Aravalar poygasi

Aravalar poygasi

Javlon Juraev

Umrimiz mazmuni deb hisoblagan maqsadlarimizga intilishda biz ko‘nglimizga yaqin insonlar hamrohligiga talpinamiz. Buning sababi juda oddiy – biz maqsadlarga intilish va erishish baxtini kim bilandir baham ko‘rishni istaymiz. Bunga qalbimiz talpinadi.

Lekin boshqalar bilan munosabatda daxlsizlik tamoyiliga amal qilgan ma’qul. Bu juda oddiy tushuncha – daxlsizlik boshqalarning shubha va qo‘rquvlari, kompleks va qarashlari sizning ahdingizga ta’sir qilishiga imkon bermaslikni nazarda tutadi.

Tasavvur qiling, siz og‘ir yuk ortilgan aravani bir joydan boshqa joyga tortib borishingiz kerak. Bu ishni qilsangiz, katta yutuqqa erishasiz – shu bois ahdingiz mustahkam. Buni bir o‘zingiz qilsangiz, ko‘proq vaqt ketishini o‘ylab, do‘stlaringizni yordamga chaqirasiz. Ammo do‘stlaringiz kelib, sizga bu ishni qilishning boshqacha usullarini taklif qila boshlaydi. Ulardan kimdir buni qilish imkonsiz ekanini aytadi, boshqasi esa umuman buni qilish aslida sizga kerak ekaniga shubha bildiradi. U bo‘lib, bu bo‘lib, arava joyidan siljimay qoladi. Do‘stlaringiz zarur ishlarini bahona qilib, tarqab ketishadi – siz esa ko‘nglingizda shubha-yu gumonlar, yoningizda bir qadam ham siljimagan arava bilan yolg‘iz qolasiz.

Siz o‘z maqsadlaringiz haqida do‘st-yorlaringizga aytib berish bilan o‘z ahdingizni ana shunday hujum ostida qoldirasiz. Ahdingizni eshitganlar unga o‘z shaxsiy kuchlari bilan yondashadilar. Bu juda ko‘p hollarda ahdingiz kuchi kesilishiga sabab bo‘ladi. Atrofingizdagilar buni sizga yomonlik tilaganidan qilmaydi – aksincha, ular hamma maslahat-u tavsiyalarini sizga yaxshi bo‘lsin deb aytadilar. Lekin ana shu “yaxshi bo‘lsin” degan niyatlari ortida shaxsiy kuchlari emas, shubhalari, qo‘rquvlari, komplekslari – ba’zan havaslari va hasadlari turadi.

Bizni hech kim aldamaydi – biz o‘zimiz ahdimizni boshqalarga daxldor qilib, bizni aldashlariga imkon beramiz. Bizni hech kim sotmaydi – biz o‘zimiz shaxsiy kuchi kam insonlarni kuchli ahdimizga daxldor qilib xiyonatda yo‘l ochib beramiz. Bizga hech kim pand bermaydi – biz o‘zimiz ahdimizni ko‘p odamlar ta’siriga tushirib qo‘yib, pand yeymiz.

Bu gaplarim bilan men sizga sirli odam bo‘ling demoqchi emasman. Sirlilik yoki pismiqlik – odamlarning shaxsiy muhimlik tuyg‘usiga tegadigan odat. U odamlarga ishonmaslikdan kelib chiqadi. Daxlsizlik esa mutlaqo boshqa odat – bu odamlarning erkinliklarini hurmat qilgan holda, o‘z ahdingizni boshqalar ta’siridan asrash degani.

Agar sizning ahdingiz kimningdir shaxsiyatiga aloqador bo‘lsa – ana shu shaxsni ahdingiz haqida xabardor qilishga mas’ulsiz. Ana shuni ham qilmagan odam daxlsizlikni makrga aylantirgan bo‘ladi.

“Ishlaring qalay, do‘stim?” – “Yaxshi desam ham bo‘ladi. Lekin mana bu narsa ozgina menga yoqmay turibdi. Shuni mana bunday qilib hal qilmoqchiman. Yoki bunday qilsammikan-a? Sen nima deysan?” – “Buni menga aloqasi yo‘q-ku, lekin menimcha mana bunday qilganing yaxshi...” Bu daxldorlik.

“Ishlaring yaxshimi, do‘stim?” – “Ha, hammasi yaxshi. Xudoga shukr.” – “Ha, sen uchun xursandman” Bu daxlsizlik.

Bob avvalida aytganimdek, biz o‘z orzu-umid, niyat-maqsadlarimizni yaqinlarimiz bilan baham ko‘rishni istaymiz. Ammo bu istak har doim ham qalbdan kelib chiqmaydi. Buni biz ba’zida aql buyrug‘i bilan qilamiz. O‘z maqsadlari va rejalarida qandaydir shubhasi bo‘lgan aql boshqalardan bu borada fikr so‘raydi. Bu odamga aslida fikr emas – u to‘g‘ri ish qilayotganiga tasdiq kerak. Boshqalar ham bu ishni ma’qullasa – undagi shubha kamayib, ishonch ortadi.

O‘z istaklari uchun mas’uliyatdan qo‘rquvchilar ham boshqalarga mudom hisobot berib yuradilar. Ular o‘z rejalari haqida iloji boricha ko‘proq odamni xabardor qilib, shu rejalar uchun mas’uliyatni ko‘pchilikka “taqsimlamoqchi” bo‘ladilar. Bunday odamning ahd kuchi hech narsaga qodir bo‘lmaydi. Natijada, bu odam hech bir maqsadiga boshqalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashuvisiz erisha olmaydi.

