📌 Amir Temur, temuriylar va Jomboy

📌 Amir Temur, temuriylar va Jomboy


Amir Temur ajdodlarimiz orasidan yetishib chiqqan ulug‘ davlat arbobi va buyuk sarkarda sifatida tariximizda muhim o‘ringa ega. E’tiborlisi, Sohibqiron va uning avlodlari hayoti, faoliyati tumanimiz bilan ham chambarchas bog‘langan.

O‘sha davr tarixiy manbalarida tumanimiz hududi Sheroz va Kanboy nomi bilan yuritilgani ma’lum. Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” asarida “Sheroz va Kanboy navohisidin Mahdiy Sulton qochib, Samarqand bordi... Biz bir-ikki kundin so‘ng Sheroz qo‘rg‘onig‘a yettuk... Dorug‘asi saqlay olmay, qo‘rg‘onni berdi”, deb yozadi. Demak, Jomboy hududi o‘sha davrda shunchaki kenglik emas, alohida nohiya (tuman) bo‘lgan.

Beshbola mahallasidagi Avliyo Qoraxon bobo masjidi va shu nomdagi qabriston tarixi ham Amir Temur bilan bog‘liq. Rivoyatga ko‘ra, Samarqandni poytaxt tutgan Sohibqiron tevarak-atrof haqida ma’lumot to‘plashni buyuradi. Unga shu kunchiqar tomondagi oq qo‘rg‘on xabarini berishadi. Emishki, u manzilni egallash imkonsizmish. Otilgan paykonlar ortga qaytarmish.

Qo‘rg‘onda azizlar makon tutganini fahmlagan sarkarda piyoda kelib, ichkari kiradi. Darhaqiqat, oq tuyali taqvodor insonlar ibodat bilan band ekan. Keyinchalik, Amir Temur shu hududda yangi masjid qurdiradi.

Hozirgi Avliyo Qoraxon bobo qabristonining sharqiy qismida qachonlardir qo‘rg‘on bo‘lgan. Gʻarbiy tomoni Shayxaton qishlog‘iga tutashgan.

Tumanimiz tarixi haqida fikr yuritganimizda yana bir temuriyzoda – ulug‘ olim va mutafakkir Mirzo Ulug‘bekni alohida faxr bilan tilga olishimiz kerak. XV asrda bevosita uning tashabbusi bilan kanal barpo etilgan. Shuning uchun ham xalqimiz o‘sha davrdan buyon bu zilol obihayot maskanini ulug‘ bobomiz nomi sharafiga “Mirzo ariq” deya atab keladi.

Anhor XV asrda Sultoniy nomi bilan yuritilgan, Zarafshon daryosidan suv olgan. O‘sha davrda Samarqand shahrining sharqidagi yerlarga suv bergan. Undan ko‘plab ariq-shoxobchalar chiqarilgan. Demak, Jomboy tumanida obikor dehqonchilik qadimdan rivoj topgan.

Jomboy tumani hududida tepaliklar ko‘p uchraydi. Ular olis o‘tmish yodgorliklaridir.

2019-yilda Nogahon mahallasining Yakonshayx qabristoni yonidagi tepalik bag‘ridan qadimiy tangalar topildi. Mahalliy aholining aytishicha, Payariq tumanidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi qurilishi uchun bu yerdan tuproq olib ketilgan. Oradan ko‘p o‘tmay, qazishma joyidan qadimiy sopol parchalari, mis chaqalar topib olingan.

Tangalar shaklan bir xil emas. Qirrasi aniq tartibga solinmagan. Sirtidagi matnlarga qaraganda, bir necha turkumga mansub. Temuriylar davriga oid.

Bunday deyishimizga asos bor. Avvalo, ularning birida sezilar-sezilmas 896 sanasi qayd etilgan. Katta ehtimol bilan hijriy-qamariy yil bo‘yicha zarb etilgan vaqtga ishora qilsa kerak. Milodiy hisobda esa 1491-yilga to‘g‘ri keladi. Bu davrda Movarounnahrda temuriylar hukmronlik qilardi.

Boshqa tangalarda raqamlar uchramaydi. Naqshinkor arabeska uslubidagi matnlarda “fuls” va “Alloh” so‘zlari ajralib turibdi. Markaziy Osiyo numizmatikasini mufassal o‘rgangan olim Irpan Tuxtiyev “Temur va temuriylar sulolasining tangalari” risolasida “Amir Temur tangalarida biz arabcha, forscha, turkcha va mo‘g‘ulcha so‘zlarni o‘qiymiz”, deb yozadi. Fikrini davom ettirib, temuriylar tangasida forscha “zarb” so‘zi ko‘p qo‘llanganini ta’kidlaydi. E’tiborlisi, tumanimizdan topilgan tangalarda ham shunga o‘xshash matn uchraydi.

Bular albatta, taxminiy fikrlar. Asosiysi, Jomboy tumanida olti-yetti asr avval ham ijtimoiy-madaniy hayot kurtaklari bo‘lgan. Savdo-sotiq, pul muomalasi rivojlangan.

Zahiriddin Muhammad Bobur... Ulug‘ shoir, bir vaqtning o‘zida temuriylarning yirik saltanati tojdorlaridan biri edi. Abu Said Mirzo o‘limidan so‘ng boshlangan taxt talashuvlar uni ham chetlab o‘tmagan.

Boburning boshqa shahzodalardan farqli bir jihati bo‘lganini tan olish kerak. U bobokaloni davridagidek Samarqand atrofida butun saltanatni birlashtirish, aholiga omonlik, tinchlik, osuda hayot in’om etish istagida edi. Zero, 1497-yil kuzida Samarqandni egallagach, oddiy fuqaroga non va osh tarqatgani tarixiy faktdir.

Afsuski, zamon dolg‘asi ulug‘ shoir va zakovatli sarkardaga poytaxtni uzoq idora qilish imkonini bermaydi. U 100 kun o‘tib avval Marg‘ilon, so‘ng Andijonga qaytadi. Shunday bo‘lsa-da, Samarqand xayoli Boburni bir lahza tinch qo‘ygan emas. Nihoyat, 1500-yilda ikkinchi bor shaharni egallagach, obodonchilikka bel bog‘laydi. Ziyolilarni qo‘llab-quvvatlash, hurmatini joyiga qo‘yishga kirishadi.

Zahiriddin Muhammad Boburning Jomboyga aloqadorligi ana shu vaqtga to‘g‘ri kelgan. Taassufki, bu boradagi tarixiy manbalar kam. Aytishlaricha, tumanimiz janubidagi Chalaqo‘rg‘on qishlog‘i aynan temuriy shahzoda Bobur tomonidan bunyod etilgan. Bevaqt boshlangan harbiy yurish qo‘rg‘on qurilishining to‘xtab qolishiga sabab bo‘lgan. Qishloqning bunday nomlanish sababi ham shunda.

Har ne bo‘lganda ham, tarixiy manbalarga suyangan holda ishonch bilan ayta olamizki, Amir Temurga munosib avlod bo‘lgan Zahiriddin Muhammad Bobur tumanimizga kelgan. Shu zamindan yetishib chiqqan allomalar suhbatida bo‘lgan. Bundan jomboyliklar har qancha faxrlansak arziydi.

(“Jomboy: Kecha, bugun, ertaga” kitob-albomidan)

Report Page