Andijonda kamida 1000 ta yangi ish o‘rni uchun manba aniqlandi
Andijon bandlik
Dastlab Shahrixondagi aholini kasb-hunarga oʻrgatish markazi bilan tanishildi. Bu yerda oʻquv jarayonlarini amaliyot bilan uygʻun olib borish maqsadida issiqxonalar qurilib, asalarilar boqilmoqa, bundan tashqari parrandachilik va chorvachilikni o‘rganish uchun ham sharoit yaratilgan.
Yoʻnalishlarni kengaytirish, aholini kasb-hunarga oʻqitish bilan birga shu yerning oʻzida ish bilan taʼminlash boʻyicha topshiriq berildi.
Markaz hududida barpo etilayotgan angar usulidagi oʻquv-ishlab chiqarish loyihasi ham ko‘zdan kechirildi. Har birining umumiy qiymati 11 mlrd so‘m bo‘lgan shu kabi majmualar Shahrixondan tashqari Asaka, Bo‘ston, Ulug‘nor hamda Qorg‘ontepa tumanlarida ham qurilishi boshlanganu yakuniga yetmay qolgan edi. Bugungi tanishuv jarayonida loyihalarga mablag‘ ajratib, qurilish ishlarini davom ettirishga ko‘rsatma berildi. Loyihalar ishga tushgach, jami hisobda 1000 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Joylar tadbirkorlarga ijara asosida beriladi.
Keyingi manzil Oltinkoʻl tumanidagi 5 gektar maydonda qurilayotgan issiqxona boʻldi. Qurilishi yakunlangach, bu yerda 80 ta xonadonga 10 sotixdan yer ajratilib, ularning bandligi va daromadi ta'minlanadi.
Issiqxona atrofida vaqtinchalik turar-joy, mahsulotlarni saqlash uchun muzlatkich hamda ombor quriladigan bo‘ldi.
Tumanning “Ittifoq” MFYda istiqomat qiluvchi Maftunaxon Yusupova imtiyozli kredit olib xonadonida kasanachilikni yoʻlga qoʻygan va hozirda 15 nafar xotin-qiz bandligini taʼminlagan ishbilarmon.
Vazir ushbu xonadonda ham boʻlib, tadbirkor faoliyati bilan tanishdi. Muloqotda M.Yusupova davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlar natijasida faoliyati rivojlanyotganini qayd etib, yana yangi uskunalar xarid qilishda amaliy yordam koʻrsatilsa ish o‘rinlari sonini 50 taga yetkazish imkoniyati borligini aytdi. Tadbirkorga ayni maqsad uchun subsidiya ajratiladigan bo‘ldi.