Amir Temur - mohir sarkarda 

Amir Temur - mohir sarkarda 

Buxoro Davlat Universiteti Pedagogika va Psixologiya fakultetining 9-3PPSS-20 guruh talabasi Ummatov Sohib.

#eng_yaxshi_insho

Amir Temur ibn Amir Taragʻay ibn Amir Barqul


Reja :

I. Kirish. Amir Temur hayoti.

II. Asosiy qism:

1. Amir Temur - buyuk davlat arbobi va mohir sarkarda.   

2. Amir Temur haqida qiziqarli faktlar.

3. Amir Temur tuzuklari haqida.

III. Xulosa. 


Amir Temur ibn amir Taragʻay 1336 yil 8 aprelda Kesh (Shahrisabz) viloyatining Xoʻja Ilgʻor qishlogʻida dunyoga kelgan. Uning otasi amir Muhammad Taragʻay barlos ulusiga mansub beklardan, bahodir jangchi, ulamoyu fuzaloga ixlosmand, ilm ahliga homiy va ishtiyoqmand kishi boʻlgan.

Amir Temurning yoshligi haqida maʼlumotlar kam uchrasa-da, ayrim manbalarga qaraganda, u yoshligida xat-savod chiqarib, oʻz davrining tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, meʼmorchilik va tarix ilmlarini oʻrgangan. Amir Temur bilan suhbatlashish sharafiga muyassar boʻlgan buyuk arab faylasufi Ibn Xaldun jahongir turk, arab, fors xalqlari tarixini, diniy, dunyoviy va falsafiy bilimlarning murakkab jihatlarigacha yaxshi oʻzlashtirganini taʼkidlaydi.

Amir Temur siyosat maydoniga kirib kelgan paytda, Movarounnahr moʻgʻullar istibdodi ostida boʻlib, Chingizxon va Botuxon bosib oʻtgan shahar va qishloqlar vayronaga aylangan, suv inshootlari buzib tashlangan yoki ishga yaroqsiz holga keltirilgan, Chingizxon Movarounnahrni oʻzining ikkinchi oʻgʻli Chigʻatoyxonga suyurgʻol sifatida inʼom qilgan edi.

Amir Temurning hayoti va faoliyatida ikki davr yaqqol koʻzga tashlanadi. Birinchi davri (1360–1385) Movarounnahrni moʻgʻul xonligidan ozod qilib, yagona markazlashgan davlat tuzish, oʻzaro urushlarga barham berish. Ikkinchi davri (1386–1405) esa ikki yillik, uch yillik, besh yillik, deb ataluvchi boshqa mamlakatlarga yurishlari bilan xarakterlanadi.

Amir Temurning onasi Takina xonim edi. Otasi Amir Taragʻay esa turkiy barlos urugʻining oqsoqollaridan hamda Chigʻatoy ulusining eʼtiborli beklaridan hisoblangan. Uning ajdodlari Kesh viloyatida hokimlik qilishgan. Shu bois Amir Temurning otasi amir Taragʻay ham yilda bir marotaba Ili daryosi boʻyida xon tomonidan chaqiriladigan el-yurt beklarining qurultoyiga taklif etilar va u bunday yigʻinlarda muttasil qatnashar edi. Shu bilan birga u, Sharafuddin Yazdiyning taʼkidlashiga koʻra, "ulamo va sulaho va muttaqiylargʻa mushfiq va mehribon erdi va bularning majlisiga borur erdi...". Taragʻaybek piri Shamsuddin Kulolni ayniqsa chuqur ehtirom qilgan. Keyinchalik shayx Kulol Amir Temurning ham piri boʻlgan. Taragʻaybek 1405 -yilda vafot etgan.

Amir Temurning katta opasi Qutlugʻ turkon ogʻo va singlisi Shirinbeka ogʻo bor edi. Ular Temurdan oldin vafot etishgan va Samarqanddagi Shohi Zinda majmuasidagi maqbaralarda dafn etilgan. "Muyizz al-Ansab'ga koʻra, Temurning yana uchta ukasi bor edi: Djuki, Olim Shayx va Suyurgʻatmish. Temurning bitta amakisi bor edi, uning ismi Bolta edi.

