Ayrim tumanlarning ovoz berish bosqichida ishtiroki cheklanadi
EconomyMoliyaPressAvval xabar berganimizdek, “Tashabbusli budjet” jarayonining 2025-yil 2-mavsumi doirasida fuqarolar tomonidan jami 22 263 ta loyihalar kelib tushgan boʻlib, shulardan 18 656 tasi ovoz berish bosqichiga oʻtkazilgan.
Ammo Oltinkoʻl va Ulugʻnor tumanlarida loyihalar ishchi komissiya tomonidan asossiz ravishda rad etilganligi yuzasidan ishonch raqamiga fuqarolar tomonidan shikoyatlar kelib tushdi.
“Ochiq budjet” portalidagi maʼlumotlarga koʻra, Ulugʻnor tumanida jami 73 ta loyiha kelib tushib, shundan faqat 13 tasi ovoz berishga oʻtkazilgan. Qolgan 60 ta loyiha esa hech qanday asossiz yoki sabablari tushuntirilmagan holda rad etilgan.
Xuddi shu kabi holat, Oltinkoʻl tumanida jami 116 ta loyiha kelib tushgan boʻlib, shundan 22 tasi ovoz berishga oʻtkazilgan, 94 ta loyiha asoslantirilmagan holda rad etilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan loyihalarni amaldagi qonunchilikda belgilangan meʼzonlarga asosan qayta koʻrib chiqish yuzasidan xatlar yuborilgan boʻlsa-da, tegishli tuman ishki komissiyalari tomonidan loyihalar qayta koʻrib chiqilishi taʼminlanmadi.
Shu munosabat bilan, loyihalarni saralash bosqichida amaldagi meʼzonlarga rioya etilmaganligini inobatga olib, fuqarolardan kelib tushgan shikoyat va eʼtirozlar asosida Ulugʻnor va Oltinkoʻl tumanlarida tashabbusli budjetning 2-mavsumi doirasida loyihalarga ovoz berish bosqichi oʻtkazilmaydi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati