"Umidsiz insonlarga umid baxsh etgan o'qituvchi" - Anand Kumar qanday qilib dunyoni lol qoldirdi?
mad_max93
Anand Kumar (1973-yil 1-yanvarda tug'ilgan) - hind matematika o'qituvchisi, o'zining 2002-yilda Bixar shtati Patna shahrida boshlangan "Super 30" dasturi bilan mashhur. Bu dastur kam ta'minlangan oila farzandlarini Hindiston texnologiya institutiga kirish imtihoni IIT-JEE uchun tayyorlashga yo'naltirilgandi. 2018-yilga kelib Anandning 481 o'quvchisidan 422 tasi texnologiya institutiga kirishga muvaffaq bo'lgan. Shundan keyin Discovery kanali uning faoliyati haqida hujjatli film namoyish etgan.
Kumar Massachusets texnologiya instituti (MIT) va Garvardda nutq so'zlab, unda hind jamiyatining kam ta'minlangan qatlamlari farzandlarini o'qitish dasturi haqida gapirib bergan. Kumar va uning maktabi hind ommaviy axborot vositalarida ko'rsatilgan bir nechta tuhmat kampaniyalari mavzusi bo'lgan. Uning hayoti va faoliyati haqida 2019-yilda "Super 30" filmi suratga olingan va filmda Anand Kumar rolini mashhur aktyor Xritik Roshan ijro etgan.

Yoshligi.
Anand Kumar Hindistonning Bihar shtatidagi Patna shahrida tug'ilgan. Uning otasi pochta bo'limi xodimi bo'lgan. U farzandlarini xususiy maktabda o'qita olmagan. Ammo, davlat maktabida ta'lim olgan bo'lsa-da, Anand bolaligidan matematikaga chuqur qiziqib qolgan. O'qishni tugatayotganda "Matematik spektr"da sonlar nazariyasi haqida maqolalari nashr qilinadi. Shuningdek, u "Matematik gazeta"siga ham xat yozadi.
Bularning barchasi Anandga Kembrij universitetida o'qishni davom ettirishni kafolatlaydi. Ammo otasining o'limi va moliyaviy qiyinchilik tufayli u Angliyaga bora olmaydi. Hatto 1994–1995-yillarda Patna va Dehlida homiy qidirishi ham befoyda bo'ladi.

Kumar kunduzi matematika bilan shug'ullanar, kechki payt onasi bilan papadam sotib, ro'zg'or tebratardi. Kumar qo'shimcha pul ishlash uchun talabalarga saboq bera boshlaydi. Patna universiteti kutubxonasida chet el jurnallari bo'lmaganligi sababli, Anand har dam olish kunlari Varanasi shahriga olti soat yo'l bosib borib kelardi.

O'qituvchilik karyerasi.
1992-yilda Kumar matematikadan dars berishni boshlaydi. Sinf uchun ijaraga joy olib. Ramanujan matematika fakulteti (RSM) faoliyatini boshlaydi. Yil davomida uning o'quvchilari ikkitadan o'ttiz oltitaga yetadi. Uch yildan so'ng ushbu maktab 500 ga yaqin o'quvchiga xizmat ko'rsata boshlaydi.
2000-yil boshlarida, kambag'alligi sababli yillik qabul to'lovini to'lolmagan bola Anandning oldiga keladi. Uning holati Kumarni 2002-yilda "Super 30" dasturini boshlashga undaydi.

2002-yildan beri har may oyida Ramanujan matematika maktabi "Super 30" dasturiga 30 o'quvchini tanlab olish uchun tanlov o'tkazadi. Sinovga ko'plab o'quvchilar keladi. Ular orasida iqtisodiy jihatdan boshqalardan ortda qolgan, ammo iqtidorli yoshlar maktabda o'qish uchun tanlab olinadi. Bu o'quvchilar yil davomida yashash joyi bilan ta'minlanadi. Anand ushbu 30 o'quvchini Hindiston texnologiya institutiga (IIT) kirish imtihoniga tayyorlaydi. Uning onasi Jayanti Devi talabalar uchun ovqat pishiradi, ukasi Pranav Kumar esa boshqaruvni o'z zimmasiga olgan.

