Amazondan rad javobi olganim haqida

Amazondan rad javobi olganim haqida


Uh... Buni aytib berish biroz qiyin. Amazondan rad javobi oldim va bu postda nima yuz bergani va qanday yuz bergani haqida gapirib beraman.

Oktabr sovuq kunlarining biri, soat millari kunduzgi birga qarab ketayotgan edi. Piyoladagi choydan xo'plab, Linkedln tarmog'ini ko'zdan kechirib o'tirgan edim. Birdan Amazondagi Dasturiy injenering bo'limida bo'sh ish o'rni borligi haqidagi post e'tiborimni tortdi. "Mendan nima ketdi" deb o'yladimda, ro'yxatdan o'tish tugmasini bosdim.

Taklifnoma

Bir-ikki kundan so'ng Amazondan mana bu emailni oldim:

Tarjima: Salom, Amazondagi Dasturiy Injener ish o'rniga qiziqish bildirganingiz uchun rahmat. Sizning sahifangizni qiziqarli deb topdik va siz bilan nomzodlar tanlash jarayonini boshlashni xohlar edik.

Nomzodlarni tanlab olish jarayoni quyidagicha bo'lib o'tadi:

1. Onlayn kod yozish testi.

2. Kodni baholash jarayonidan o'tsangiz, telefon orqali savol-javob bo'lib o'tadi.

3. Savol-javob muvaffaqqiyatli o'tganidan so'ng ofisimizdagi yuzma-yuz intervyu jarayonida qatnashishingiz mumkin bo'ladi.

Savollaringiz bo'lsa, menga xabar bering. Nomzodlar tanlash jarayoning birinchi bosqichi kod yozish testi; ko'proq ma'lumotga ega bo'lish uchun emailni ko'zdan kechirib chiqing.

Yuragim tez-tez urishni boshladi. Birinchidan, o'z-o'zidan bu Amazon edi! Ikkinchidan, bu Search team(qidirish bo'limi) edi. Qabul qilinsam, har bir Amazon foydalanuvchisi
foydalanadigan narsaga o'z hissamni qo'shayotgan bo'lar edim. Bu kichkina narsa emas, axir.

Yuqoridagi email meni savol-javob jarayoniga tayyorlanishimda yordam beradigan ma'lumotlar bilan ta'minladi. Ertasiga mana bu email keldi:

Tarjima: Qadrli Jahongir.
Amazon Web Xizmatlari bo'limiga qizish bildirganingiz uchun tashakkur. Sizning rezyumeyingiz ishga qabul qiluvchi menedjer tomonidan diqqat bilan ko'rib chiqildi.
Sahifangiz bizga yoqdi, sizni nomzodlarni saralab olish jarayonining birinchi bosqichiga taklif qilamiz: kod yozish.

Buning uchun biz Codility nomli platformadan foydalanamiz. Bugun email orqali birinchi bosqichga o'tishingiz mumkin bo'lgan manbaani jo'natamiz. Agar emailni bugun qabul qilmasangiz, iltimos spam fayllar bo'limini tekshiring.

Birinchi bosqich uchta savoldan iborat. Ularga javob topish uchun sizga yuz daqiqa vaqt beriladi.

Birinchi bosqich: Onlayn kod yozish testi.

Birinchi bosqich onlayn kod yozish testi, Codility platformasida bo'lib o'tadi. Uchta savol, yuz daqiqa vaqt. Uchala savolni ham LeetCodeda topish mumkin.

To'g'ri eslayotgan bo'lsam, savollarning mavzu va qiyinlik darajasi va quyidagicha edi:

  1. Array: LeetCode easy (oson)
  2. Graph: LeetCode medium (o'rtacha)
  3. Graph: LeetCode medium (o'rtacha)

Birinchi savolni javobini topish qiyin bo'lmadi. Ikkinchi savolga yigirma daqiqa atrofida vaqt sarfladim. Ohirgi savol men uchun eng qiyini edi. Javobini topguncha deyarli bir soat vaqt sarflashimga to'g'ri keldi. Lekin, ohiri javobini topishga erishdim. Javoblarni topshirgach, natijalar chiqdi. Akangiz barcha savolga 100 foiz to'g'ri javob bergan edi.
Birinchi bosqichdan o'tildi!