Aybdorlik tuyg‘usiga chalinganlar o‘z istaklari uchun o‘zlarini aybdor biladilar, o‘zlariga nimanidir ravo ko‘rganliklari ularga erish tuyiladi. Ana shu g‘ashlikdan qutulish uchun ular ham o‘z maqsadlari haqida atrofdagilarni boxabar qilishadi. Aslida ularga “yaxshi niyat qilibsan, sen ham hamma qatori bunga loyiqsan” kabi tasdiq kerak.

O‘z shaxsiy kuchi kamligi bois boshqalarga o‘z ahdini daxldor qilib yuradigan odamni tanib olish juda oson: u siz bilan o‘z rejalarini baham ko‘rganda, uning bu ishi noto‘g‘ri ekanini aytish kifoya. U darrov asl qiyofasini ochadi.

Daxlsizlik – birovning shaxsiy hayotiga aralashmaslik odati hamdir. Bu odat sizga hayot muvozanatini buzmaslikka, shaxsiy muhimlik domiga tushmaslikka yordam beradi. Shaxsiy muhimlikka chalingan odam daxldorlik iplari orqali boshqalar ta’siriga mahkam bog‘langan bo‘ladi.

Masalan, mashhur odamlar o‘ta katta daxldorlik ortidan aziyat chekishadi. Ularning shaxsiy hayotlari, maqsad va intilishlari ko‘pchilik e’tiborida bo‘ladi. Bunda ularning o‘z hayotlarini erkin boshqarish imkoniyatlari ancha cheklanadi. Bu shuhratning badali – ulardan muxlislar mukammallikni talab qilishadi va kutishadi. Bunday bosim ostida yashash naq azob – sizning ahdingizni yuzlab va minglab odamlar chalg‘itib tursa, uni tutib turish haddan ziyod qiyin.

Barchamiz kimlargadir muxlismiz. Buning sira yomon joyi yo‘q. Muxlislik – sizga zavq berib, hayotiy quvvatingizni oshirishga xizmat qiluvchi san’at asarlarini yaratgan shaxsga bildirilgan minnatdorchilik hisidir. Ammo muxlislikni o‘z kumiridan bekamlikni talab etish deb biladiganlar ham bor. Bular muxlis emas – quvvatxo‘r ojiz shaxslardir. Ular yoqtirgan insonlaridan bor quvvatni tortib olmaguncha, uning shaxsiy hayoti ham ular istagandek bo‘lmaguncha tinchimaydigan ojizlardir. Bir kun kelib, kumirlari quvvatsizlanib, qandaydir xatoga yo‘l qo‘ysa – sevgisini nafratga aylantiradiganlar ham ana shular.

Sizni siz muxlislik qilayotgan odamga faqat uning ijodi bog‘laydi – uning shaxsiy hayoti sizga mutlaqo daxlsiz. Siz uni yutuqlari uchun emas – ijodi va san’ati bilan sizga bergan zavqi uchun yaxshi ko‘rasiz. Kumiringiz shaxsiyatiga daxldor bo‘lishga intilish – o‘ta ketgan muhimlik.

Biz nafaqat kumirlarimizdan, balki o‘z yaqinlarimizdan ham ko‘p narsa talab qilib yashaymiz. O‘zimizni ularning shaxsiy hayoti va intilishlariga aralashishga, kerak bo‘lsa – ularni o‘zgartirishga haqlimiz deb o‘ylaymiz. Ammo bu boshqa odamning erkinliklarini cheklash, uning shaxsiy o‘sishiga to‘sqinlik qilish degani. O‘z shaxsiyatingizni boshqalar uchun daxlsiz saqlash bir masala bo‘lsa – boshqalar shaxsiyatiga daxl qilmaslik boshqa bir gap. Ikkisiga ham amal qilish birdek zarur.

Kimgadir g‘oyibona yaxshilik qilishni uddalasangiz – demak, daxlsizlik san’atini egallagansiz. Birovga qilgan yaxshiligi haqida hech kimga gapirmaslik kamdan-kam shaxsning qo‘lidan keladi. Bunday ish daxlsizlik tamoyili bergan afzalliklarni ko‘ra bilgan va ularni o‘rnida ishlata olgan odamga xos.

Daxlsizlik tamoyili sizga hech kimning erkinligini poymol qilmasdan, o‘z erkinliklaringizdan bahramand bo‘lish imkonini beradi. Bundan tashqari, daxlsizlik sizning ahdlaringiz qudrati boshqalar ta’siri ostida kamaymasligini ta’minlaydi. Shaxsiy o‘sishingizni ham sizdan boshqa hech kimga daxli yo‘q – shunday ekan, kuchli shaxs bo‘lish uchun sizga nima kerakligini faqatgina siz hal qilasiz.

Kamina ham sizning shaxsiyatingizga daxldor bo‘lishdan yiroqman. Men sizga ko‘p narsa aytishim mumkin – lekin eshitganlaringizdan aynan nimalar sizga daxldor ekanini ajratishni ahdingizga qo‘yib bering.

7QADAM - 3
Buyurtma berish: @yettiqadam

Report Page