BAS QILING, EY, “MEHRI DARYO” ONALAR!

BAS QILING, EY, “MEHRI DARYO” ONALAR!


Bugun bir qiz, “Aka, ijara toʻlovi uchun pulim etmay qoldi. Yordam qilib tura olmaysizmi?” deb yozib qoldi. U qiz Yaponiyaga kelganida yigirma yosh edi. Hozir oʻttizga yaqinlashib qoldi. Oʻqidi, ishlayapti. Ijara toʻloviga puli yoʻq. Nimaga? Nafsi oʻpqon, “xarobadan chiqqan millioner” onasi sababli. Oʻsha ayolning yeyishga noni ham yoʻq edi. Bu qiz bechora ham oʻqib, ham ishlab, qishloqdagi uylarini ta’mirdan chiqardi. Oilasidagilarga mashina olib berdi. Bu orada oʻzidan oldin singillari erga tegib ketdi. Oʻzi haliyam turmushga chiqmagan. Singillariga eng zoʻr sarpolarni majburlab qildirishdi. Eng yomoni, hozirgi oddiy mashina uydagilariga yoqmay qolibdi. “Malibu” olarmishlar! Mana shu yergacha chidadi bechora qiz. Meni koʻrishi bilan oʻkirib yigʻlab yubordi. “Men-chi, men qachon turmush quraman? Nimaga ularning yallo qilib yurishi badaliga men xor boʻlishim kerak”, dedi! Rosa yuragim ezildi.

Shaxsan oʻzim bunga oʻxshagan taq­dir egalarining yuzdan oshigʻi bilan gaplashib koʻrganman. “Akangga mashina olishimiz kerak, ukangga dangʻillama toʻy qilishimiz kerak, opangning eri­ga falon qilishimiz kerak” kabi bema’ni “orzu”lar qurboni boʻlayotgan yoshlarni oʻz koʻzim bilan koʻrganman.

Ey, baraka topgurlar, sizni deb Yaponiya­da yurgan qizingiz toʻyib ovqatlan­mayapti. Toʻyib uxlamayapti, shunchaki sizlarning nafsingiz yoʻlida qurbon boʻlyapti. U-bu chiroyli joyda rasm tushgan boʻlsa, ishga ketayotib, yoʻlda tu­shib olgandir, bechora. Ortida turgan osmonoʻpar bino uning shaxsiy mulkimas. Yoʻltanlamas, qop-qora “Toyota” bilan rasmga tasodifan tushib qolgandir? U shoʻrlik kechasi-yu kunduzi – kuniga 25 soat ishlayapti. Tasavvur qilyapsizmi? Siz aymoqlaringiz bilan gap-gashtakda, toʻy-hashamda yurganingizda bu bechora uyqusizlikdan burni qonab, boshi aylanib, tirik murda boʻlib yuribdi. Bunaqa yurtdoshlarim juda koʻp. Bechoralarda shunchalik bosim kattaki, uydagilarini oʻylab, oila ham qurolmaydi. Gaplashsangiz, “Menga uy-puy kerakmas, hech narsa kerakmas, qaytmayman” deb siz tufayli yurtga araz urib, eldan bezib ketganlari ham bisyor.

Oʻv-v! Qizim – nomusim deydigan, jigar­qonimdan boʻlgan deb shigʻir toʻqib, nagʻma aytadigan xoʻjakoʻrsinchilar! Kuniga yuz dollar topar ekan deb, nafsingiz battar oʻpqon boʻlmasin. Kuniga shuncha topsa, odamga oʻxshab yashashi uchun 80 dollarini xarajat qilishi kerak. Ham ­oʻqish, ham kontrakt toʻlash, ham siz­larni boy qilib koʻrsatish – it azobi!

Keladigan yoshlarimizning deyarli hammasining boʻynida ana shu olaxurjun – oilaxurjun. Yemasa-yemaydi, sizning qorningizni oʻylaydi. “Endi Toshkentdan uy olishimiz kerak, qizim” deb qolishadi tilla baliq tutib olgan “baliqchilar”. Farzandingiz Toshkentdagi uynimas, oʻqi­shini, ishini oʻylashi kerak! Kallasi ishlashi uchun ­toʻyib ovqatlanishi kerak, ey baraka topgurlar! Namuncha bosim qilasizlar?

Bolangiz bosim qilmasangiz ham aka-ukasini, sizlarni oʻylaydi. Faqat vaqt bering, oyoqqa turib olsin, oʻzini eplab olsin, keyin oʻzi ulgurji yordam beradi hammangizga.

Bizning millatdan boshqasida koʻrmadim shunaqa nafsi hakalak otganlarni. Nepal, Hindiston, Vetnamdagilar bizdan qashshoq yashashadi. Ammo farzandlari­ni “yaxshi oʻqi” deb joʻnatishadi. Natijada ular katta-katta yutuqlarga erishishyapti. Bizning bechoralar boʻlsa, oʻzini mutaassiblarcha qurbon qilishadi. Boshqa farzandlaringiz uchun, toʻy-hashamingiz uchun, mahallada tilingiz bir qarich boʻlishi uchun bitta farzandingizni shunchaki qurbon qilib qoʻyaverasizmi?

Ishoning, Yaponiyada ham, boshqa davlatda ham oson pul topib boʻlmaydi. Boʻldi qiling, dangʻillama toʻy, dangʻillama uy, “yana-yana” deb, oʻz vasvasangizni bolaga ham yuqtirmang. Sizga onam xafa boʻlmasin deb aytolmaydi. Qiynalayotganini sizga koʻrsatgisi kelmaydi. Birdan nozik joyiga zarba berasiz: “Men sizlarni qiynalib tuqqanman, falon qilganman, piston qilganman”, deb! Qaysidir avlod “uy, toʻy, mashina” degan vasvasadan qutulishi kerak-ku?! Butun dunyo hashamat emas, qulaylikka qarab ketyapti.

Xulosayi kalom, ehtiyoj boʻlsa, cho­rangiz qolmasa, bolangizda imkon boʻlsa, insof bilan soʻrang. Ortiqcha qiynamang. Nafsi oʻpqon boʻlsa, qudangizning afti qursin, odamlarning koʻzi uchun qiladigan toʻy-u, boshqa marosimlaringizning rangi raftori qursin! Erkaklar, keraksiz xarajatlarni haddidan oshirayotgan ayolingizga “boʻldi qil” deyolmasangiz... Xudo insof bersin hammamizga!

Bahodir ISKANDAROV,

Facebook

 

“Jadid” gazetasining 2024-yil 1-noyabrdagi 45-sonida

Report Page