Ikkinchi bosqich: Telefon orqali suhbat (savol-javob)

Uch-to'rt kundan so'ng mana bu emailni qabul qilib oldim:

Tarjima: Salom, Jahongir Rahmonov

Berlinda joylashgan Amazon offisining dasturiy injenering lavozimi uchun jo'natgan rezyumeingizni ko'rib chiqdik va siz bilan bo'lib o'tadigan suhbat jarayonida uchrashishdan xursandmiz!

Amazondagi bu imkoniyatni batafsil muhokama qilish uchun telefon orqali bo'lib o'tadigan savol-javob vaqtini kelishib olishni xohlar edik.

Iltimos, intervyu uchun qachon bo'sh vaqt topa olishingiz haqidagi so'rovnomani to'ldiring va biz siz bilan bo'lib o'tadigan suhbatni vaqtini belgilab olamiz.

Men bo'sh vaqtimni kiritdim va ular tasdiqlashdi:

Tarjima: Jahongir, sizning telefon orqali bo'lib o'tuvchi intervyuingiz tasdiqlandi!

Siz bilan 23-oktabr, 2020-yil soat 9:00 da suhbatlashishdan xursandmiz.

Iltimos, intervyu uchun 60 daqiqa (eng kami) vaqt ajrating.

Internetdagi o'qigan ma'lumotlarimga qaraganda, savol-javob ikki qismdan iborat:

  1. Texnik savollar
  2. Xulq-atvorga oid savollar

Ikkalasiga ham tayyorlandim. Texnik savollar uchun LeetCode mashqlarini ishladim, internetdan Amazon odatda nomzodlardan so'raydigan xulq-atvorga oid savollarni topdim va Notepadimda ularga javob yozib chiqdim (Amazon eslatmalaringizga ko'z tashlab olishingizga ruhsat beradi)

Intervyu boshlandi. U o'zini tanishtirishdan boshladi, men ham shunday qildim. Birinchi savol xulq atvorga oid bo'ldi: "Ishingda kutilgandan ortiqroq darajada natijalar ko'rsatgan paytlaring haqida aytib ber". Men unga Super Dispatch infrastrukturasini butunlay o'zgaritirib tashlaganim va ba'zi paytlar ish vaqtidan keyin ham qolib ishlaganim haqida aytib berdim. Keyin u menga texnik savol berdi. LeetCode, o'rtacha. Grafika. Men terlashni boshladim, chunki bu mavzu bilan unchalik yaxshi tanish emas edim. Yigirma daqiqacha savol javobini topishga harakat qildim. Fikrlarimni ovozimni chiqarib aytishim kerak edi, chunki ular sizning fikrlash jarayoningiz qanday kechishini bilishlari kerak. U menga men e'tiborsiz qoldirayotgan bir narsani sha'ma qilib o'tdi va men javobni topdim.

Keyingi savol ham texnik bo'ldi. Bu safargi mavzu - Tree. Tree mavzusida grafikadan ko'ra ancha yaxshiligim uchun bu savolni javobini ikki minut ichida topdim. Mukammal yechim.

Intervyuni bir-birimizga rahmat aytish bilan yakunladik.

Ularning keyingi javobini uzoooq kutdim. Ikki haftalardan so'ng, yangi email kelgani haqida bildirishnoma qabul qildim. Emailning mavzusi "Sizning Amazondagi intervyuingiz" edi. Emailni o'qishga kirishdim. Bunday emaillar qabul qilganingizda, agar email "Rahmat" bilan boshlansa, bu yaxshi xabar emas, siz rad etilgansiz. Boshqa gap bilan boshlansa, ko'p ehtimol bilan siz o'tgansiz. Meniki bunday boshlangan edi: "Salom Jahongir. Yaxshi yangilik!":

Tarjima: Salom Jahongir, yaxshi yangilik!

