Avtotransport vositalarining vazn parametrlari faoliyatini tashkil etishda mutaxassislar malakasi oshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 330-sonli qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan Аvtomobil yo‘llari qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan avtotransport vositalarining vazn parametrlarini o‘lchovchi statsionar va ko‘chma o‘lchov vositalari xarid qilindi va mazkur punktlar faoliyatini to‘liq tashkil etish hamda mutaxassislar malakasini oshirish maqsadida “Аvtomobil yo‘llari texnik holati tahlili va harakat xavfsizligi markazi” davlat muassasasi tomonidan o‘tkazilayotgan 3 kunlik o‘quv seminari nihoyasiga yetdi.
Seminar davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda mavjud har xil turdagi 44 ta zamonaviy o‘lchov tarozilaridan foydalanish tartibi haqida dala-o‘quv mashg‘ulotlari amaliyoti o‘tkazildi.
Jumladan, avtomobil tarozilari soz holatda bo‘lishi, sertifikatlangan va yoki metrologik tekshirish o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi davlat tamg‘asiga ega bo‘lishi, avtotransport vositalarining gabarit va vazn parametrlarini aniqlashda o‘lchash asbobining ikki foizli farq bilan ishlashiga yo‘l qo‘yilishi va u yuk tashuvchi foydasiga talqin qilinishi to‘g‘risida ham maʼlumotlar berildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Transport vositalarining vazn va hajm parametrlarini nazorat qilishni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan, O‘zbekiston Respublikasi hududida avtomobil yo‘llari tarmog‘ini saqlash va avtomobil transportining xavfsiz harakatlanishini taʼminlash, avtomobil yo‘llarida katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarining harakatlanishida vazn va hajm parametrlarining samarali nazorat qilinishi, bir-biriga yaqin o‘qlar — transport vositasining o‘rtasidagi masofa parametrlari haqida ham tushunchalar berib o‘tildi.