Amir Temurning yoshligi Keshda kechdi. Yetti yoshga toʻlgach, otasi uni oʻqishga berdi. Amir Temur yoshlik chogʻlaridanoq maxsus murabbiylar nazorati ostida chavandozlik, ovchilik, kamondan nishonga oʻq uzish, boshqa turli mashq va harbiy oʻyinlar bilan mashgʻul boʻlgan. Shu asnoda Amir Temur tulporlarni saralab ajrata oladigan mohir chavandoz va dovyurak bahodir boʻlib voyaga yetgan. Amir Temur tabiatan ogʻir, bosiq, teran fikrli va idrokli hamda nihoyatda ziyrak, kishilardagi qobiliyat, fazilat, ayniqsa, samimiyatni tezda fahmlab oladigan inson boʻlgan. Shu tufayli oʻspirinlik chogʻlaridayoq atrofiga tengqurlari orasidan sadoqatli doʻstlarni jalb qila olgan. Uning atrofiga bolalikdagi doʻstlari va maktabdoshlari (Abbos bahodur, Jahonshohbek, Qimori inoq, Sulaymonshohbek, Idiku Temur, Sayfuddinbek, Hindushoh, Qarqara va boshqalar) toʻplanishib, birgalikda mashq qilar, musobaqalarda ishtirok etishar, astasekin navkar boʻlishib va harbiy guruhga birlashib, harbiy boʻlinma sifatida shakllana borgan. Keyinchalik ular Amir Temur qoʻshinida lashkarboshilik darajasigacha koʻtarilganlar. 


Amir Temur ilk harbiy faoliyatini qoʻl ostidagi navkarlari bilan ayrim viloyat amirlariga xizmat qilishdan boshlagan; ularning oʻzaro kurashlarida qatnashib, jasorat koʻrsatgan, janglarda chiniqqan, harbiy mahoratini oshirgan. Dongʻi butun Qashqadaryo vohasiga yoyilgan. Amir Temurning aqlu zakovati, shijoati va shuhrati uni Movarounnahrning nufuzli amirlaridan amir Xizr Yasovuriy va amir Qazagʻon bilan yaqinlashtirdi. Xondamirning yozishicha, otasi amir Taragʻoy Amir Temurni avval (1355) amir Joku barlosning qizi Nurmushk ogʻoga, soʻngra oʻsha yili (1355) Qazagʻonning nabirasi va amir Husaynning singlisi Oʻljoy Turkon og'oga uylantiradi. Keyingi nikoh tufayli Amir Temur bilan Balx hokimi amir Husayn oʻrtasida ittifoq yuzaga kelib, ular birgalikda moʻgʻullarga qarshi kurashadilar. Amir Temurning Movarounnahrni birlashtirish yoʻlidagi harakati 14-asrning 60-yillari boshlaridan boshlandi. 14-asr ning 50-yillari oxirida Movarounnahrda amirlarning oʻzaro kurashi kuchayib, amir Qazagʻon oʻldirildi. Mamlakatda siyosiy parokandalik avjiga chiqib, ogʻir tanglik sodir boʻldi. Xondamirning "Habib ussiyar" kitobida keltirilgan maʼlumotlarga qaraganda, ulus oʻnga yaqin mustaqil bekliklarga boʻlinib ketgan. Samarqand viloyatida amir Bayon sulduz, Keshda amir Hoji barlos, Xoʻjandda amir Boyazid jaloir, Balxda Uljoy Bugʻa sulduz, Shibirgʻonda Muhammad I Xoja Aperdi nayman, Koʻhistonda Badaxshon shohi amir Sotilmish, Xuttalonda Kayxusrav, Hisori Shodmon hududida amir Husayn va amir Xizr Yasovuriylar oʻzlarini hokimi mutlaq deb eʼlon qiladilar.

