Andijon davlat universiteti rektorining 8-mart "Xalqaro xotin-qizlar kuni" munosabati bilan bayram tabrigi

Andijon davlat universiteti rektorining 8-mart "Xalqaro xotin-qizlar kuni" munosabati bilan bayram tabrigi


Assalomu alaykum, barchamiz uchun sevimli, aziz, qadrli boʻlgan opa-singillar, muhtarama Ayollar!

Avvalambor, Sizlarni, sizlarning timsolingizda barcha onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni ezgulik va goʻzallik ayyomi, bahorning nafis bayrami boʻlgan 8-mart — Xotin-qizlar kuni bilan Andijon davlat universitetining katta jamoasi nomidan samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysiz!

Ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoyiligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos boʻlib keladi. Shu bois ham dunyodagi eng buyuk sanʼat asarlari, qoʻshiq va qasidalar, meʼmoriy obidalar ayollar shaʼniga bagʻishlangandir.

Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va koʻrki boʻlgan xotin-qizlarni eʼzozlash, ularga hurmat va ehtirom koʻrsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz goʻzal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.

Bu dunyoda shirin va ahil, baxtli hayot uchun poydevor yaratib, insonni inson, oilani mustahkam oila qiladigan, biz uchun muhabbat, vafo va sadoqat timsoli boʻlib kelayotgan Siz, goʻzal va betakror, qadrdon ayollarimiz haqida koʻplab taʼriflar keltirish mumkin.

Bu borada Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning “Siz, hurmatli ayollarimiz oʻzingizning onalik mehringiz, hayotiy bilim va tajribangiz bilan farzandlarimizni turli xavf-xatarlardan asrashda, ularni mustahkam irodali, maʼnaviy-intellektual jihatdan yetuk, jonajon Vatanimizga sadoqatli insonlar etib tarbiyalashda bundan buyon ham kuch-gʻayratingizni ayamaysiz, deb ishonaman. Ayniqsa, qiz bolalarni hayotga tayyorlash, ularni zamonaviy bilimlar, kasb-hunarlarga oʻrgatishda biz avvalo sizlarga suyanamiz” degan soʻzlari har jihatdan ibratlidir.

Qadrli opa-singillar!
Yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oila mustahkamligini taʼminlash davlat siyosati darajasida ekanligi bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Har bir millatning kuch-qudrati avvalo oʻsha yurtning ayollariga boʻlgan eʼtibori va munosabatida ifodalanadi. Qadimdan xalqimiz hayotida ayollarning oʻrni yuksak baholanib kelingan va bugungi kunimizda ham bu eʼtibor va eʼtirof yanada yuksalib bormoqda.

Mamlakatimiz ayollari davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etmoqda, ularning oiladagi mavqei mustahkamlanmoqda. Davlat rahbari tomonidan olib borilayotgan ijtimoiy yoʻnaltirilgan siyosat xotin-qizlarimizga chinakam baxtli yashashi uchun, ularning huquq hamda erkinliklarini taʼminlash, intellektual va maʼnaviy yuksalishi, kasbiy hamda oilaviy majburiyatlarni hamohang tarzda bajarishi uchun zarur imkoniyatlar yaratmoqda.

Hozirda Andijon davlat universitetida mehnat qilayotgan 1503 nafar xodimning 687 nafari (401 nafar professor-oʻqituvchi, 286 nafar ishchi xodim)ni, yaʼni 45,7 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.
Ayol professor-oʻqituvchilarning 11 nafari fan doktori, 58 nafari fan nomzodi va falsafa doktori (Phd) ilmiy darajalariga ega ega boʻlib, ularning ichida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi, “Doʻstlik” ordeni, “Shuhrat” medali, Zulfiya nomidagi davlat mukofotlari bilan taqdirlangan ayollarimiz hamda qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarimiz borligini taʼkidlab oʻtmoqchiman.

Bugungi kunda universitetdagi boshqaruv lavozimlarida ayollarning ulushi 22 nafarga yetkazildi. Ayollarimizdan 2 nafari dekan, 11 nafari kafedra mudiri, 8 nafari boʻlim boshligʻi, 1 nafari Ixtisoslashgan kengash raisi lavozimlarida rahbarlik qilib kelmoqda.

2020-yilda universitetda oʻz faoliyatini boshlagan “10.00.06 - Qiyosiy adabiyotshunoslik, chogʻishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik” Ixtisoslashgan Kengashiga rais etib filololgiya fanlari doktori, professor Sh.Shahobiddinova tayinlandi.

Universitetda tahsil olayotgan jami 12274 nafar talabalarning 8277 nafari, yaʼni 67,4 foizi qizlardan iborat boʻlib, ularning orasida Zulfiya nomidagi davlat mukofoti, nomdor davlat stipendiyalari sohibalari, chempionlar, Yoshlar parlamenti aʼzolari bor ekanligi barchamizni birdek quvontiradi.

Bir haqiqat ayonki, har qanday xalqning maʼnaviy darajasini avvalo shu yurt ayollarining maʼnaviy saviyasi belgilaydi.
Ayollarning ilmiy va madaniy saviyasini yuksaltirish, ularni munosib ish oʻrinlari bilan taʼminlash maqsadida bu yil qizlarimiz uchun oliy oʻquv yurtlariga alohida qabul kvotalari joriy etildi. Bu tariximizda birinchi marta qoʻllanayotgan tajribadir. Chunki oʻqimishli, oliy maʼlumotli ayol oilada ham, ishda ham, jamiyat hayotida ham hamma narsaga ilm-maʼrifat bilan, ongli va faol yondashadi va munosib ishtirok etadi.

Oliy taʼlim muassasalariga ajratilgan 4 foizli davlat grantlari doirasida 2020-yilda 37 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oila qizlari universitetga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilindi.
Bayram arafasida butun jamoamiz dilidagi ezgu tilaklarni birlashtirib, aytmoqchimanki, talaba-yoshlarga munosib taʼlim va tarbiya berishdek gʻoyat mashaqqatli, ammo oliyjanob va savobli ishga qoʻshayotgan ulkan hissangiz, fidokorona mehnatingiz uchun sizlardan cheksiz minnatdormiz.

Sizlarni oʻzingizday goʻzal bayramingiz 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan yana bir karra qizgʻin muborakbod etgan holda, barchangizga tinchlik-xotirjamlik, oilaviy farovonlik, mustahkam salomatlik tilayman.

Dunyodagi eng ulugʻ saodat – oilaviy baxt Sizlarga doimo yor boʻlsin!
Ayol borki, olam munavvar, ayol borki, hayot goʻzal va maftunkordir.
Baxtimizga doim omon boʻling!


Akramjon Yuldashev
Andijon davlat universiteti rektori

Report Page