Alkimyogar
Book.uz"Alkimyogar” kitobini o‘qib chiqishimni bundan o‘n yil oldin bir tanishim maslahat bergandi. O‘shanda bu kitobni o‘zbek tilida xuddi bir ertakdek o‘qib chiqqandim. Kitob menga u darajada katta tasir o‘tkazmagandi. Undan keyin bu kitob yana uch marta o‘qildi va har safar kitobni ta’siri ortib bordi. So‘nggi marotaba fransuz tilida kitobni ishxonamdagi hamkasb qizlardan birining qo‘lida ko‘rib qoldim va u tugatgandan so‘ng so‘rab olib yana bir marta o‘qib chiqdim va jahon adabiyotining ushbu durdonasi yana bir bor meni qoyil qoldirdi.
Andaludagi oddiy cho‘pon Santiagoni hayotida sodir bo‘lib turgan voqealarni ko‘rib xuddi o‘zimni hayotimni ko‘rganday bo‘lar, hayotda keyingi qadamni tashlashga yanada ishtiyoqim ortib borardi. Asardagi har bir go‘zal iborani bloknotga yozib borardim. Hali biror kitob o‘qib bunchalik ko‘p dono iboralarni qayd etib qo‘ymagandim.
O‘zligini anglash uchun asar qahramonining dunyoni butunlay bir boshqa burchagiga borib o‘zligini izlashi, hayotda imkoniyatlar qadamba-qadam ochilib borishi hayotimdagi ko‘plab masalalarda meni ko‘zimni ochdi.
Kitobda o‘z yuragini eshitishni o‘rgangan Santiago o‘z orzusi sari dadil qadam tashlaydi, bu qadam hayotda unga tavakkal qilishni, bir bosqichda qotib qolmaslikni, o‘z «shaxsiy afsonasi» sari odimlashni o‘rgatadi.
"Shaxsiy afsona” bu ko‘nglimiz tubida doim orzu qilgan xohlagan narsamizdir. Hayotda haqiqiy baxtga erishish uchun uni amalga oshirishimiz shartdir. Shundagina hayotimiz haqiqiy mazmunli bo‘ladi:
"Sen yo‘lingda har bir o‘rgangan narsang, harakating mazmunga ega bo‘lishi uchun albatta izlagan xazinangni topishing kerak”.
Hayotda har bir insonning eng katta, umrida erishishi kerak bo‘lgan nuqta, yagona orzusi bo‘lishi kerak, qolgan har bir harakat, har bir qadam bizni shu orzu sari eltishi kerak. Hayotda tug‘ilib, ishlab, tirikchilik qilib, oila boqib o‘lib ketish uchun yaratilmaganmiz. Yashashdan albatta maqsadimiz bo‘lishi kerak; Tug‘ildikmi, demak o‘zimizdan biror nima qoldirish kerak. Kitobni o‘qib turib o‘zimga bir necha marotaba savol berdim: "Menchi? Men dunyoga nima uchun kelganman? Xudo meni nima uchun yaratdi?"
Hayotda hech narsa tasodif bo‘lmaydi. "Baxtli tasodif” bu bo‘lmagan narsa, bir narsaga erishdikmi, demak biz shunga munosibmiz. Hayotdagi tasodiflar hammasi bizni orzuyimiz tomon eltuvchi hayot yo‘llari, taqdir yo‘llari. Bu tasodif shunchaki hayotdagi xohishimizning amalga oshishidir. Men uchun kitobdagi eng ta’sirli iboralardan aynan biri shu bo‘ldi: «Bizning sayyoramizda bir buyuk haqiqat barqaror: agar siz chindan nimanidir orzu qilsangiz, unga albatta erishasiz. Zotan, bu orzu Olam Qalbida ham tug‘iladi va ayni shuning o‘zi sizning Yerda mavjudligingiz tasdig‘i, sizning taqdiringizdir».
Bu kitob bizga aynan shuni o‘rgatadi. Kitobni o‘qib turib yana bir bor hayotda imkonsiz narsaning o‘zi yo‘qligini, hamma narsa o‘z qo‘limda ekanligini tushundim.
✍️ Firuz ALLAEV

Nashriyot: YANGI ASR AVLODI
Nashr yili: 2018
Betlar soni: 184
ISBN: 978-9943-20-340-2
Narxi: 8000 so'm
Sotib olish uchun ushbu havolani bosing

Nashriyot: "O'qituvchi" NMIU
Nashr yili: 2018
Betlar soni: 160
ISBN: 978-9943-22-236-6
Narxi: 10000 so'm
Sotib olish uchun ushbu havolani bosing

Publisher: Harper Collins
Year: 2016
Pages: 224
ISBN: 978-07225-3293-5
Price: 195000 sum