BAHOR ALLERGIYASI

BAHOR ALLERGIYASI


Tabiat uyg‘onib, yon-atrof yashillikka burkandi. Dov-daraxtlar kurtak yozib, gulga kirdi. Biroq ko‘klamning bunday ajoyib pallalari ayrim insonlar uchun noqulayliklar keltiradi. Buning asosoiy sababi – allergik rinit yoki mavsumiy allergiya deb ataladigan holat. Shuningdek, u bahor allergiyasi deb ham ataladi. 

Bahor allergiyasi – odamlarning burunlari, ko‘zlari va tomog‘iga ta’sir qiladigan keng tarqalgan kasallik. U, ayniqsa, gulchanglar havoda to‘plangan davrlarda kuchayadi. 

Xo‘sh, bahor allergiyasi nima? Uning alomatlari qay tarzda kechadi va qanday davolash mumkin?

Sabablari

 Gulchanglar asosan havoda allergik reaksiyalarni keltirib chiqaradi. Daraxtlar, o‘tlar va gullarning gulchanglari shamolda atrofga tarqaladi. Allergik odamlar bu gulchanglarga duch kelganda alomatlar paydo bo‘ladi. Havodagi gulchanglar miqdori mavsumga qarab farq qilishi mumkin, lekin ular odatda bahor oylarida zichroq bo‘ladi.

Belgilari

Bahor allergiyasining belgilari har odamda har xil bo‘lishi mumkin. Lekin ko‘pincha burun oqishi va tiqilishi, ko‘zning qichishi, suv oqishi va qizarishi, aksa urish va burunning qichishi, tomoq qichishi va yo‘tal, bosh og‘rig‘i va charchoq hissi kuzatiladi. Bu alomatlar odamga ta’sir qilgan gulchang miqdori, allergiyaning og‘irligi va insonning immunitet tizimiga qarab farq qilishi mumkin. Ba’zi odamlar uchun alomatlar yengil bo‘lishi, boshqalari uchun esa og‘irroq kechishi va kundalik hayotga xalaqit berishi mumkin. 

Ehtiyot choralari

Bahor allergiyasi bilan og‘rigan odamlarga simptomlarni kamaytirish va yengillik olish uchun quyidagi ehtiyot choralarini ko‘rish tavsiya etiladi.

Uyda va ishda ventilyatsiyani cheklang: gulchanglarning eng yuqori soatlarida tashqariga chiqmaslikka harakat qiling. Uyda va ishda derazalarni yopiq holda saqlang.

Ko‘chada bo‘lganingizda himoya choralarini ko‘ring: ko‘chaga chiqayotganda allergiya niqoblari va quyoshdan saqlaydigan ko‘zoynak taqib, gulchanglar ta’sirini kamaytiring.

Doimiy ravishda dush qabul qiling: tashqarida vaqt o‘tkazganingizdan so‘ng, uyga qaytganingizda va yotishdan oldin tanangizni gulchanglardan forig‘ qilish uchun dush qabul qiling.

Tozalash choralarini ko‘ring: uyda chang va gulchanglarni kamaytirish uchun uyni muntazam tozalab turing. Bunda, albatta, changyutgichdan foydalaning.

Unutmang, bahor allergiyasi noqulaylik keltirib chiqarishi mumkin. Ammo tegishli davolash va ehtiyot choralari bilan simptomlarni nazorat qilish imkoni bor. Agar siz bahor oylarida doimo burun oqishi, ko‘zlaringizning qichishi yoki boshqa allergiya belgilariga duch kelsangiz, tegishli davolanish usullarini qo‘llash uchun shifokor bilan maslahatlashishingiz mumkin. 

Esda tutingki, har bir kishining allergik reaksiyalari har xil bo‘lganligi sababli, eng samarali davolanishni topish uchun mutaxassislardan yordam so‘rash muhimdir.

Internet materiallari asosida

 Gulnoza TURG‘UNBOYeVA tayyorladi.

Report Page