Alifbo islohi to‘g‘ri tanlov(mi)?
Sh.Zarmasov
Alifbo islohi masalasida o‘zimning ba’zi kuzatishlarim va mulohazalarimni bildirib o‘tmoqchiman. 2018-yilda boshlangan jadal harakat, nihoyat, o‘z natijasini ko‘rsata boshladi. Kuni kecha bo‘lib o‘tgan konferensiya o‘zbek alifbosiga ayrim o‘zgartirishlar kiritish ostonasida turganligimizni eslatib qo‘ydi. Jamoatchilik tomonidan turli fikrlar bildirilmoqda: kimdir ma’qullasa, yana kimdir “qizil bayroq” ko‘taryapti. Xo‘sh, alifboni tahrirlash nega kerak?
Bundan 7-8 yil avval ommalashgan ijtimoiy tarmoqning dastlabki avlodi “whatsApp” foydalanuvchilari orasida muammoli harflar o‘rniga turli belgilar ishlatila boshladi. Xususan,
ch harfi o‘rnida 4 raqami ishlatilib, 4egara, a44iq, 4orwanba kabi belgilardan iborat so‘zlar qo‘llanildi. Bu kabi misollarni sanab oxiriga yetolmaysiz.
sh harfi o‘rnida w belgisi ishlatilib, wanba, wiwmoq, wu, wom kabi aralash alifbodan hosil qilingan shakldagi so‘zlar yuzaga keldi.
o‘ harfi o‘rniga 6 raqami ishlatilib, 6sha, 6lka, 6n kabi belgilardan iborat so‘zlar qo‘llanildi. Hatto o‘zimiz ham yozuvda ushbu belgilarni qo‘llashda qulaylik sezdik.
Mazkur belgilarning paydo bo‘lish masalasiga kelsak:
4 raqami lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi ch harfiy birikmasiga hech bir belgisi bilan o‘xshamaydi. Tanlangan raqam esa kirill yozuviga asoslangan rus alifbosidagi ч harfi bilan tashqi o‘xshashligi uning yozuv uchun tanlanishiga asos bo‘ldi. Natijada, o‘zbek alifbosi va rus alifbosi aralashmasidan yangi “harf” paydo bo‘ldi. O‘zgarishgan uchragan sh harfiy birikmasi o‘rnida ishlatilgan w (kirill alifbosidagi ш harfiga shakily o‘xshash) belgisi ingliz alifbosidagi [ w – dabl:yu ] harfidir. Bu yerda ham ikki til alifbosi aralashib ketdi. Yoki bo‘lmasa, o‘ harfi o‘rnida ishlatilgan 6 raqamini olib qaraylik. Ushbu raqam harfning qo‘shimcha belgisi [ ‘ ] bilan bir xil. Belgi va raqam o‘rtasidagi o‘xshashlik raqamning harf sifatida ishlatilishiga olib keldi. Demak, inson so‘zlashuvining yozma shaklida o‘xshashlik tamoyiliga tayanib, o‘zlari uchun sodda va qulay usullarni yaratib olishdi. Amaldagi alifbo chetga surib qo‘yildi yoki yot belgilar bilan qorishtirib yuborildi.
Endi keyingi “qulaylik” masalasiga to‘xtalib o‘tamiz:
O‘zbek alifbosidagi o‘ va g‘ harflarining yozma va bosma shakllaridagi har xillik. Bu ham yetmaganidek, ushbu harflarda qo‘shimcha elementlarning mavjudligi yozuvning texnik jihatlarida jiddiy muammolarga olib keldi. Birgina o‘ yoki g‘ harfini yozish uchun bir qancha amallarni bajarish qo‘shimcha vaqt, ortiqcha diqqat-e’tibor talab qilib kelgan. Natijada inson yana o‘zi uchun qulaylik yaratdi. Ushbu harflarning qo‘shimcha belgisi [ ‘ ] o‘rnida osongina terilishi mumkin bo‘lgan tutuq belgisi [ ’ ] ning ishlatilish holatlari kuzatila boshladi. Masalan, o‘zbek emas, o’zbek; G‘ulom emas, G’ulom. Bundan tashqari, ushbu ikki harfning yozilishida yana bir o‘ziga xoslik bor. Masalan, o‘zbek emas ozbek, o‘sha emas, osha; G‘ulom emas, Gulom kabi. Bu o‘rinlarda ‘ belgisi shunchaki tashlab ketiladigan bo‘ldi.
Nega bu kabi xatolar yuzaga keldi?
Birinchidan, insonlarda o‘z tilidan foydalanishga nisbatan e’tiborning susayib borayotganligi. Odamlarga o‘zbek tili, imlo, yozuv masalasida gapirsangiz “ensasi qotadigan” bo‘lib qoldi. Bunga qaysidir ma’noda amaldagi o‘zbek alifbosining tahrirtalab harflari sabab bo‘layotgan edi.
Ikkinchidan, amaldagi o‘zbek alifbosining qo‘shimcha harfiy birikmalardan holi emasligi, qo‘shimcha elementli, bu ham yetmaganidek, yozma va bosma shakllari turlicha bo‘lgan harflarning mavjudligi. Insoniyat har doim o‘zi uchun qulaylik yaratishga intilib kelgan. Uzoq o‘tmishga nazar solsak, insonlar yashash uchun qulay joyni, mehnat qilish uchun qulay qurol-yaroqni tanlashgan. Insoniyat tabiatiga xos bo‘lgan tanlov erkinligi yuqorida aytganimizdek, yot alifbo elementlarining o‘zbek alifbosi bilan qorishtirilishiga olib keldi.
