Asl oliylik — oddiylikda...

Asl oliylik — oddiylikda...

Namangan Prezident maktabi

Shitob  bilan o‘zgarayotgan zamonga nafaqat moslashish, balki sohalarni raqamli iqtisodiyotga yo`naltirishda, to‘g‘ri marralar olib, zamonaviy fan-texnika ilmini rivojlantirishda yuksak salohiyat sohiblari - tajribali olimlarga hamisha ehtiyoj sezaveramiz.

Muhtaram yurtboshimiz rivojlanishning asosiy tamal toshi olim-u fuzalolar qo`lida ekanligini har bir nutqlarida ta'kidlab boradilar. Yurtimizda ilm-fanning yuksalishi uchun har bir soha vakillari bilan maxsus uchrashuvlar tashkil etib, bugungi zamon allomalari bilan dildan suhbatlashyaptilar. Ularning faoliyati va soha muammolari bilan qiziqib, ma'rifat rahnamosi va homiysi sifatida barcha salohiyat va imkoniyatni rivojlanishning yangi bosqichiga safarbar etmoqdalar. Ana shunday samimiy uchrashuvlardan birida Prezidentimiz yosh avlodning ilm-ma'rifat cho`qqilarini zabt etishlarida ilg`or tajribali olimlar yo`lboshchi bo`lishlari kerakligini alohida ta'kidladilar.

Mamlakatimizda ilm-fan taraqqiyotiga qaratilgan misli ko`rilmagan e’tibor va e’tirofning ifodasi o`laroq Namangan shahridagi Prezident maktabida yurtimiz ilm-fani elitasining zabardast vakili fizika-matematika fanlari doktori, akademik Abdulla A’zamov bilan uchrashuv tashkil etildi. Olimning ilmiy va ijodiy faoliyatiga bag`ishlangan mazkur tadbir maktab jamoasi uchun yangi yuksalishlar uchun yangi ruh berdi desak, yanglishmagan bo`lamiz. Abdulla A’zamov maktab o`qituvchilari va o`quvchilari tasavvurida  nafaqat olim, balki hurmatga sazovor ustoz, kichikfe’l inson, hazilkash va dilkash suhbatdosh sifatida ham namoyon bo`ldilar. «Akademik», «professor» so`zining o`ziyoq yillar davomida qilingan mehnat-u zahmatni, ilmga bag`ishlangan umr yo`lini ifoda etsa kerak. Ustoz bilan o`tgan suhbatlar va mahorat darsi chog`ida olim hayoti boy tajriba ko`zgusi bo`la oldi.


          Chaykovskiy : “Agar matematika go’zal bo’lmaganda edi, ehtimol matematikaning o’zi ham mavjud bo’lmasdi. Aks holda qanday kuch, insoniyatning buyuk daholarini bu qiyin fanga torta olardi?”- deb yozganda qanchalik haq ekanligining olimning go`zal olami bilan tanishish chog`ida guvohi bo`ldik. Olim insondagi eng asl qobiliyatlardan biri-matematik fikrlay olish ekanligini o`z qarashlari-yu fikrlari orqali isbot etdilar.

Uchrashuv davomida asl oliylik oddiylikda ekanligini akademik Abdulla A’zamov shaxsiyatida aks etgani guvoh bo`ldik. Yoshlar bilan suhbat chog`ida olimning o`ziga xos tabiiyligi, oddiyligi, samimiyligi uchrashuvning sermazmun o`tishining bosh omili bo`ldi. Ayniqsa, Prezident maktabining eng tajribali, salohiyatli ustozlari: fizika-matematika fanlari doktori, professor B.T.Samatov, fizika fanlari nomzodi, dotsent U.Boboxo`jayev Abdulla A’zamovdek buyuk olim shogirdlari sifatida ilm safini kengaytirib turganlari dilimizga iftixor bag`ishlaydi. Nazarimizda, yosh matematik ustozlar bu ilm-ma'rifat davrasining uchinchi avlodi bo'lsalar, matematika ilmining istiqbolli kelajagi sanalmish maktab o`quvchilari to`rtinchi avlod sifatida namoyon bo`ldilar.

Matematika- barcha fanlar eshigi va kalitidir. Muhtaram yurtboshimiz ham “Matematikani yaxshi bilgan bola aqlli, keng tafakkurli bo`ladi va istagan sohada ishlab ketadi” degan edilar. Uchrashuv davomida “Avval matematika, keyin hammasi” deb nomlangan videorolikda aks etgan g`oya ham ana shu fikrning ifodasi sifatida namoyish etildi. Bu g`oya mohiyati olimning samimiy fikrlarida ham o`z ifodasini topdi.

