AuPair Dasturi
Harvard Learning Centre
“Au Pair” yoshlarning madaniy almashinuv dasturi bo’lib, ishtirokchilarga yangi do’stlar orttirish, Yevropa yoshlarining hayotini o‘rganish; G’arbiy Yevropada 50 yildan buyon mavjud an’analar bilan tanishish hamda nemis oilasi bilan yashab til o’rganish imkoniyatini beradi.
Ushbu dastur doirasida agentliklar Germaniya Mehnat Vazirligi bilan kelishgan holda yoshlarni “Au Pair” sifatida ish bilan ta’minlaydi. “Au Pair” dasturi bo’yicha yoshlarni Germaniyaga ishga jo’natuvchi agentliklar haqida internet orqali qidirib, batafsil ma’lumot topishingiz mumkin.
„Au Pair“ sifatida siz Germaniyada yashash, nemis madaniyati va hayot tarzi bilan tanishish, undan tashqari o’zingizning nemis tili bilimingizni yanada yaxshilash imkoniga ega bo’lasiz.
„Au Pair“da qatnashish uchun yoshingiz 18 dan 25 gacha bo’lishi va nemis tilini boshlang’ich (bazali) darajada bilishingiz kerak. Siz nemis oilasiga oila a’zosi sifatida qabul qilinasiz va siz ular uchun mehmon yoki ishchi emas, balki „farzandlari uchun katta opa yoki aka“, shuningdek, „uy bekasining yordamchisi“ bo’lib hisoblanasiz.
„Au Pair“ vazifalariga ota-onaning roziligi bilan ularning farzandlariga qarash, g’amxo’rlik qilish kiradi. G’amxo’rlikka uyda, uy bog’chasida va o’yin maydonchasida turli-tuman o’yinlarda qatnashish, bolalarga kitob o’qib berish, cho’miltirish va ovqatlantirish, rasm chizish, uxlatish, kiyintirish va yechintirish, bolalar xonasini yig’ishtirish, ovqat tayyorlash, doimiy nazorat va parvarish kabi vazifalar kiradi.
Bundan tashqari, “Au Pair” vazifasiga uy ishlarida yordamlashish ham kiradi.
“Au Pair”ning vaqtinchalik ish tartibi oila bilan kelishilgan holda bo’ladi. Uy ishlarida yordamlashish “Au Pair” haftalik ish kunining 50 foizigacha yetishi mumkin. “Au-Pair”ning haftalik ish soati umumiy 30-35 soatni tashkil etadi. Bunga yana hafta ichida 2-3 marotaba bolalarga kechqurungi qarov ham kiradi.
O’z navbatida, “Au Pair” o’zi uchun alohida xona, ovqat va oylik puli (ko’pi bilan 260 yevro) oladi. “Au Pair” yana xorijliklar uchun ochilgan nemis tili kursiga qatnashishi mumkin. Ba’zi oilalar nemis tili kursi badalini to’lab berishadi. Bu yana bir katta imkoniyatdur.
“Au Pair” uchun har oyda eng kamida 1,5 bo’sh kun, boshqa kunlarda ota-onalarning bo’sh vaqtiga qarab dam olish kuni beriladi. Undan tashqari, mahalliy jamoat transporti uchun oylik chipta oila tarafidan olib beriladi yoki oila mashinasi bo’lsa, undan foydalanishga ruxsat beriladi.Agar ish 10 oy bo’lgan taqdirda, “Au Pair”ga to’lanadigan 2 haftalik, 12 oylik ishda esa 4 haftalik to’lanadigan ta’til beriladi.
Har qanday vaqtda “Au-pair” sifatida ishlash muddati 12 oydir.
Germaniyada “Au Pair” ish joyiga bolalarga qarash tajribasiga ega farzandsiz va oilasiz yoshlar ega bo’lishlari mumkin.
Zaruriy shartlardan yana biri bu nemis tilini kamida A1 darajada bilish va jiddiy ruhiy va jismoniy kasalliklarlardan forig’ bo’lish kerak.
Nemis oilasi “Au Pair” tibbiy va boshqa turdagi sug’urta bilan ta’minlaydi.
"Au Pair” 30-35 soatli maksimal haftalik ish vaqtida cho’ntak xarajatlari uchun har oyda 260 yevro oladi.
Qo'shimcha ma'lumot yoki kursga yozilish uchun: @harvard_cc