Andijonda talabalar yotoqxonalarining qurilish jarayoni ko‘zdan kechirildi
Ma’lumki, joriy yildan boshlab oliy ta’lim muassasalarida davlat xususiy-sherikchilik asosida talabalar turar joyini qurish bo‘yicha yangi tizim joriy etildi. Mazkur tizim asosida 2022 yilda OTMda jami 18800 o‘rinli 47 ta yotoqxona barpo etish belgilangan.
Bugun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov hududlardagi oliy o‘quv yurtlarida DXSh shartlari asosida yotoqxonlar qurilishi jarayoni, mavjudlarining yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati bilan yaqindan tanishish maqsadida Andijon viloyatidagi oliygohlarda bo‘ldi.
Dastlab, Andijon davlat universitetida zamonaviy va jahon standartiga mos ravishda 400 o‘rinli davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilayotgan talabalar turar joyi qurilish ishlari bilan tanishildi. Hozirgi kunda binoning uchinchi qavatida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Jarayonlarni ko‘zdan kechirar ekan, S.Buzrukxonov qurilish ob’ektini o‘z muddatida, sifatli bajarish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berdi.
Keyingi manzil Andijon davlat tibbiyot instituti bo‘lib, ta’lim maskani hududida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari qizg‘in ketayotgani guvohi bo‘lindi. S.Buzrukxonov talabalar turar joyi binosida olib borilayotgan kapital ta’mirlash ishlarini ham ko‘zdan kechirdi. Qurilish-ta’mirlash ishlarini ko‘rish asnosida takliflar bildirdi. Aytish joizki, ushbu OTMdagi talabalar turar joyi binosining birinchi va ikkinchi qavatlarida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Shundan so‘ng, vazir o‘rinbosari Andijon chet tillari institutida bo‘ldi. Bu yerda ham yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari bilan yaqindan tanishildi. Jarayon bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.