BAXT – OILANING NAQSHI

BAXT – OILANING NAQSHI


Payariq tumani «Ilg‘or» mahallasi profilaktika inspektori, katta leytenant Nurali Mirzayev 2020-yilda Buxoro davlat universitetini tamomlagandan so‘ng ilk xizmatini aholisi zich ushbu mahallada boshlagan. Lavhamiz qahramonining uch yillik xizmati davomida bu hududda birorta ham jinoyat sodir etilmagani e’tiborga molik.

– Yaqinda hokim yordamchisi bilan birgalikda Rossiyadan qaytib kelgan olti nafar migrantning har biriga 33 sotixdan yer topshirdik, – deydi profilaktika inspektori. – Yigitlar dalaga loviya ekishga qaror qilishdi. O‘z ishi bilan shug‘ullanish yoki biznes boshlash niyatida bo‘lganlarga motokultivator sotib olish va imtiyozli kreditlar olishda ham yordam ko‘rsatilmoqda. Umid qilamizki, bu ko‘mak yoshlarga oilasini tark etmaslik, o‘z yurtida ishlab pul topish imkonini beradi.

Jinoyatchilikni qanday bartaraf etgani haqida so‘raganimizda, inspektor «Hushyor fuqarolar profilaktika inspektorining eng yaxshi yordamchilaridir. Mahalliy aholi hamma narsani ko‘radi, eshitadi va sezadi. Qo‘shnilari haqida hamma ma’lumotga ega. Ular o‘z ko‘chalarida yurgan begona avtomobilning rangi va hatto davlat raqamini osongina eslab qolib, bizning ishimizda yordam berishadi. Va biror joyda janjal kelib chiqsa, shu zahotiyoq ogohlantirishadi.

Lekin hududda ma’muriy huquqbuzarliklar uchrab turadi. Amaliyot ko‘rsatishicha, aksariyat huquqbuzarliklar mast holatda sodir etiladi. Bu oilaviy nizolarga ham tegishli. Ko‘pincha ishlamaydigan fuqarolarni o‘g‘irlik va bezorilik uchun qo‘lga olamiz. Huquqbuzarlar bilan har doim gaplashishga va ularga xatti-harakatlarining ehtimoliy oqibatlarini tushuntirishga harakat qilamiz. Natija yomon emas. Odamlar so‘zimizni tinglaydi, mulohaza qiladi. Qishloq odamlari bir-birini taniydigan joy ekanini ham hisobga olishimiz kerak. Hech kim qishloqdoshlari orasida uyalib qolishni istamaydi», deya javob berdi.

Zamira BOLTAYEVA, 

o‘z muxbirimiz.

Samarqand viloyati.

Report Page