Altruizm va egoizm

Altruizm va egoizm

Javlon Juraev

Biz ko‘pincha davlat va jamiyat bilan munosabatlarimizda ikki keskinlik o‘rtasida qolib, qay birini tanlashni bilmaymiz. Kimdir odamlar bilan oldi-berdida altruist bo‘lishni tanlasa, kimdir bunda to‘liq egoizmga suyanadi.

Suhbatni davom ettirishdan oldin bu ikki tushunchaga qisqacha ta’rif berib o‘tsak. Altruizm – jamiyat a’zosi baxtli yashashi uchun boshqalarga yordam berishini nazarda tutadigan yondashuv. Egoizm – jamiyat a’zosi o‘z shaxsiy manfaatlarini ta’minlasagina baxtga erishishi mumkinligini ilgari suradigan yondashuv. Bir-biriga zid bu ikki yondashuv asosida butun bir falsafa yo‘nalishlari yaratilgan: altruizm kommunizm, sotsializm, kollektivizm kabi falsafa maktablariga asos solgan bo‘lsa, egoizm – kapitalizm, individualizm, utilitarizm kabi yo‘nalishlar asosida turadi.

Xo‘sh, ularning qay biri odamlar bilan munosabat uchun ko‘proq mos. Qay biri alohida shaxsga ham, butun jamiyatga ham o‘z hayotidan mamnunlik hisini olib keladi? Kuchli shaxsiyat egasi altruistmi yoki egoist?

Ko‘pincha, yaxshi-yomon o‘yiniga berilgan odamlar altruizmni ezgulik, egoizmni yomonlik deb baholaydilar. Boshqalarga yordam berish, saxovatli bo‘lish kabi xislatlarni kuchli odam fazilatlari, faqat o‘z xohishlari haqida o‘ylashni esa xudbinlik alomati deb bilamiz.

Lekin bu ikki keskinlikning ham foydali va zararli jihatlari bor. Masalan, altruizm sergaklikka asoslanmagan bo‘lsa, odamlarga zarar yetkazishi mumkin. Agar siz kimgadir har qanday vaziyatda ham yordam beraversangiz – u sizning yordamingizga tobe bo‘lib qoladi va usiz mustaqil yashash ko‘nikmasini yo‘qotadi. Bunda yordamdan sizga ham, uni olayotgan odamga ham hech bir foyda yo‘q.

Egoizmga keskin berilish ham doim salbiy natijalarga olib keladi. O‘z manfaatlariga qarash bilangina cheklanib qolgan odam jamiyatdan uzilib qolish, ijtimoiy munosabatlarda qiyinchilikka duch kelishga mahkum. Odamlardan ajralgan shaxs esa o‘z shaxsiy muhimligiga o‘ralashib qoladi va buning jabrini uzoq tortadi.

Bu ikki keskinlik asrlar davomida insonlarni o‘ylantirib kelgan. Faylasuflar javob topish qiyin bo‘lgan savollarga tabiatdan yechim izlashga uringanlar. Lekin tabiat altruizm-egoizm muammosini hal qilishda ikkilamchi javob beradi. Yovvoyi tabiatda jonzotlar tirik qolish uchun egoistik yo‘l tutishga odatlangan. Masalan, yirtqich o‘z o‘ljasini ovlashda unga xayrixoh bo‘la olmaydi. Yirtqichdan qochgan kiyiklar bir-birini kutmaydi – o‘z jonini asrash ilinjida qochadi. Bu kabi holatni kuzatgan odam egoizm tabiiy holat ekani, hayotni egoizm asosida qurish kerak ekani haqidagi xato xulosaga keladi.

Mana shunday xato xulosalar sabab, odamlarda hayot tinimsiz kurash ekani haqida ishonch paydo bo‘ladi. Ular boshqa odamlarni ham egoizmda gumon qiladilar va shunga monand har kim bilan bellashib yashaydilar. Bunday odamlar altruistlarni ko‘ngli bo‘sh, suyaksiz va kuchsiz deb biladilar.

Ammo tabiatga yana-da kuchli e’tibor bilan qaralsa, altruizm alomatlarini ham ko‘p topsa bo‘ladi. Masalan, yirtqichlar o‘ljani ovlashda bir-birlariga yordam beradilar. Yirtqichdan qochayotgan ona kiyik bolasini himoya qilishga urinadi. Demak, altruizm ham yovvoyi tabiat dasturlariga kiritilgan.

Altruizmni mahkam ushlagan faylasuflar ham uni ulug‘lashda juda keskinlikka boradilar. Hayotni qurbonlik yoki badal deb bilish ham ko‘pchilikka xos. Ular doim kimlar yoki nimalar uchundir o‘zlari va o‘z istaklarini qurbon qilib yashaydilar. Bunday odamlar egoistlarni muttaham xudbin deb biladilar.

Bu chalkashliklarga sabab – odamlarda sergaklik yetishmasligidir. Masalaga tor nigoh bilan qarash va uzoqni ko‘ra bilmaslik natijasida odam u yoki bu yondashuvni tanlaydi. Aslida esa altruizm egoizmdan, egoizm esa – altruizmdan kuch oladi.