Jahonning mashhur olimlaridan biri David Gilberd shogirdlaridan biri haqida: "U shoir bo`lib ketdi - matematik bo`lishga uning fantaziyasi kamlik qildi", degan ekan. Hayratga soladigan bu ta'rif matematika mislsiz tasavvurning, beqiyos fantaziyaning mahsuli ekanligini ko`rsatadi. Bu ilm ixlosmandlari iqtisodiyot bo`yicha Nobel mukofoti laureyati, xalqaro Abel mukofoti sovrindori Jon Nesh (John Nash) va uning ajoyib olami haqida eshitgan, u haqda suratga olingan kinofilmni tomosha qilgan bo`lsalar kerak. Aziz mehmonimiz Abdulla A'zamovning Jon Nesh haqidagi yorqin xotiralari, o`zaro do`stlik aloqalari, buyuk olim bilan hamnafas o`tgan buyuk damlari haqidagi hikoyalari maktab jamoasida katta qiziqish uyg`otdi. Matematika, kriptografiya, iqtisod olamida shuhrat qozongan olim bilan davrdoshgina emas, davradosh bo`lgan, jahon matematika olami buyuklari safida o`z so`zini ayta olgan matematik olimning suhbatlaridan bahramand bo`lish - biz uchun yuksak sharafdir. Maktabning xalqaro o`qituvchilari ham ustozning sohada yaratgan o`ziga xos yo`llarini alohida e'tirof etdilar.

Matematik, fizik olimning hayoti va faoliyati bilan qiziqqan maktab jamoasi Abdulla A’zamovning o`zbek tili va adabiyoti jonkuyari sifatida ham yaqindan tanib oldilar. Qomusiy olim o`zbek adabiyotshunosligi va dramaturgiyasida ham jiddiy izlanishlar olib borib, soha rivojiga munosib hissa qo`shganlari e'tiborimizni tortdi. Boisi ko`pchilik tor doirada matematika va adabiyot sohalarini qarama-qarshi ilmlar sifatida tushunadigan ayni vaqtda olimning bu ilmiy salohiyatlari tahsinga sazovordir. Bugun o`zbek tili-adabiyoti o`qituvchilari faoliyatida asqatadigan "Bobur ensiklopediyasi", "Aruz", "Bobur. Devon. Nazm mahorati", "Navoiy g`azallarida hazil mutoyiba" kabi ilmiy asarlar, qator spektakl va filmlar olimning bu sohada ham qalami o`tkir favqulodda iste'dod sohibi ekanliklaridan darak beradi.

Uchrashuvning ikkinchi qismi sifatida kichik audutoriya tashkil etildi. Qiyin matematik masalani yechishni, mustahkam qal’ani zabt etishga taqqoshlash mumkin deyishadi. Matematika ixlosmandlari ustoz olimdan matematikaning mo`jizakor sir-sinoatini, fanning asl mohiyatini o`rgandilar. Xususan, funksiyaning ekstremum nuqtalari - uning o`sish oralig`ining boshlanishi va xuddi shu vaqtda kamayish oralig`ining tugashi ma'nosini berishi haqida asosli dalillar keltirdilar. Ustozning cheksiz sondagi elementga ega bo`lgan to`plamning uning qism to`plamiga mos qo`yilishi haqidagi ilmiy asoslari yuqori sinf o`quvchilarining matematikaga doir bilimlari va  oliy matematika ilmi o`rtasida ko`prik vazifasini bajardi.

    Ustoz tadbir so`ngida o`z xazinalari — asarlaridan maktab o`quvchilariga tuhfa etdilar. Prezident maktabi kutubxonasi olimning ilmiy izlanishlari aks etgan kitoblar bilan boyitildi. Akademik Abdulla A'zamovning Prezident maktabiga tashrifi samimiy taassurotlarga boy o`tdi. Bu uchrashuv har kungi emas, balki o`zgacha ruhda o`tganligi maktab jamoasining yuz ifodalari, chaqnoq ko`zlarida o`z aksini topdi.  Zamonamizda, biz bilan hamnafas yashayotgan elimizning ardoqli farzandining ilm-ma'rifat yo`lidagi xizmatlari yosh avlod tarbiyasi va istiqbolida namuna maktabi vazifasini bajaradi.  

 

 

 

 

 

 

 

Report Page