Alo, men 21-asrdan telefon qilyapman

Alo, men 21-asrdan telefon qilyapman

Maqsud Salomov

2009-yil, Nagoya shahri, Yaponiya. Yaponlarning ramen (lagʻmon) ovqatini tayyorlanadigan va faqat robotlar xizmat koʻrsatadigan FuA-Men Restaurant nomli restorani ochildi.

Bunda oshpaz – robot. U sizdan buyurtmani qabul qilib, ramenni tayyorlab, suzib beradi.

2020-yil, AQSH. Ilon Mask boshchiligidagi SpaceX korporatsiyasi deyarli butun Yer sayyorasiga yuqori tezlikdagi internet yetkazib berishga qodir Starlink loyihasini ishga tushirish arafasida.

2020-yil, Oʻzbekiston, Milliy bank – bir tomonda. Ikkinchi tomonda – men, Ispaniyadaman. Menga Milliy bankning Mirzo Ulugʻbek filialidan ochgan hisob raqamim va undagi mablagʻlar haqida maʼlumotnoma kerak.

Ularga telegram orqali bogʻlanaman (mijozlar uchun telegram guruhi ham ochishgan).


Men: Menga hisobimdagi mablagʻlarim haqida maʼlumotnoma kerak. Elektron shaklda.

Xodim: Elektron shaklda maʼlumotnoma bermaymiz. Ofisimizga kelishingiz kerak.

Men: Ofisga bora olmayman. Oʻzim Ispaniyadaman. Shundoq samolyotga oʻtirib borib kelmoqchi boʻlsam, qatnov ham yoʻq. Borish imkonsiz. Shuni elektron shaklda qilib berishning imkoni bordir?

Xodim: Buni men hal qilmayman, mana bu kishiga yozing-chi (boshqaning akkauntini beradi).


Men: Assalomu alaykum. Hozir Ispaniyadaman.... (vaziyatni tushuntiraman).

Xodim: Elektron maʼlumotnoma bermaymiz. Ofisga shaxsan kelishingiz kerak.

Men: Yana bir bor Ispaniyada ekanim, borolmasligimni aytaman.

Xodim: Bilmadim. Buni men hal qilolmayman. Sizga Mirzo Ulugʻbek filiali xodimlarining kontaktini beraman. Bogʻlanib koʻring (kontaktini beradi).


Men: Yana navbatdagi xodimga yozib, vaziyatni tushuntiraman.

Xodim: Buni filial hal qilmaydi. Markaziy ofisga ariza yozing. Emaili orqali: support@nbu.uz. Shunga email yozib, pasportingizni ilova qiling. Ular bizga yuborsa, qilib beramiz.


Email yozaman. 1 hafta oʻtadi – javob yoʻq. Emailimni oʻqishmagan ham boʻlsa kerak. Yana email yozing degan xodimga yozaman: “Email yozgandim, sizlarga nimadir deyishmadimi?”. Yozganimni oʻqiydi, javob yozmaydi.

Boʻpti, hali yuborishmagandir, deyman. 1-2 kundan keyin soʻrab, takror yozaman. Yana yozganimni oʻqiydi, javob bermaydi. “Yoʻq, emailingizni yuborishmadi” yoki “Yuborishdi, lekin qilib bermaymiz”, deb yozsa, osmon uzilib yerga qulab, butun insoniyatni bosib qolsa kerak.

Keyin yana Milliy bankdagi boshqa xodim bilan bogʻlanib, ularga email yozganimni, emailimni oʻqigan yoki oʻqishmaganini soʻrayman. U emailga qaramasligini, emaillarga masʼullardan telefon qilib soʻrab berishini aytadi.

“Email yozib, emailimni oʻqishlari uchun telefon qilib aytish kerak ekan. Shunaqasi ham boʻladimi?”, – oʻylayman. Baqirib kulib yuboray deyman. Balki yigʻlab yuboray degandirman, xullas, noaniq va mujmal tuygʻu.

“Xoʻp”, deb xodimga aniq emaillarga masʼul shaxsga yetkazishini iltimos qilaman. Unga jonbozligi uchun rahmat ham aytaman.

Shu bilan bu xodim ham aloqadan uziladi. “Oʻqishibdimi?” deb yozaman, javob yozmaydi. 2-3 kun oʻtib takror soʻrayman, yana javob yozmaydi.

Oxiri chiqmagan jondan umid, deb Mirzo Ulugʻbek filialiga telefon qilaman.


Men: Alo, vaalaykum assalom. Xullas, Ispaniyadaman.... Hammasini qaytadan tushuntiraman.

