"Ilmga chanqoq yoshlarga dars o'tish – jamiyatga xizmat qilishning eng oliy ko'rinishi"
IELTS imtihonidan 8.5 ballni qoʻlga kiritish uchun harakat qiladiganlar yoki, qoʻlga kiritganlar, odatda, chet el universitetlarida tahsil olish uchun ketadilar, oʻz karyeralarini maktab bilan bogʻlamaydilar.
Yosh o'qituvchi Raxmatjon Toshpoʻlatov Andijon viloyati Asaka tumanidagi chekka qishloq — Ajuvozda tugʻilib-oʻsgan va oʻsha yerdagi maktabda bolalarga ingliz tilidan dars berib kelmoqda. Eng hayratlanarlisi, bu oddiy maktab oʻqituvchisi 8.5 ballik IELTS sertifikatiga ega.
Oʻqituvchilik faoliyatidan tashqari IELTS imtihonidan yuqori ball olishda yordam beruvchi, oʻzi tuzib chiqqan qoʻllanmani yanada mukammal holga keltirish ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Respublika ta'lim markazi Axborot xizmati Andijonga bir necha kunlik safari chog'ida, Andijonlik ko'plab o'qituvchilar qatori, Raxmatjon bilan ham suhbat tashkillashtirdi. Quyida shu suhbatni e'tiboringizga havola qilamiz.
“Oliy oʻquv yurtiga kirishimning oʻzi bir qiyinchilik va katta sarguzasht boʻlgan. Oddiy ishchilar oilasida tugʻilganman. Oilamda oliy maʼlumotlilar va menga maslahat berib turuvchi inson boʻlmagan. Faqatgina eng zoʻr Ingliz tili oʻqituvchisi boʻlishdek oliy maqsad meni oldinga yurishga undar edi. Abituriyentlik davrimda oʻqishga tayyorlanish uchun oilaviy sharoitim imkon bermas edi. Hatto, borib kelishga yoʻlkiraga ham pulim yoʻq edi. Lekin bu narsalar meni oʻqishga kirish maqsadimdan qaytarib qola olmadi. Dadam yoshligimda sovgʻa qilgan velosipedda qishloqdan Andijon shahriga har kuni 50 km yoʻl bosib kelib-ketar edim. Harakatlarim besamar ketmadi, 2016-yili talaba boʻldim. Hozirda qishlogʻimdagi 28-maktabda Ingliz tilidan dars berib kelyapman.
Qishloqda men kabi oʻqishni xohlaydiganlar koʻp. Ammo hammasining ham pul toʻlab repititorga borishga imkoni yoʻq. Men esa shunday yoshlarga oʻz bilimlarim bilan yordam bergim keladi. Qishloq yoshlari, men kabi qiynalib shaharga borib-kelib yurmasin deyman. Shuni oʻylab, maktabdagi darslarimdan tashqari oʻzimning uyimda kurslar tashkil qilganman, katta loyihalar boshlaganman. Imkoni yoʻqlarga, muhtojlarga qoʻldan kelgancha darslarni bepul oʻtishga harakat qilaman.
Ilk talabalik yillarimdan dars berishni boshlagan boʻlsam, shu kungacha 1000 ga yaqin yoshlarga til oʻrgatdim. IELTS va CEFR olish istagidagi 100 dan ortiq Ingliz tili oʻqituvchilariga dars berdim va natijalar juda yaxshi boʻlyapti. Faoliyatimni kengaytirish va butun Andijonliklarga oz boʻlsa ham foydam tegsin deb viloyat markazida ham dars berishni boshladim.
Har bir inson uchun hayot mazmuni har xil. Mening hayotimni mazmuni esa kasbim. Zero, inson boshqalarning takomillashuviga hissa qoʻshmas ekan, oʻzi ham kamolotga erisha olmaydi, ilmga chanqoq yoshlarga dars o'tish – jamiyatga xizmat qilishning eng oliy ko'rinishi”, – deydi, Raxmatjon Toshpo'latov.
Kanalga obuna bo'lish:👇👇👇