Bu davrda Chigʻatoy ulusining sharqiy qismi — Yettisuv va Sharqiy Turkistonda hukmronlik qilayotgan moʻgʻul xonlari Movarounnahrdagi ogʻir siyosiy vaziyatdan foydalanib, bu yerda oʻz hokimiyatini oʻrnatishga harakat qiladilar. Jeta xonlaridan Tugʻluq Temur va uning vorisi Ilyosxoja 1360 — 61 va 1365-yil larda Movarounnahrga bir necha bor bostirib kiradilar. Moʻgʻul xonlarining boskinchilik yurishlari va zulmiga karshi xalq harakati boshlanadi. Biroq, Movarounnahr amirlari xalqqa bosh boʻlib, moʻgʻul bosqinchilariga qarshi kurashga jurʼat eta olmaydilar. Ularning bir qismi dushman tarafiga oʻtadi, ikkinchi qismi esa el-yurtni tark etib, oʻzga mamlakatlardan boshpana izlaydilar. Amir Temurning amakisi, Kesh viloyatining hukmdori amir Hoji barlos Xurosonga qochadi. Mana shunday ogʻir pallada siyosat maydoniga Amir Temur kiradi. Moʻgʻullarga qarshi turish uchun kuchlar nisbati teng emasligini hisobga olgan 24 yoshli Amir Temur 1360-yilning boshida Tugʻluq Temur tomonidan Keshga yuborilgan beklar bilan kelishadi. Sharoit taqozosi bilan xon xizmatiga oʻtib, uning yorligʻi bilan oʻz viloyatining dorugʻasn etib tayin qilinadi. Shubhasiz, bu noilojliqdan qoʻyilgan siyosiy hamda strategik qadam boʻlib, bu bilan Amir Temur moʻgʻullarning navbatdagi talontarojining oddini olgan, mamlakat va xalqni falokatdan qutqargan edi. Biroq, Movarounnaxrning hukmdori etib tayin qilingan Ilyosxoja va uning lashkarboshisi amir Bekkichik bilan Amir Temurning murosasi kelishmay qoladi. Shu sababdan 1361-yilning oxirida u mamlakatni tark etishga majbur boʻladi.

Xivaning janubida, Urganjiy dashtida Amir Temur Tugʻluq Temurning yana bir raqibi — qaynogʻasi amir Husayn bilan uchrashadi. Amir Temur moʻgʻullar bilan kurashish maqsadida u bilan birlashib, ikkovlon kuch toʻplashga kirishadi. Dastlab ular Tugʻluq Temurxonning farmoniga binoan Amir Temurni taʼqib qilishga kirishgan Xiva dorugʻasi Toʻqol (Tavakkal) bilan jang qiladilar. Soʻngra 1362-yilning kuzida Seistonda viloyat hukmdori Malik Qutbiddinning tarafida turib mekroniylar bilan boʻlgan toʻqnashuvda Amir Temur oʻng kifti va oʻng oyogʻidan jarohatlandi.

Amir Temur va amir Husayn keyingi ikki yil davomida Ilyosxoja boshliq Jeta lashkari bilan bir necha marta jang qiladilar. Nihoyat, 1364-yil oxirida ular moʻgʻul qoʻshinlarini Movarounnahr hududidan quvib chiqarishga muvaffaq boʻladilar.

