Ayol baxtli bo‘lsa jamiyat baxtli bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 27 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tadbir “Ayollarning shukronalik bayrami” shunday nomlandi.
“Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan “Ayol baxtli bo‘lsa, oila baxtli bo‘ladi, oila baxtli bo‘lsa jamiyat baxtli bo‘ladi” shiori ostida o‘tkazilgan “Ayollarning shukronalik bayrami”da Oila va xotin qizlar boshqarmasining shahar va tuman bo‘limlari boshliqlari, mahalla xotin-qizlar faollari hamda turli sohalarda jonbozlik ko‘rsatayotgan ayollar ishtirok etishdi.
Tantanada viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Z.Raxmanova, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi va biotexnologiyalar universiteti katta o‘qituvchisi, “Oqila ayollar harakati” yetakchisi J.Sayfiddinova, “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni sohibasi D.Sobirova,”Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sovrindori F.Xudoyorova va boshqalar so‘zga chiqishib, jamiyat taraqqiyotida ayollarning tutgan o‘rni, oilalar mustahkamligi, farzandlar tarbiyasida ularning burchlari hususida so‘z yuritishdi.
Ta’kidlandiki, respublikamiz mustaqilligining 32 yillik bayrami oldidan, viloyatning shahar va tumanlarida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlarida turli sohada muvaffaqiyatga erishgan, davlat mukofoti sohibalari, obro‘li xotin-qizlar mamlakatimizda ayollarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ustivor islohotlar xaqida ma’ruza qilishdi.
Shukronalik eng buyuk tuyg‘u, eng ulug‘ qadriyatdir. Hozirgi kunda qaysi yurtlardadir urush olovlari yoqilgan, qaysi yurtlarda bolalar mehru e’tiborga zor bo‘lgan sharoitlar hukm surayotgan bir davrda, Ona O‘zbekistonimizning muborak bayrami - mustaqillik kunini nishonlamoqdamiz.
Har bir tongni quvonch bilan qarshilayotganimiz, tandirdagi issiq nondek, onamizning allasidek, farzandlarimizning kulgusidek toza niyatlarimizni bayram sabab bir-birimizga yo‘llayotganimiz – bizning shukrona duolarimizdir.
Oilaning mustahkamligi jamiyat taraqqiyotida munosib o‘rin tutadi. Mehribon onalarimiz, munis ayollarimiz farzand tarbiyasi bilan bir qatorda oilaning tinchligi va totuvligini ta’minlab kelishayotganligi tantanada alohida e’tirof etildi.
Tadbir davomida Mustaqillik bayramining 32 yilligi munosabati bilan “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan bosh g‘oya targ‘ibotida fidoiylik va jonbozlik ko‘rsatgan, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni saqlashda oilaning o‘rnini targ‘ib etish, Yangi O‘zbekistonda Ona Vatan taraqqiyoti, farzandlar kamolotidagi ibrati hamda sohaga doir qonunchilik hujjatlari ijrosini tashkil etib, ish jarayonida yuqori samaradorlikka erishgan xotin-qizlar faollari viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasining Tashakkurnoma va Fahriy Yorlig‘i bilan taqdirlanishdi.
Tantana san’atkorlarning jozibali kuy-qo‘shiqlari bilan shukuhli va esda qolarli tarzda o‘tdi.
Viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi