Anif "Oqdan qizilga"
Shoiraxon Mirahmeedova“Oqdan qizilga” Anif
Anif o’zi kim? Hozirgi adabiy jarayonda o’zining tarjimalari, mistik hikoyalari bilan o’rin egallayotgan va endilikda nazm maydonida ham qalam tebratayotgan ijodkor – Nodirabegim Ibrohimova. Muallifning ilk she’riy to’plami, nazmdagi dastlabki ijod namunalari to’plangan kitobga “Oqdan qizilga” deya nom berilgan. Nomning o’zida majoz bor. Yanada aniqrog’i, shu sarlavha ostidagi she’r mazmunida anglashiladi.
Har qanday his yashashga haqli. She’rlarda siz o’zingizga tanish bo’lgan ko’plab hislarni tanangizda his qilasiz. E’tibor beradigan bo’lsak, to’plamdagi har bir she’r erkin vaznda yozilgan. Jo’n tushuntirsak, ijodkor o’z his-kechinmalarini erkin bayon etishni, she’rdagi mavjud kanonlashgan qoliplarni rad etish orqali ifodalashni tanlaydi. Bu haqida professor Dilmurod Quronov shunday deydi: “San’atkor ijodiy niyatidan kеlib chiqqan holda bo‘lg‘usi asarning shaklini bеlgilaydi, yana ham aniqrog‘i, bo‘lg‘usi asarning mazmuni uning shaklini bеlgilaydi”. Aynan shu hodisa Anif ijodida ko’rinadi. She’rlarning o’zi shakl tanlagan. Ijodkor niyati ham aniq: kanonlardan yiroqda hislarini anglatish.
Har bir she’r ijodkorning ma’lum ruhiy holatlari, kechmishlari va tanasida tuygan hislarini aks ettiradi. Yana shuni ham unutmaslik lozimki, har qanday ijodkor ijod onida umuman boshqa ruhiy holatda bo’ladi. Qaysidir ma’noda, muallif o’limi sodir bo’lishi talab qilinadi. Aslini olganda, she’rlar insonni inson sifatida tushunishga yordam beradi. Ma'lum vaqt davomida ijodkor tasvirlagan voqelikda yashaysiz, u his qildirishga uringan hislarni yashaysiz. San'atkorni anglaysiz.
Anif she’rlari o’ziga xos. Har bir she’rda ayol kechinmalari, ruhiy erkinlik, o’zlikka qarab intilish va ungacha bo’lgan yo’l singari g’oyalarni o'zida mujassam etadi. Shuni aytish kerakki, ayrim she’rlar tushkun kayfiyat beradi. Adabiy asar o’qirmanga ozgina bo’lsa-da, umid hissini berishi kerak. Anif she’rlarida siz sovuq sukunatni his qilasiz. Xuddiki, ijodkor ayni shunday hislarni yashab o’tayotganda ijod qilganligining taassurotini beradi. Muallif sizga shu kabi hislarni tortiq qiladi. Biroq tushkun kayfiyat beruvchi hislar ham adabiyotda yashashga haqli.
To'plamdagi “Dag’al qo’llar” she’ri e’tiborimni tortdi. She’r 4 faslga bo’lingan. Ularning bari bir butun voqelikni ifoda etadi. Shaharda yashaydigan bir qizning (ya’ni, lirik qahramon) har yozgi ta’tilda qishloqqa borgani va qo’shni qiz bilan uchrashuvlarini tasvirlaydi. Ilk borishida ikkisi ham mitti qizcha ekani muallif tomonidan aniqlashtiriladi. Qishloqdagi tengqurining hayrati shaharlik qizning mayin va yumshoq qo’llarida bo’ladi. Mehnatdan dag’allashgan qo’llar uchun mayin qo’llar o’zgacha hayrat baxsh etadi. Qishloqdagi qizchaning shahar hayoti qandayligini surishtirishi ham bolalarcha beg’uborlik va qiziqishdan iboratligi ayon. Shu bilan birga qizchaning oilaviy ahvoli ham ochiqroq tasvirlanadi: “piyonista otang”, “onang mardikorlikka ketgan” va “go’dak singling”. Ayni voqelik to’rt fasl davomida tadrijiy ravishda o’sib boradi. Qizning qo’llari yana-da dag’allashishda davom etishidek, uning oilaviy ahvoli ham yana-da og’irlashadi. Ammo bu faslda ikkala qiz ham ulg’aygan va bo’yi yetgan qizlar. Endi qo’llari dag’al qizning kelajakka nisbatan umidlari katta. Uning sevgilisi bor:
— Sevganim bor, u qo’llarimdan tutganda
uyalaman, derding o’kinib.