Biroq, Movarounnahrni qoʻldan chiqarishni istamagan Ilyosxoja 1365-yil ning bahorida yana Turkiston ustiga qoʻshin tortadi. Toshkent bilan Chinoz oraligʻida ikki oʻrtada sodir boʻlgan jang tarixda "Loy jangi" nomi bilan shuhrat topadi. Jangda amir Husaynning xiyonati oqibatida magʻlubiyatga uchraydilar va oʻz qoʻshinlari bilan Amudaryo boʻylariga chekinib, Balx viloyatida oʻrnashdilar. Ilyosxoja esa hech qanday qarshilikka uchramay Xoʻjand, Jizzax va boshqa bir qancha shahar hamda qishloklarni egallab, Samarqand ustiga yuradi. Samarqand oʻsha paytlarda katta qoʻshinga qarshilik koʻrsata olmasdi. Shaharning na devori va na mustahkam istehkomlari, na qurollangan sipohiysi bor edi. Bek va amirlar shaharni tark etgan edi, lekin moʻgʻullarga qarshi xalq koʻtariladi, sarbadorlar shahar mudofaasini oʻz qoʻllariga oladilar. Shahar mudofaachilariga Madrasa tolibi ilmlaridan Mavlonozoda Samarqandiy, jun (paxta) tituvchilar mahallasining oqsoqoli Abu Bakr Kuluyi (Kalaviy) Naddof va mergan mavlono Xurdaki Buxoriylar boshchilik qiladilar. Sarbadorlar Samarqand shahrida moʻgʻullarga qaqshatqich zarba beradilar. Ilyosxoja dastlab Samarqandni, soʻngra butun Movarounnahrni tashlab chiqib ketishga majbur boʻladi. Sarbadorlarning moʻgʻullar ustidan qozongan gʻalabasi haqidagi xabar amir Husayn bilan Amir Temurga ham borib yetgan. Amir Temur qishni Qarshida, Husayn esa Amudaryo boʻyida oʻtkazib, 1366-yil bahorida Samarqandga yoʻl oldilar. Ular Konigita toʻxtab sarbadorlarning dushman ustidan qozongan gʻalabalaridan mamnun boʻlganliklarini va ular bilan uchrashmoqchi ekanliklarini bildiradilar. Biroq, sarbadorlarning boshliqlari amirlar huzuriga kelganlarida amir Husayn buyrugʻi bilan Abu Bakr Kuluyi (Kalaviy) Naddof bilan mavlono Xurdak Buxoriylar dorga tortiladi. Mavlonozodani esa Amir Temur. oʻz himoyasiga olib kutqarib qoladi. Shu tariqa sarbadorlar boshliqsiz qoldirilib, Movarounnahrda amir Husaynning hukmronligi oʻrnatiladi, ammo koʻp vaqt oʻtmay Husayn bilan Amir Temur oʻrtasidagi munosabat keskinlashib, ochiqdan-ochiq nizoga aylanadi. Amir Temurning nufuzi ortib borayotganligidan xavfsiragan amir Husayn Balxga qaytib, uning qalʼa devorlari va istehkomlarini mustahkamlashga kirishadi. Balx, Qunduz va Badaxshondan koʻp sonli lashkar ham toʻplaydi. Kesh va Qarshi viloyatlariga bosh boʻlgan Amir Temur ham amir Husaynga qarshi hal qiluvchi jangga hozirlik koʻradi. 1366 — 70 yillar oʻrtasida bir necha bor toʻqnashuvlar boʻlib oʻtadi. 

Amir Temur haqidagi qiziqarli faktlar:

1. Amir Temurning to‘liq ismi - Temur ibn Tarag‘ay Barlos bo‘lgan, tarixiy asarlarda esa uni Tamerlan nomi bilan tilga olishadi.

2 Temurning qarsaqpay yozuvlari Sankt-Peterburg shahrida, Ermitajda saqlanadi. 

3. Amir Temur shatranj (shaxmat) o‘yinining ashaddiy ishqibozi bo‘lgan.

4. 1398-1399 yillar davomida Amir temur Hindistonga yurish qilgan va uni zabt eta olgan. O‘sha paytlarda Temur qo‘shini tarkibi 120 ta harbiy fillar bilan to‘ldirgan.

 5. Amir Temurning hayoti davomidagi eng yirik urushIroq safarida bo‘lib o‘tgan va 7 yil davom etgan. 1402 yilda Anqara yonidagi jangda Usmonlilar hukmdori Boyazid I ustidan g‘alaba qozongan Amir Temur uni asirlikka oladi. Bu esa Usmonlilar imperiyasining yemirilishiga sabab bo‘ladi. G‘alaba natijasida Kichik Osiyo ham qo‘lga olingan, buning munosabati bilan esa Amir Temurga Angliya, Frantsiya va Kastiliya qirollari tomonidan tabriknomalar kelgan. Kastiliya elchisi Rui Gonsales de Klavixo Samarqandga tashrif buyurib,bu haqida butun boshli kitob ham yozgan. 

6. 20 yil davomida Usmonli sultonlari qo‘lga kirita olmagan Smirna qal’asini Amir Temur 2 hafta ichida ishg‘ol etgan. 

