Avtomototransport vositasi kuzovining yoki uning detallarining rangini o‘zgartirganlik MA’MURIY JAVOBGARLIKKA ASOS BO‘LMAYDI

Avtomototransport vositasi kuzovining yoki uning detallarining rangini o‘zgartirganlik MA’MURIY JAVOBGARLIKKA ASOS BO‘LMAYDI

@adliyangiliklari

Hozirgi kunda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan avtomobilning old kapoti hamda yon tomon ustunlariga qora rangli qoplama yopishtirganligi natijasida Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan MJtKning 125-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan huqubuzarlik sodir etganligi, ya’ni tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositasini boshqarganligi, uchun jarima jazosi qo‘llanilganligi hamda avtotransport vositasi bugungi kunga qadar mazkur Kodeksning 291-moddasi asosida vaqtincha ushlab turilganligi ma’lum qilingan.

Mazkur holatda Adliya vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarining fuqaroga nisbatan ma’muriy jazo chorasi qo‘llash bilan bog‘liq harakatlari qonunchilik normalariga zid hisoblaydi.

Xususan, MJtKning 125-moddasi uchinchi qismida haydovchilarning tormoz tizimida, rul boshqaruvida yoki ulovchi qurilmada nosozligi bo‘lgan yoxud tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarishi uchun javobgarlik belgilangan.

Avtotransport vositalarini qayta jihozlash bilan bog‘liq masalalar Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari to‘g‘risida yagona nizomning 26-ilovasiga muvofiq Avtotransport vositalarini qayta jihozlash uchun ruxsatnoma pasportida ko‘rsatib o‘tilgan.

Mazkur pasportning 12-bandida avtotransport vositasi qayta jihozlangan deb tan olinadigan o‘zgarishlar ro‘yxati ko‘rsatilgan bo‘lib, mazkur ro‘yxatda avtotransportning kapot yoki boshqa qismlari rangi o‘zgartirilishi nazarda tutilmagan va bu holat uchun ruxsatnoma talab qilinishi belgilanmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20 va 55-moddalariga ko‘ra davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak.

Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.

Har kim davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga ega.

Shunga ko‘ra, kelgusida yuqoridagi holatlarni oldini olish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 17-oktabrda Ichki ishlar vazirligiga taqdimnoma kiritildi. 


Report Page