qolmasdan, boshqa g‘iybatchilarning og‘ziga urib, g‘iybatga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilishlari matlubdir.
Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar alayhissalom: «Kimki, bir mo‘minni g‘iybatchi munofiqdan himoya qilsa, qiyomat kuni Alloh taolo uning go‘shtini do‘zax otashidan himoya qiluvchi farishta yuboradi. Kimki, bir mo‘minni so‘kmoqchi bo‘lib, uni g‘iybat qilsa, Alloh taolo uni gapidan qaytmagunicha jahannam ko‘prigi ustida ushlab turadi», deganlar.
Ko‘rib turganimiz oyatlarda mo‘minlarga nido qilinib, ular turli yomonliklardan saqlanishga, yuksak insoniy fazilatlarga ergashishga da’vat etilgan bo‘lsalar, kelasi oyatda Alloh taolo butun insoniyatga xitob qilib, hammaning asli bir ekanini eslatadi, barchani mo‘minlikka chorlaydi.