7. Buyuk imperiya asoschisi ko‘plab mamlakatlar, jumladan Vizantiya, Angliya, Frantsiya, Kastiliya, Xitoy, Misr kabi davlatlar bilan diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Amir Temur tomonidan Fransiya qiroli Karl VI maktubning asl nusxasi hamon saqlanib qolgan. 

8. 1404 yilda Amir Temur 200 000 qo‘shin bilan Xitoyni ishg‘ol qilish uchun yo‘lga otlangan. 

9. Temurning o‘limi sababli Xitoy jangi amalga oshmay qolgan. Uni Samarqandga, Go‘ri Amir maqbarasiga dafn qilganlar.

10. Ayrim paytda Temurga tegishli mashhur rubin toshi Londonda, uning qilichi esa Tehron muzeyida saqlanadi.

11. Ayni paytda Shaxrisabz, Samarqand va Toshkent hududlarida Amir Temur haykallari mavjud.

12. Toshkent shahridagi Temuriylar tarixi Davlat muzeyi 1996 yilda rasman ochilgan.

13. 1996 yilda "Amir Temur" ordeni ta’sis etilgan.

14. Mashhur Toj Mahal maqbarasi 17 asrda Temur avlodi bo‘lmish - Temuriyzoda Shoxjahon tomonidan qurilgan.

15. Temur avlodlaridan yana biri – Bobur esa Hindistonni zabt etib, buyuk imperiyaga asos solgan. 

Amir Temur tuzuklari haqida.

Amir Temur shaxsini idrok etish–tarixni idrok etish demakdir. Amir Temurni anglash–oʻzligimizni anglash demakdir. Amir Temurni ulugʻlash–tarix qaʼriga chuqur ildiz otgan tomirlarimizga, madaniyatimizga, qudratimizga asoslanib, buyuk kelajagimizni, ishonchimizni mustahkamlash demakdir.

" Bu haqda gapirganda, Amir Temurning davlatchilik va diplomatiya, harbiy mahorat, bunyodkorlik salohiyati, ilmu fan, sanʼat va meʼmorchilikka oid qarashlari, hayotning maʼno-mazmuni, insonni ulugʻlaydigan ezgu ishlar haqida bildirgan fikrlari, dinu diyonat va adolatni joyiga qoʻyish, saltanat ishlarini kengash va tadbir asosida amalga oshirish, har bir masalada uzoqni koʻzlab, el manfaatini oʻylab ish tutish bilan bogʻliq ibratli fazilatlarini alohida taʼkidlash oʻrinlidir. Aynan mana shunday masalalar Sohibqiron tafakkurining mahsuli boʻlgan “Temur tuzuklari” asarida har tomonlama aniq, ishonarli va taʼsirchan tarzda yoritilgan, desak, haqiqatni aytgan boʻlamiz. 

Shaxsan men Sohibqiron bobomiz bizga meros qilib qoldirgan “Tuzuklar”ni oʻqisam, xuddiki oʻzimga qandaydir katta ruhiy kuch-quvvat topgandek boʻlaman. Har bir satri bir umr el-yurt, saltanat tashvishi bilan yashagan fidoyi inson, ulkan davlat arbobining keng miqyosdagi oʻy-fikrlari, hayot va kurash tajribasi, mushohadasi, baʼzan esa dardli va iztirobli kechinmalari bilan sugʻorilgan bu asarda qanday teran maʼno mujassam ekanini maʼrifatli, zukko kitobxon yaxshi anglaydi, albatta. Men oʻz ish faoliyatimda bu kitobga takror-takror murojaat qilib, undagi hech qachon eskirmaydigan hayot hikmatlarining qanchalik toʻgʻri ekaniga koʻp bor ishonch hosil qilganman. Masalan, “Tajribamda koʻrilgankim, azmi qatʼiy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshirokdir”, degan fikrlar bugungi kunda ham naqadar dolzarb ekani barchamizga ayon. Yoki u zotning: “Saltanat ishlarining toʻqqiz ulushini mashvarat, tadbir va kengash, qolgan bir ulushini esa qilich bilan bajo keltirish zarur”, degan koʻrsatmalarida hozirgi notinch zamon uchun, XXI asr siyosatdonlari uchun ham har jihatdan ibratli fikrlar borligini taʼkidlash joiz.