So'nggi bosqichga ko'ra sizni jamoamiz bilan uchrashishga taklif qilishdan hursandmiz. Intervyu kuningiz to'liq bir kun va to'rtta intervyudan iborat (har bir intervyu taxminan 60 daqiqa davom etadi). Biz barcha intervyularni, telefondagi intervyu kabi, Amazon Chime orqali virtual ravishda olib bormoqdamiz. Iltimos, keyingi 4 hafta ichidagi bo'sh vaqtingizni quyida yozib qoldiring:

Uchinchi bosqich: Virtual Intervyu

Men bo'sh vaqtimni yozib yubordim va ular tasdiqlashdi. Va mana buni jo'natishdi:

Your interview preparation:
The interviews will include a technical and competency-based part, focused on Amazon's Leadership Principles, including structured and behavioural questions focused on specific work examples from your past experience. We recommend preparing at least one example per Leadership Principle. Some of your interviews will require free hand drawing on a virtual whiteboard. Please click the following link to access your InVision whiteboard.

Tarjima: Intervyuga tayyorlanishingiz uchun:

Intervyu Amazon's Leadership Principlesga asoslangan texnik va samaradorlik qismlarini, e'tibor o'tmishdagi ish tajribangizga qaratilgan xolda, oldindan tayyorlangan va xulq-atvorga oid savollardan iborat. Har bir Leadership Principle uchun kamida bittadan namuna tayyorlab qo'yishingizni tavsiya qilamiz. Intervyuning ba'zi qismlarida virtual oq-doskaga qo'l bilan chizish talab qilinadi. Iltimos, InVision oq-doskaga kirish uchun quyidagi linkni bosing.

Qisqasi, bir soatdan davom etadigan to'rtta intervyudan o'tishim kerak edi. Savollar Amazon Leadership Principles va System Designga asoslangan texnik va xulq-atvorga oid bo'ladi. Agar korona virus bo'lmaganida, ohirgi bosqichlar Berlinda o'tkazilar edi. Xozr, barcha intervyular virtual tarzda bo'lib o'tyabdi.

Intervyuga tayyolanish uchun asosan 3 ta manbadan foydalanaman:

  1. LeetCode
  2. Educative.io
  3. Qudrat Abdurahimovning savollar to'plami (boshlang'ichlar uchun yaxshi)

O'sha kun keldi. Kechasi yaxshi uxlay olmadim. Hechqisi yo'q.

Birinchi intervyu boshlandi. Intervyu oladigan odam Amazonda Senior Applied Scientist (katta olim). NIMA? OLIM BILAN SUHBATLASHAMANMI? Albatta, men ishga kirmoqchi bo'layotgan bo'lim - Search team(qidirish bo'limi). Yana nima ham bo'lardi.

Birinch bo'lib, men undan Amazonda applied scientist bo'lib nima ish qilishini so'radim. "Alexa kabi mahsulotlar uchun algoritmlar o'ylab topaman" degan javob oldim. "Bu scientist qismi. Keyin kodni yozib uni amaliyotda ishlatib ko'raman. Bu applied qismi"

Bu paytda men "Yaxshi, men algoritm yaratuvchi odam bilan gaplashyabman" deb o'ylab, terlashni boshladim. Hechqisi yo'q.

Men

U mendan birinchi xulq-atvorga oid savol so'radi: "Biror mavzuga juda qiziqib, u haqidagi barcha kichik detallar haqida izlab topganing haqida gapirib ber". Javob berdim. Javobimdan o'zim qoniqmadim. Stressda bo'lganim uchun javobimda biroz boshqa yo'nalishga og'ib ketdim.

Keyin u mendan texnik savol so'radi. Nima haqida so'raganini aniq eslolmayman lekin savol Linked Lists yoki Hash Maps haqidaligi yodimda. Qiyinlik darajasi o'rtacha edi. Savolga yechimni tezda yozib berdim. U yana savol berdi. Bu savoldan bildimki, javobim 100 foiz to'g'ri emas edi. Uni to'g'riladim. U yana ketma-ket savollar berdi. Savollar oson emas edi. U olim bo'lgani uchun har bir narsani kichik detallarigacha bilar edi. Shuning uchun u "Xotirada saqlanishiga ko'ra list va arrraylarning farqi nima?" va shunga o'xshash savollar berar edi. Qo'ldan kelgancha javob berdim.