Keyingi faslda ahvol yana-da og’irlashadi. Qizning hayoti o’xshamagan, tag’in oilaviy holati ham bir ahvol. Shu bilan birga lirik qahramonning ruhiyatida ham o’zgarishlar bo’lgan:
Negadir seni yupatolmadim,
qattiq va dag’al ko’nglim
bundan zarra ta’sirlanmadi.
Tengqur dugonasining jismida o’zgarishlar sodir bo’lgan bo’lsa, endigi o’zgarish lirik qahramonning ko’nglida kechgan evrilishlar. Uning qo’llari mayin va yumshoqligini yo’qotmagan, biroq qalbi qattiqlashgan. Ikkala holat bir- biriga o’zaro zidlantiriladi. She’rda lirik qahramon bilan ijodkor birlashib ketgan. Har qanday she’rda ijodkor his qilgani qadar voqelikni tasvirlaydi. Sizning quvonishingiz, achinishingiz, yig’lashingiz va kulishingizga sabab bo’ldimi, demak, ijodkor o’z ta’sirini o’tkazgan.
Lirik qahramonning shahardagi hayoti uning ko’nglini qattiqlashtiradi. Unda qishloq qalbi so’nadi. Inson ma’lum bir vaziyatga nisbatan o’z munosabatini bildiradi. Lirik qahramondagi holat esa aksincha, qo’shni dugonasining ayanchli taqdiriga nisbatan hech qanday munosabat bildirmaydi:
Negadir seni yupatolmadim,
qattiq va dag’al ko’glim
bunda zarra ta’sirlanmadi.
Qo'shni qizning azoblari shu darajada rivojlanib boradiki, bir insonga buncha azob og’irlik qilmasmikin, o’ylaysan kishi. She’r so’nggiga qadar bir umid bilan borasan, ehtimol, hayoti endi o’zgarar?! So’nggi faslda fojiaviylik haddi a’losiga yetadi. Shu yerning o’zida muallif o’limi sodir bo’ladi. Lirik qahramon ham, muallif ham voqelikni o’z tizginiga ola bilmaydi:
Ta'tilda qishloqqa borgan kezlarim
Sen yo’q eding – qo’llarim ushlab ko’rgani...
Ushbu she’rni o’qigan paytingiz originallikni sezasiz. Qalbingizda qo’shni qizga nisbatan achinishni his qilasiz. Anifning o’z uslubi bor. Ichki kechinmalarni oq qog’ozga to’kish oson emas. Eng qiyini – yozish. His-kechinmani his qilasiz, ammo uni qog’ozga to’kmoqchi bo’lgan oningiz azobli jarayon.
Talqin tugal bo’lmaydi. Talqin yagona ham bo’lmaydi. Har bir kishining o’z talqini bor. Hech bir talqin noto’g’ri ham bo’lmaydi. Biz shuni unutib qo’ymoqdamiz.
Anifning qolgan she’rlarini ham shunday tahlil maydoniga tortsak bo’ladi. Men ulardan faqat birini oldim. To’plamdagi she’rlar zamonamizdagi muammolar, atrofimizdagi odamlar va siz ayni damda his qilib turgan ayrim tuyg’ulariningiz haqida. Zotan, har qanday ijodkorni uning aynizamondoshlari ko’proq tushunadi va ko’proq his qiladi.
(c) Mirahmedova
@Mirahmedovas_blog