Amir Temur shaxsini idrok etish–tarixni idrok etish demakdir. Amir Temurni anglash–oʻzligimizni anglash demakdir. Amir Temurni ulugʻlash–tarix qaʼriga chuqur ildiz otgan tomirlarimizga, madaniyatimizga, qudratimizga asoslanib, buyuk kelajagimizni, ishonchimizni mustahkamlash demakdir.

Bu haqda gapirganda, Amir Temurning davlatchilik va diplomatiya, harbiy mahorat, bunyodkorlik salohiyati, ilmu fan, sanʼat va meʼmorchilikka oid qarashlari, hayotning maʼno-mazmuni, insonni ulugʻlaydigan ezgu ishlar haqida bildirgan fikrlari, dinu diyonat va adolatni joyiga qoʻyish, saltanat ishlarini kengash va tadbir asosida amalga oshirish, har bir masalada uzoqni koʻzlab, el manfaatini oʻylab ish tutish bilan bogʻliq ibratli fazilatlarini alohida taʼkidlash oʻrinlidir. Aynan mana shunday masalalar Sohibqiron tafakkurining mahsuli boʻlgan “Temur tuzuklari” asarida har tomonlama aniq, ishonarli va taʼsirchan tarzda yoritilgan, desak, haqiqatni aytgan boʻlamiz. 

Bugungi murakkab va tahlikali davrda bu kitobni qayta-qayta mutolaa qilish, uning magʻzini chaqish birinchi galda rahbar, yetakchi boʻlishdek masʼuliyatli vazifani oʻz zimmasiga olgan odamlar uchun, qolaversa, har qaysi ziyoli inson uchun bagʻoyat foydali ekani haqida ortiqcha gapirib oʻtirishga hojat yoʻq, deb oʻylayman.

Ishonchim komilki, yoshlarimiz bu kitobni mehr qoʻyib, tushunib, chuqur anglab oʻqisa, ularning qalbida milliy gʻurur tuygʻusi yuksaladi, oʻzining qanday buyuk zotlarning avlodi ekanini yanada chuqurroq his etib, hayotning har qanday sinov va qiyinchiliklarini yengishga qodir insonlar boʻlib voyaga yetadi. "

                                                                                                                       Islom Karimov 


TAMERLAN

XULOSA:

Amir Temur saltanati tarixiy zarurat edi. Ijtimoiy hayot, xalqlarning hayoti tarzi shunday buyuk bir shaxsning dunyoga kelishini kutar edi. Turon, binobarin, Mavorounnahr, Eron, Ozarbayjon, Xuroson mo‘g‘ullar oyog‘i ostida ingrar, najot istar edi. Shunday najot farishtasi Temur bo‘ldi. U tarix sahnasiga chiqib, Turon zaminini mo‘g‘ullardan tozaladi.

Amir Temur davrida madaniyat, san'at, ilm fan gurkirab o‘sdi va rivojlandi. Jahongir qaerga bormasin o‘sha yerdan eng qo‘li gul ustalarni, hunarmand va san'atkorlarni, shoiru olimlarni ozor yetkazmay olib keldi, ularni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Uning davrida Samarqand yer yuzining sayqaliga, Buxoro islom dinining quvvatiga aylandi. Turon yurti o‘z madaniy taraqqiyoti bilan jahonning ko‘zini qamashtirdi.

         Shuni ta'kidlash lozimki, temuriylar shajarasi ustida ish olib borgan olimlar, o‘z asarlarida faqat taxtga o‘tirib hukmronlik qilgan shahzodalarnigina e'tiborga olib, hukmronlik qilmagan yoki kichikroq lovazimlarda bo‘lgan shahzodalarni esa shajara ro‘yxatiga kiritmaganlar. Turg‘un Fayzievning “Temuriylar shajarasi” kitobida ushbu sulolaga mansub bo‘lgan barcha shahzodalarni shajara ro‘yxatiga kiritilgan. Zero sulola tarixini o‘rganishda ularni chetlab o‘tish mumkin emas.


Report Page