2003-yildan 2017-yilgacha 450 o'quvchisidan 391 tasi talabasi IITga kirishgan. "Super 30"ni hech qanday hukumat va xususiy agentliklar moliyaviy jihatdan qo'llab-quvvatlamaydi. Dastur uchun mablag' Ramanujan maktabidan kelib tushadigan to'lovlar hisobiga qoplanadi. "Super 30"ning muvaffaqiyati tobora ommalashib ketgach, Anand Kumar milliy kompaniyalardan ham, xalqaro kompaniyalardan ham, shuningdek hukumatdan ham moliyaviy yordam berish haqida takliflar olgan, ammo hammasini rad etgan.
2006-2007-yillarda 30 talabaning hammasi IIT-JEEdan o'tolgan. Keyingi yillarda nufuzli IIT-JEE imtihonlarida qatnashgan 30 talabaning o'tish ko'rsatkichlari quyidagicha: 2011–24, 2012–27, 2013–28, 2014–27, 2015–25, 2016–28, 2017–30 va 2018 - 26.

Mashhurlikka erishishi.
2009-yil mart oyida Discovery kanali "Super 30" dasturidan bir soatlik translyatsiya uyushtiradi. "The New York Times" gazetasida esa yarim sahifa Kumarga bag'ishlanadi. Aktrisa va sobiq Miss Yaponiya Norika Fujivara Patnaga Kumarning tashabbusi haqida hujjatli film suratga olish uchun tashrif buyuradi. Kumar BBC dasturlarida ham namoyish etiladi. U o'zining tajribasi haqida global miqyosdagi turli institutlarda, jumladan, Ahmadobodning Hindiston menejment institutida, Britaniya Kolumbiyasi universitetida, Tokio universitetida va Stenford universitetida ma'ruzalar so'zlaydi. U, shuningdek, kambag'al o'quvchilarni IIT-JEE imtihonlariga bepul tayyorlash orqali qo'shgan hissasi uchun "Limka rekordlar kitobi"ga (2009) kiritilgan. "Time" jurnali "Super 30"ni "Best of Asia 2010" ro'yxatiga kiritadi. 2010-yil iyul oyida Anand Kumar IRDS tomonidan S. Ramanujan mukofotiga loyiq ko'riladi.

"Super 30" AQSh prezidenti Barak Obamaning maxsus vakili Rashad Xussaynning maqtovlariga sazovor bo'ladi. "Newsweek" jurnali matematik Anand Kumarning "Super 30" tashabbusiga e'tibor qaratib ushbu maktabni dunyoning to'rtta eng innovatsion maktablari ro'yxatiga kiritadi. 2010-yil noyabr oyida Anand Bihar hukumatining "Maulana Abdul Kalam Azad Shiksha Puraskar" mukofotiga sazovor bo'ladi.

2011-yil aprel oyida Yevropaning "Fokus" jurnali tomonidan Kumar "o'ta iste'dodli odamlarni shakllantirish qobiliyatiga ega global shaxslardan biri" sifatida e'tirof etiladi. Kumar Amitabx Bachchanga Arakshan filmidagi roliga tayyorgarlik ko'rishda yordam beradi. Bollivudning ko'plab taniqli rejissyor va prodyuserlari Anand Kumarning hayoti to'g'risida film suratga olishni xohlashardi. Anand Buyuk Britaniyada nashr etilgan "Monocle" jurnali tomonidan "Dunyoning eng yaxshi 20 o'qituvchisi" ro'yxatiga kiritiladi. Mumbaydagi "Baroda" banki tomonidan Kumarga "Baroda Sun Life Achievement" mukofoti berilgan. Rajkotda bo'lib o'tgan sakkizinchi milliy matematiklar anjumanida Kumar nufuzli Ramanujan matematika mukofotiga sazovor bo'ladi. Unga Koimbatordagi Karpagam universiteti tomonidan faxriy fan doktori (DSc) unvoni beriladi. Shuningdek, u Madxya Pradesh hukumati tomonidan ta'limga qo'shgan ulkan hissasi uchun "Maharishi Ved Vyas" mukofoti bilan taqdirlanadi. Anand Kumar Saksoniya ta'lim vazirligi tomonidan faxriy unvonga loyiq ko'riladi. Shu bilan birga Hindiston prezidenti Ram Nath Kovind tomonidan "Rashtriya Bal Kalyan mukofoti" bilan taqdirlandi.

Filmografiya.
Bollivud rejissyori Vikas Baxl Anand Kumar hayotiga bag'ishlangan "Super 30" filmini yaratadi. Unda bosh rolni Xritik Roshan o'ynadi. Film katta yutuqqa erishadi va ko'plab kam ta'minlangan yoshlar uchun motivatsiya bo'lib xizmat qildi.

"Kundaleaks" kanali materiali
@kundaleaks