Intervyu tugadi. Bir birimizga rahmat aytdik. 15 minut dam.

Ikkinchi intervyu boshlandi. Bu safar Amazonda 8 yildan beri ishlayotgan Senior Software Engineer (bosh dasturiy injener) bilan edi. Yaxshi, hech bo'lmasa bunisi sal odamga o'xshagan, birinchidagidek aql-mashinasi emas edi.

Hamma detallarni eslay olmayman, lekin bu intervyu ham birinchisidagidek edi. Ikkita texnik va bitta xulq-atvorga oid savol. Albatta, qo'shimcha savollar ham berildi. Bu safar ancha-muncha yaxshi javob berdim. Javoblarimdan o'zim qoniqdim. Intervyudan so'ng bir soat dam olish uchun vaqt berildi.

Uchinchi intervyu boshlandi. Bu safar Amazonda 12 yildan beri ishlayotgan Software Engineering Manager (dasturiy injenering boshqaruvchisi) bilan. U intervyuni xulqqa oid savol so'rash bilan boshladi. Yaxshi javob berdim. Keyin kutilmagan savol berib qoldi: "Marhamat qilib mana bu oq-doskaga xozirgi paytda ishlayotgan loyihangizning arxitektural dizaynini chizib bera olasizmi?" Qanday omad, o'yladim ichimda. Omadligi shundaki, ishxonada yangi loyiha ustida ish olib borayotgan edik va men uning arxitektural dizayni uchun javobgar edim, shuning uchun bu haqida barcha detallarni bilar edim. Juda yaxshi javob berdim.

Intervyu tugadi. Bir birimizga rahmat aytdik. 15 minut dam berildi.

Ohirgi intervyu boshlandi. Bu safar Amazonda 6 yildan beri ishlayotgan Senior Software Engineer (bosh dasturiy injener) bilan. U ham xulqqa oid savol so'rashdan boshladi. Chidasa bo'ladigan javob berdim. Shundan keyin System Design haqida savol berdi. Aniq detallarni eslolmayman lekin savol Amazonning foydalanuvchilar sharxlari tizimini qurish haqida edi. Savolga javob berdim. Lekin bu unchalik yaxshi javob emas edi. U qo'shimcha savollar berdi. Javob berishga harakat qildim. Ko'zlariga qarab bildimki, u javoblarimdan qoniqmadi. O'zim ham javoblarimdan qoniqmagan edim. Vaqt tugadi. Savol yechimini boshqa yaxshilay olmadim.

Intervyu tugadi. Bir birimizga rahmat aytdik. Endi faqat kutishim kerak edi.

Kutish boshlandi. Emaillar haqidagi gapim esingizdami?

Bunday emaillar qabul qilganingizda, agar email "Rahmat" bilan boshlansa, bu yaxshi xabar emas, siz rad etilgansiz.

Keyingi emailim mana bunday boshlangan edi:

Tarjima: Qadrli Jahongir,
Birinchidan, biz bilan Dasturiy Injenering haqida suhbatlashganingiz uchun raxmat..
.

Emailning qolganini o'qishim shartmas edi. Bu rad javobi.

Qo'shimcha

Meni xayratga solgan narsa, Amazondan intervyulardan qanday darajada o'tganimni bilishga qiziqishim yoki qiziqmasligimni so'rashdi. Ha dedim. Telefon orqali suhbatlashishga kelishdik. Telefonda ular menga nega intervyulardan o'ta olmaganimni aniq detallarigacha aytib bera olmasliklarini lekin Data Structure va System Design ustida ishlashim kerakligini aytishdi.

Xulosa

Menimcha, qayerda kamchiliklarim borligini bilardim. Birinchi intervyuda katta olimni savollariga yaxshi javob bera olmadim. Ohirgi intervyuda System Design haqidagi savolga ham yaxshi javob bera olmadim. Men xulosa chiqardim, o'z ustimda ishlashim kerak bo'lgan ojiz taraflarim bor.

Har xolda, bu faqatgina rad javobi, mag'lubiyat emas. Keyingi safar yaxshiroq tayyorlanaman.

Author: Jakhongir Rakhmonov

Translated by: Shamsiddin







































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































































Report Page