BARRI MARSHAL

BARRI MARSHAL

@math_solver

Ushbu suratdagi kishi avstraliyalik olim Barri Marshal bo'ladi. Uning ilm yo'lidagi qat'iyatidan har doim hayratlanganman. Bugun sizlarga u haqida gapirib bermoqchiman.

Barri yoshligidan tibbiyotga juda ham qiziqadi. Tibbiyot universitetiga o'qishga kirib, u yerni 1974-yilda (23 yosh) bitiradi. 1979-yilda Qirol Petr kasalxonasiga ishga kiradi. Shu yerda biroz ishlab 1981-yilda ichki kasalliklar bo'yicha treyningda qatnashadi. U yerda gastrit kasalligi bilan shug'ullanuvchi Robin Uorren bilan tanishadi. Ikkisi gastritni o'rganishga kelishib olishadi.

Ular gastrit bilan birgalikda spiralsimon bakteriyalarni ham o'rganishadi. 1982-yilda ilk marotaba oshqozon shilliq qavati yallig'lanishi, oshqozon saratoni aynan Helicobacter pylori degan bakteriya sabab kelib chiqadi degan gipotezani ishlab chiqishadi.

O'sha vaqtda oshqozon shilliq qavati yallig'lanishi - gastritni odamdagi stress hamda achchiq va sho'r taomlar yeyishi sabab kelib chiqadi deb ishonilgan. Qolaversa ilmiy jamoatchilik oshqozondagi kislotali muhitda birorta ham bakteriya yashay olmaydi deb hisoblashgan. Shu bois Barrining gipotezasi boshqa olimlar va hamkasblar tomonidan kulgi va masxaralash bilan qabul qilingan. Bu haqida Barri shunday eslaydi: "atrofimdagi barcha menga qarshi edi, lekin men o'zimning haq ekanligimga ishonar edim".

Barri o'z gipotezasini isbotlashga harakat qiladi. U do'sti Robin bilan birga 1982-yilda tajriba o'tkazish uchun mablag' topadi. Tajribada 100 ta namunaning dastlabki 30 tasi ularning gipotezasini tasdiqlamaydi. Shu vaqtda ular bir narsaga e'tibor qaratishadi. O'sha vaqtda og'iz va tomoqdan namuna olib tekshirilganda agar Petri idishida 2 kun ichida bakteriya o'smasa tashlab yuborilar edi. Laborantlar dastlabki 30 ta namunani ikki kunda tashlab yuborgan va kasalxonadagi boshqa ishlar bilan band bo'lib 31-namunani tashlab yuborishga ulgurishmaydi va o'sha namuna payshanbadan dushanbagacha laboratoriyada qolib ketadi. Aynan mana shu qolib ketgan namunada Barri va Robin Helicobacter pylori borligini aniqlashadi. Shunday qilib, ular oshqozondan olingan surtmadagi bakteriya boshqa bakteriyalardan farqli ravishda 2 kundan keyin o'sishini payqaydilar.

1983-yilda ikki yosh olim o'z natijalarini Avstraliya Gastroenterologik Jamiyatiga jurnaliga yuborishadi. Biroq afsuski taqrizchilar ularning maqolasini qabul qilishni rad etadi.

1984-yilda qayta va qayta muvaffaqiyatsizlikka uchragan Barri o'z gipotezasining to'g'riligini isbotlash uchun laboratoriyada o'stirilayotgan bakteriya suyuqligini ongli tarzda ichib yuboradi. U gastritni aynan bakteriya keltirib chiqarishini o'zi misoli ko'rsatib bermoqchi bo'ladi (mana shu joyi meni hayratda qoldiradi. U o'sha vaqtda ayni meni yoshimda edi. Uylangan va farzandi ham bor edi, lekin u fan uchun o'z hayotini ham xavfga qo'yishga rozi bo'ladi). Barri o'zida gastrit biror yil ichida rivojlanishini kutadi.

Biroq hammasi boshqacha bo'lib, oradan uch kun o'tib unda ko'ngil aynish boshlanadi, onasi esa o'g'lining og'zidan noxush hid kelayotganini payqaydi. 5-8 kunga kelib u qusishni boshlaydi. Qusuq tarkibi kislotasiz edi. Endoskopiya qilib tekshirilganida u gastrit bilan og'riyotgani ma'lum bo'ladi. Oshqozonidan olingan biopsiya esa oshqozon yuzasini Helicobacter pylori qoplab olganini ko'rsatadi. Bakteriya yutganining 14-kuni u navbatdagi endoskopiya tekshiruvini o'tkazadi va antibiotik qabul qilishni boshlaydi. Uning bu tajribasi 1985-yilda Medical Journal of Australia jurnalida chop etiladi va hozirgacha bu maqola jurnaldagi eng ko'p iqtibos keltirilgan maqolalardan biri hisoblanadi (1718 marta).

Ilmiy hamjamiyatda Barri Marshalga qoyil qolishdan boshqa chora qolmaydi. Barrining o'ziga bo'lgan ishonchi, fanga bo'lgan muhabbati, o'z gipotezasiga bo'lgan sadoqati unga 2005-yilda Nobel mukofotini olib keldi.

Barri Marshal ilmiy hayot yo'li har qanday tadqiqotchiga ilhom va motivatsiya bera oladi. Gohida o'ylab qolaman, men Barrining o'rnida bo'lganimda shunday qila olarmidim? Barri o'z tadqiqotlariga, xulosalariga, nazariyasiga, gipotezasiga shu qadar ishonganki, hech qo'rqmasdan Petri idishidagi bakteriyani yuta olgan. Ayni vaqtda bizda ana shunday olimlar bormi? Barridagi ishonch, qat'iyat bizda bormi?

Ilm-fan aynan Barri Marshal kabi olimlar bor ekan hech qachon o'lmaydi, rivojlanishda davom etaveradi.

Report Page