Alloh taolo Qurʼoni Karimda shunday marhamat qiladi: "Ular sizga libosdir, siz ularga libosdirsiz" (Baqara surasi, 187-oyat)

Alloh taolo Qurʼoni Karimda shunday marhamat qiladi: "Ular sizga libosdir, siz ularga libosdirsiz" (Baqara surasi, 187-oyat)


Odatda libos – kiyim bir necha muhim maqsadlar uchun ishlatiladi. Agar kiyim boʻlmasa, oʻsha maqsadlarga erishilmaydi va insonning hayvondan farqi ham qolmaydi. Keling, oʻsha kiyimdan koʻzlangan maqsadlar va er-xotin orasidagi munosabatning unga oʻxsatilishi haqida mushohada qilib koʻraylik.

Birinchidan, libos, ya'ni kiyim uni kiygan kishining aybini berkitib turadi. Qurʼoni Karim er-xotinni bir-biriga "libos" deb ta'riflagach, ular ham bir-birlarining aybini berkitib turishlari kerak. Er-xotin bir-birining ayblarini ochishi oʻzaro munosabatlarni buzuvchi eng katta omildir.

Ikkinchidan, libos uni kiygan shaxsni ziynatlab koʻrsatuvchidir. Shunday ekan, Qurʼoni Karimda oʻzaro "libos" deb atalgan er-xotin bir-birlarini ziynatlashga harakat qilishlari lozim.

Uchinchidan, libos oʻz egasini yozda issiqdan, qishda sovuqdan saqlaydi. Bas, shunday ekan, er-xotin ham bir-birlarini hayotning issiq-sovuqlaridan asrashlari lozim boʻladi.

Toʻrtinchidan, libos uni kiygan shaxsning vujudiga eng yaqin narsadir. Libos bilan uni kiygan kishi orasida hech narsa boʻlmaydi. Qurʼoni Karim er-xotinni bir-biriga "libos" deb bilar ekan, ular ham oʻzaro eng yaqin shaxslar boʻlishi va oralariga hech qanday begona kirmasligi kerak. Zero, er-xotin bir-biriga tanmahramdir.

Beshinchidan, libos uni kiygan shaxsga turli noxush narsalar, hatto chang ham yuqmasligiga xizmat qiladi. Bir-biriga libos hisoblanuvchi umr yoʻldoshlari ham bir-birlariga turli yoqimsiz narsalar, hatto fard yuqtirmaslikka harakat qilishlari lozim. Oilalarimiz tinchligi haqida qaygʻurar ekanmiz, ushbu maʼnolarni hayotga tatbiq qilish har birimizning burchimiz, hatto eng avvalo, baxtu saodatimiz ekanini ham unutmasligimiz zarur.


"Ibratli xonadon" Sayyid Rahmatulloh Termiziy

Ayollar_Hayoti

Report Page