Aqiyda nima?

Aqiyda nima?

@chirchiq_markaziy_masjid


Aqiyda so‘zi arabcha aqada feʼlidan olingan bo‘lib, bir narsani ikkinchisiga mahkam bog‘lash maʼnosini anglatadi. Bu so‘zning jami (ko‘plik shakli) aqoid bo‘ladi. 

Ulamolarimiz aqoid ilmini turlicha taʼrif qilganlar. 

Taʼriflarning eng jamlovchisi, eng osoni, eng shomili va eng qisqasi alloma Ali Qorining Al-Fiqhul Akbarga qilingan sharhining takmilasida, 146-sahifada zikr qilingan taʼrifidir: 

U bir ilmki, unda eʼtiqod qilish lozim bo‘lgan narsalar haqida bahs qilinadi. 

Aqoid ilmining maqsadi: dunyo va oxirat saodatiga erishish. Din asoslarini ahli botilning shubhalaridan va adashtirishlaridan muhofaza qilish. 

 

Aqida ilmining tarixi: 

1. Al-Fiqhul Akbar. 

Bu ilmning eng qadimgi nomlaridan biri Al-Fiqhul Akbardir. Ushbu nomni bergan kishi Imomi Aʼzam – Abu Hanifa rahmatullohi alayhidirlar (hijriy 150 sanada vafot etgan). U kishi aqoid bo‘yicha bir kitob imlo qilib, uni Al-Fiqhul Akbar deb nomlaganlar. 

Sharʼiy aqiydaviy ahkomlarni aniq va to‘liq o‘rganuvchi ilm esa Al-Fiqhul Akbar – katta fiqh deb ataladi. Chunki shu ilm bilinmasa, uni tushunib yetilmasa, qilingan amallar ham muroddagidek bo‘lmaydi. Shuning uchun ham amaliy fiqh – kichik fiqh, aqiydaviy fiqh – katta fiqh hisoblanadi. 

2. Ilmul Kalom. 

Bu mazkur ilmning eng mashhur nomidir. Bu nom o‘zidan oldingi nom – Al-Fiqhul Akbar nomi bilan bir asrda, yaʼni hijriy ikkinchi asrda zohir bo‘lgan ko‘rinadi. 

3. Ilmi Usulid-din. 

Yaʼni Islom shariati va dindan olingan eʼtiqodiy hukmlar haqida bahs qiluvchi ilm. Bu ilm asl bo‘lib, boshqa diniy ilmlar unga ergashadi. 

4. Ilmul Aqoid. 

Bu nom o‘zidan oldingi nomlardan keyinroq, hijriy to‘rtinchi asrda paydo bo‘lgan. Aqoid falsafa bilan, naqliy aqiydalar aqliylari bilan aralashib ketganidan keyin, salafi solihning xolis aqiydasini keyingilarning falsafa aralashgan, aqliy taʼvillarga qorishgan aqiydasidan ajratish uchun ushbu nomni ishlatishga hojat tushgan. 

Imom Tahoviy ham o‘z risolasini al-Aqiyda deb nomlagan, keyin odamlar at-Tahoviya so‘zini qo‘shganlar, shunday qilib, Al-Aqiydatut-Tahoviya bo‘lib qolgan.

Report Page