Xodim: Elektron maʼlumotnoma bera olmaymiz, ofisga kelishingiz kerak. Chunki toʻlov qilishingiz kerak maʼlumotnoma uchun.

Men: Toʻlovni bormasdan qila olaman. Kartangizga oʻtkazib berishim mumkin yoki oʻzlaringiz bankdagi hisobimdan xizmat haqi sifatida yechib olishlaringiz mumkindir.

Xodim: Yoʻq, bari bir boʻlmaydi. Aynan siz ekaningizga ishonch hosil qilishimiz kerak.

Men: Video qoʻngʻiroq qilishim mumkin. Oʻzimni, pasportimni, sizlardan ochilgan viza kartamni videoda koʻrishlaringiz mumkin.

Xodim: Buni iloji yoʻq.

Men: Nega?

Xodim: Men bilmayman. Onlayn maʼlumotnoma bera olmaymiz, xullas. Markaziy ofisga telefon qilib koʻring.


Markaziy ofiga telefon qilaman. Vaziyatni yana tushuntiraman. Shaxsimni video orqali tasdiqlashim mumkinligini aytaman. Xodim “bir oz kutib turing”, deb kattaroq lavozimdagi masʼuldan soʻragani ketadi. 20 daqiqaga yaqin kutaman.


Xodim: Alo, shu yerdamisiz? Elektron maʼlumotnoma berolmas ekanmiz. Muammoni hal qilishning ikki usuli bor. Birinchisi – kimningdir nomiga ishonchnoma yuborib, olishingiz mumkin. U sizning nomingizdan bankka kelib, maʼlumotnomani olishi mumkin. Ishonchnoma notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak.

Men ichimda oʻylayman: Bu yerda ishonchnomani notarial tasdiqlatishim uchun inglizcha yozishim kerak. Keyin uni pochtadan yuborishim kerak. Eng tez pochtadan yuborsam ham 3-5 ish kuni ichida yetib boradi. Bugun payshanba. Pochta shanba, yakshanba kuni ishlamasligini hisobga olsak, 1 haftada yetib boradi. Keyin Mirzo Ulugʻbek filiali ingliz tilidagi ishonchnomani qabul qilmasligi mumkin. Uni ham oʻzbekchaga tarjima qildirib, notariusdan tasdiqlatish kerak. Xullas, 10 kun kerak kamida. Boʻlmas ekan. Menga 2-3 kunda kerak.

“2-3 kunda kerak ekan, nega ertaroq harakat qilmading?” deyapsizmi? Harakatni 40 kuncha oldin boshlaganman. Xodimlar meni bir-biriga “yoʻllashi”, javob kutishim, “21-asrda onlayn maʼlumotnoma berish imkonsiz boʻlmasa kerak” degan oʻta nekbin oʻyim va h.k.lar bilan 40 kun oʻtib ketdi oradan.

Men yana soʻrayman: Ikkinchi usul qanaqa ekan?

Xodim: Ispaniyadagi hisob raqamingizga Milliy bankdagi pullaringizni oʻtkazib, oʻsha yerdagi bankdan maʼlumotnoma olsangiz boʻladi.

Men ichimda oʻylayman: Nima? Nima deyapti bu? Bank mijozga “pulingni olda, daf boʻl”, deyaptimi? Shunaqa boʻlishi ham mumkinmi? Bank mijoz pulni aynan unga qoʻyishi uchun kurashishi, qon kechib kurashishi kerak-ku!

Xodimni soʻkkim keladi. Lekin unday qilmayman. Ayb unda ham emas, bank tizimi va tizimga masʼullarda. U oddiy operator boʻlsa, nima deyilsa, oʻshani bajaradi. Muammoni hal qilishning original usullarini ham  yuqoridagi kattakoni oʻrgatib yuborgan boʻlsa kerak.

Rahmat aytib, telefonni oʻchiraman.

Oʻzimni 21-asrdan turib 19-asrga telefon qilgandek his qilaman. Milliy bank maʼlumotnomasini butunlay xayolimdan chiqarib, hujjatlarni hal qilishning boshqa usullarini qidira boshlayman.

P.S. Xodimlardan biri chin dildan yordam bermoqchi boʻldi. Koʻp kishilardan soʻradi, boshqa xodimlarga ulab berdi. Lekin hal boʻlmadi. Unga alohida rahmat aytmoqchiman.

Kanalga ulanish👇👇
https://t.me/joinchat/AAAAAETrlaE07H9TL5zUPQ

Report Page