Aziz ustozim, boshim yerga tekkuncha sizga ta'zimdaman!

Aziz ustozim, boshim yerga tekkuncha sizga ta'zimdaman!

#Ustozimga_maktub

Xotiralar... ularni eslasang ko‘zingga beixtiyor sog‘inch yoshlari quyuladi. Qadrdon ustozim, bugun sizni mehr bilan esladim va ko‘nglimning to‘ridagi shirin xotiralar bilan sirlashdim. 

Mehribonim, tushimga kiribsiz. Jannat bog‘i... atrof chiroyli, anvoyi gullar ifori har yoqqa tarqalgan, to‘rdagi so‘rida qo‘lingizda qalam bilan jilmayib turardingiz. O‘sha-o‘sha mehrli qiyofa, tabassum hadya etishdan charchamagan siymo. Beixtiyor siz bilan suxbatlashdim. 


-“Ustoz eslaysizmi, sizni ilk marotoba qayerda ko‘rganligimni?”

-“Ha, albatta”, - dedingizda ko‘zlaringiz namlandi. 


Ha, men sizni birinchi marta otajonim yotgan kasalxonada ko‘rgandim... 


O‘sha paytda 12 yoshli qizaloq edim, dadajonim qattiq betob bo‘lib qoldilar. Tumandagi kasalxonaga yotqizdik. Men adabiyotga qiziqar va she’rlar mashq qilib turardim. Dadajonim yozgan she’rlarimning birinchi muxlisi edi. Bir kuni onajonim “Yur dadangni ko‘rib kelamiz, seni sog‘inibdi, she’r yozgan daftaringni ham ol”, - dedilar. Dadajonimni sog‘ingan ekanman bo‘yinlaridan qattiq quchoqlab oldim. 

“Buncha shirin qizaloq ekan, salomlashmaydimi?”, - dedi kimdir. Yalt etib ovoz kelgan tomonga qaradim va sizni ko‘rdim. 

“Sizga aytgan shoira qizim shu-da”, - dedilar dadam. 


Ijod namunalarimni o‘qib peshonamdan o‘pdingiz, “Adabiyot gulshanida yana bir gul ochildi”, - dedingiz chehrangiz yashnab. 


Shu ondan boshlab sizdan saboq ola boshladim. Adabiyotning samimiy iforlari bilan birga odamiylikning ulkan va zalvorli qirralari haqida sizdan saboq oldim. Oradan bir yil o‘tib otajonim olamdan o‘tdilar. Yaxshiyamki, sizday dili pok, samimiy insonlar bor ekan, boshimni siladingiz, mehringizni ayamadingiz. Maktabdagi darslarim tugadi deguncha sizning yoningizga, tuman bosmaxonasiga chopardim. Nufuzli oliygoh talabasi bo‘lganimda ham huddi otamday sevinganingiz hamon esimda. 

Afsus hayot beshafqat. Go‘dakligimdagi armonga yana bir armon qo‘shildi, siz ham farishtaga aylanib ketdingiz. Mana endi o‘zim ham ustozman. Sizdan olgan saboqlarimni yosh avlodga o‘rgatib kelmoqdaman. 


Joyingiz jannatda bo‘lsin, aziz ustozim, boshim yerga tekkuncha sizga ta’zimdaman. Sizni sog‘inib qizingiz DILNOZA.


Kanalga obuna bo`lish:👇👇👇

Telegram |Facebook |Instagram

Report Page