Aziz Jizzax yoshlari!

Aziz Jizzax yoshlari!


Yurtimizning obodligi, mahallalarimizning fayzi va atrof-muhitning pokligi har birimizning mas’uliyatimizdir. Ayniqsa, qabristonlar va temir yo‘l yoqalaridagi hududlarni tartibli saqlash, obodonlashtirish xalqimizning azaliy qadriyatlari va insoniy fazilatlarining yorqin namunasidir.

Jizzax viloyatidagi 304 ta mahallalarda bugun 536 ta qabristonlar mavjud bo’lib, qabristonlarni obod qilish — o‘tgan ajdodlarimiz xotirasiga hurmat ko‘rsatish, ularning ruhini shod etish demakdir. Daraxt ekish, yo‘laklarni tozalash, atrofni saranjom saqlash orqali biz nafaqat savobli ish qilamiz, balki yosh avlodga ham yaxshi namuna bo‘lamiz.

Shuningdek, 48 ta mahalladan o’tgan temir yo‘l yoqalaridagi xonadonlar va hududlarni ozoda saqlash, ko‘kalamzorlashtirish va tartibga keltirish yurtimiz chiroyiga chiroy qo‘shadi. Toza va obod muhit esa insonlarga ko‘tarinki kayfiyat, fayz va baraka olib keladi.

Hozirda obodonlashtiriladigan, tozalanadigan hudud maydoni 400 gektar, tartibga keltiriladigan 244 ta xonaqoxlar, 118 km uzunlikda ta’mirlanadigan (oqlash) devorlar (panjara), 103 km tozalanadigan ariq, zovurlar, 7653 dona shakl beriladigan va oqlanadigan daraxtlar, 25089 ta tartibga keltiriladigan,  suvoq qilinadigan qabrlar mavjud bo’lib, bugun ushbu ishlarga yoshlarimizning, volontyorlarimizning yordami har qachongidan ham muhimdir.

Shu munosabat bilan barcha Jizzaxlik yoshlarni obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etishga, hasharlar va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarida birlashishga chorlaymiz. Keling, 16-17 may kunlari tashkil etilayotgan hashar ishlarida o‘z mehnatimiz bilan mahallamizni, qabristonlarni yanada go‘zal, pokiza va fayzli maskanga aylantiraylik!

Obod yurt — birlashgan yoshlar qo‘lida!



Report Page