Buni tushunish uchun, keling, yana tabiatga murojaat qilamiz. Yirtqich nega to‘dadoshiga ovda yordam beradi? Chunki ov baroridan kelsa, u ham o‘ljali bo‘ladi. Ya’ni, u o‘zini o‘ylagani uchun boshqalarga yordam beradi. Ona kiyik nega o‘z bolasini himoya qiladi? Chunki bolasi nobud bo‘lsa, u nasl qoldirish uchun shu paytgacha qilgan hamma urinishlarini yana qaytarishga majbur bo‘ladi.

Va aksincha – nega yirtqich o‘z o‘ljasiga rahm qilmaydi? Chunki u shu o‘lja bilan bola boqadi. Nega kiyik ovdan qochganda boshqa kiyiklarga yordam bermaydi? Chunki u bu bilan o‘zini asrab qoladi va keyinchalik nasl qoldirish va uni parvarish qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Biz nega kimgadir yaxshilik qilamiz? O‘zimizni yaxshi inson deb bilish, o‘zimizdan ko‘nglimiz to‘lishi uchun. Biz egoist bo‘lganimiz uchun altruistlik qilamiz. Biz nega o‘z manfaatimizni boshqalardan ustun qo‘yamiz? Chunki bu bilan yaqinlarimiz farovonligini ta’minlaymiz. Biz altruist bo‘lganimiz uchun egoistmiz.

Juda chalkash gaplar, shunday emasmi? Soddalashtiramiz hammasini. Boshqalarni o‘ylash kerakmi yoki o‘zimiznimi degan savolga javob topa olmayotgan bo‘lsangiz, mana sizga buni aniqlash uchun ikki tamoyil.

Birinchisi – agar o‘zingizdan kechib, boshqalarga yordam berish natijasidan sizga kelgan zarar boshqalarga kelgan foydadan kam bo‘lsa – boshqalarga yordam bering.

Ikkinchisi – agar o‘z manfaatingizni ko‘zlab qilgan ishingizdan siz topgan foyda boshqalarga kelgan zarardan kattaroq bo‘lsa – o‘z manfaatingizni ko‘zlang.

Bu tamoyillar aslida bizning ikkilamchi ongimizga tabiiy dastur qilib yozilgan. Biz turli vaziyatda kimgadir yordam berishga shu ikki tamoyil asosida qaror qilamiz. Masalan, kimnidir mashina urib yuborishi xavfi bo‘lsa va biz buni ko‘rib tursak, ikkilamchi ongimiz shu odamga yordam berishdan bizga ehtimoldagi zararni bir zumda hisoblaydi va biz o‘zimiz anglamagan holda u odamni halokatdan saqlab qolamiz. Bunda ikkilamchi ong hamma narsani hisobga oladi: biz turgan joy, mashina tezligi, xavf ostidagi odamning jussasi, holati, bizning jismoniy kuchimiz va hokazo. Agar bu hisoblashda bizga zarar katta bo‘lib chiqsa, ikkilamchi ong tanani karaxt qilib qo‘yadi va biz joyimizdan siljiy olmay qolamiz. Shu bois ham bunday qaltis vaziyatlarda bir to‘da odam shok holatda qoladi va faqat bir-ikki kishi yordam berishga ulguradi.

Bunday dastur ham tabiat tomonidan bizni asrash uchun yaratilgan. Agar xatarli holatda o‘sha yerda turgan odamlarning hammasi yordam berishga urinsa – ular bir-biriga xalal beradi va hammasi xavf ostida qoladi. Tabiat bizga shu darajada mukammal dasturlar berganki, eng qulay joyda, eng ma’qul holatda turgan odamgina harakat qiladi, qolganlarni esa o‘z ongi xatardan saqlab qoladi.

Ikkilamchi ong yuqoridagi tamoyillarga amal qilishga xatoga yo‘l qo‘ymaydi. Lekin kundalik vaziyatlarda qaror qabul qilish jarayoniga aql boshchilik qiladi. U birovga yordam berish qarorini ham muhimlik o‘yiniga aylantiradi. Masalan, achinish yoki g‘ururga berilib, kimgadir yordam beramiz. U odam esa bu yordamdan hech bir naf topmaydi. Natijada bizning yordam samarasiz ketadi. Yoki shaxsiy muhimlikka berilib, o‘z manfaatimizni ustun qo‘yamiz. Natijada, biz topgan foyda ko‘pchilikning katta zarari hisobidan bo‘ladi. Bunday holatlar ro‘y bermasligi uchun odam sergaklikni saqlashi, o‘z qarorlarining natijasini yaxshi ko‘ra bilishi, bu natijalar uchun mas’uliyatni his qilishi lozim.

Siz bu hayotga o‘z manfaatlaringiz uchun kurashish yoki kimlargadir xizmat qilish uchun kelmagansiz. Hayot kurash yoki tovon to‘lash emas. Siz bu hayotga kuchli shaxs bo‘lib, bunyodkor egoist va bunyodkor altruist bo‘lish uchun – qilgan qarorlaringiz bilan boshqalar va o‘zingizga zarardan ko‘p foyda keltirish uchun, mana shundan o‘zingizni baxtli his qilib yashash uchun kelgansiz. Shuni esda tutsangiz, keriklik ham, egiklik ham sizga yaqin yo‘lamaydi.

7QADAM - 5
Buyurtma berish: @yettiqadam

Report Page