Armrestling boʻyicha jahon chempionatida vakillarimiz hozircha 5ta oltin medalga sazovor boʻldi

Armrestling boʻyicha jahon chempionatida vakillarimiz hozircha 5ta oltin medalga sazovor boʻldi


Shu kunlarda Ruminiyaning Buxarest shahrida armrestling boʻyicha kichik oʻsmirlar (15 yosh), oʻsmirlar (18 yosh), yoshlar (21 yosh), kattalar, faxriylar va jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilar oʻrtasida jahon chempionati bahslari boʻlib oʻtmoqda.

Garchi butun dunyoda pandemik vaziyat yana avj olayotgan boʻlishiga qaramay, ushbu musobaqada jahonning 39 ta davlatidan sportchilar gʻoliblik uchun bahs olib borishmoqda. Ishtirokchi davlatlar orasida armrestling olamida yetakchi sanalgan AQSH, Kanada, Rossiya, Braziliya va yana bir qancha mamlakatlarning sportchilari borligi ushbu jahon chempionatiga qiziqishning yuqori ekanligi va musobaqaning nufuzi balandligini koʻrsatib turibdi.

Jahon chempionatiga Oʻzbekiston sport delegatsiyasi 25 kishilik tarkib bilan yoʻl olgan boʻlib, ularning 3 nafari trener, 22 nafari esa sportchilardir. Darvoqe, terma jamoamiz tarkibidan 2 nafar para armrestling sportchilari ham oʻrin olgan.

Oʻtkazilayotgan musobaqalarda vakillarimiz munosib ishtirok etishayotganligini alohida taʼkidlash kerak. Hozirgacha terma jamoamiz aʼzolari 5tadan oltin va kumush hamda 4ta bronza medaliga ega chiqishdi.

Quyida terma jamoamiz tarkibida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilar bilan tanishing:

Ziyadullayeva Gulsevar – 15 yoshgacha boʻlgan kichik oʻsmirlar guruhida -40 kg vazn toifasida 2ta oltin medal,

Olimov Bekzod – yoshlar oʻrtasida -85 kg vazn toifasida 2ta oltin medal,

Salohitdinov Azizbek – para armrestling boʻyicha -55 kg vazn toifasida oltin medal,

Ulugʻmurodova Shohsanam – oʻsmirlar oʻrtasida -50 kg vazn toifasida kumush medal,

Yoʻldoshev Yarashboy – yoshlar oʻrtasida kumush va bronza medali,

Erkinov Daniil – 15 yoshgacha boʻlgan kichik oʻsmirlar guruhida -55 kg vaznda 2ta bronza medali,

Quvondiqova Soʻgʻdiyona – oʻsmirlar oʻrtasida -50 kg vazn toifasida kumush medal,

Fayzullayev Zohir – yoshlar oʻrtasida -55 kg vazn toifasida bronza medali,

Atamurodova Maftuna - 15 yoshgacha boʻlgan kichik oʻsmirlar guruhida -55 kg kumush medal,

Neʼmatullayev Sultonbek – kattalar oʻrtasida -70 kg vazn toifasida kumush medal.

Jahon chempionati bahslari 3-dekabrga qadar davom etadi. Kelgusi bahslarda ham sportchilarimizga omad tilaymiz.


Report Page