Uchinchidan, yozma nutq madaniyatining yetishmasligi. Ko‘pchilik nutq deganda faqat og‘zaki muloqot shaklini tushunadi. Bilamizki, nutqning ikki: yozma va og‘zaki shakllari mavjud bo‘lib, inson o‘z fikrlarini yo og‘zaki, yo yozma shaklda bildiradi. Insonning nutq madaniyatini qanchalik egallaganligi uning nafaqat og‘zaki muloqotidan, balki yozma nutqidan ham anglashiladi.
O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘la joriy etish, aholi qatlamining savodxonlik darajasini oshirish borasidagi islohotlarimiz mustaqilligimizning ilk yillarida boshlangan bo‘lsa, 2019-yilga kelib, ushbu harakatlar jadallashdi va ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun avvalo amaldagi o‘zbek alifbosini isloh qilish masalasi o‘rtaga tashlandi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng jamoatchilik fikrlari va ilmiy asoslarga tayangan holda ishlab chiqilgan va taklif qilinayotgan 28 ta harf, 1 ta harf birikmasi va bir tutuq belgisida iborat lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi yana jamoatchilikka havola etildi.
O‘zgarishlar esa o‘sha biz qorishtirgan, o‘xshash belgilarga almashtirgan va yozuvning turli ko‘rinishlarini hosil qilishimizga sabab bo‘lgan O‘ o‘ — Õ õ; G‘ g‘ — Ğ ğ; Ch ch — C c va Sh sh — Ş ş harflarida kuzatilmoqda.
Demak, taklif etilayotgan alifbo loyihasida faqatgina yuqorida keltirilgan 4 harfdagina sodir bo‘lyapti. Ulardan foydalanishni optimallashtirishga xizmat qiluvchi o‘zgartirishlar kirtilgan, xolos. Alifbomizning boshqa harflari o‘z o‘rnida saqlanib qolmoqda. Bundan kelib chiqadiki, “Yangidan alifboni o‘rganamiz” kabi fikrdagi insonlar o‘z fikrlarini “Ba’zi qiyin harflarni endi soddaroq shaklda yozamiz” deb o‘zgartirishlarini istar edim.
O‘zbek alifbosiga kiritilgan o‘zgartirishlar xususida
Yozma va bosma shakllari turlicha bo‘lgan o‘ va g‘ harflari yozma shaklda ham, bosma shaklda ham bir xil ko‘rinishga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan:
O‘ o‘ — Õ õ
G‘ g‘ — Ğ ğ
Ch va sh harflarining o‘rniga butunlay boshqa o‘zbek alifbosida mavjud bo‘lmagan harflar kiritilayotgani yo‘q. Shunchaki, harf birikmalaridan sodda harflar hosil qilinmoqda.
Ch ch — C c
Sh sh — Ş ş
Taklif etilayotgan alifbo loyihasining iqtisodiyotga ta’siri
Barchamizga ma’lumki, alifboni tahrirlash masalasi o‘rtaga tashlangan paytda, bu islohning davlat iqtisodiyotiga salbiy ta’sirlari turli misollar asosida keltirildi. Masalan, kitoblarning qayta nashr qilishi, hujjatlar almashishi, reklamalar, hamda e’lonlarni qayta chiqarish va hokazo.
Albatta, jamiyatimizdagi har qanday islohotlar iqtisodiyotimiz asosida quriladi. Biroq, xalqimizda bir gap bor: “Kelajakka tikilgan sarmoya eng yaxshi sarmoyadir”. O‘sayotgan barkamol avlod Yangi O‘zbekiston kelajagining mustahkam tayanchidir. Bugun biz yoshlarning bilim olishlari, savodli bo‘lishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishdan qo‘rqmasligimiz kerak. Kitoblar, hujjatlar masalasi muddatli tarzda amalga oshirilib borilishi hammaga ma’lum. Shuningdek, kutubxonalarimizda kirill yozuvida nashr etilgan kitoblarimiz bizning ma’naviy merosimiz sifatida hali ham saqlanmoqda. Ulardan hozir ham foydalanib kelmoqdamiz.
Endi alifbo loyihasining iqtisodiyotimizga ijobiy ta’sirini qarab ko‘ramiz.
Kasbimiz hujjat yuritish, hujjatchilik bilan bog‘liqligi sababli amaldagi o‘zbek alifbosida terilgan va chop etishga tayyor bo‘lgan hujjatlardan – Nizom (10 bet) hamda ilmiy materiallardan – ilmiy-amaliy jurnal (243 bet) matnlarini taklif etilayotgan alifbo loyihasiga o‘zgartirib, yangi loyihaning iqtisodiyotga ta’sirini chamalab ko‘rdim.
Amaldagi o‘zbek alifbosida terilgan A4 shakldagi tor o‘lchamli qog‘ozga joylashtirilgan 10 betlik Nizom matnidagi o‘, g‘, sh, va ch harflarini taklif etilayotgan shakllari õ, ğ, c va ş harflari bilan almashtirdim. Natijada esa 9 betlik matn 8 betga aylandi. Xuddi shu tajriba 243 betlik ilmiy-amaliy jurnal matnida qo‘llanilganda jurnalning hajmi 8 betga qisqardi. Demak, tejamkorlik tamoyillariga tayanilsa, taklif etilayotgan alifbo iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi oydinlashadi.
Ushbu fikr-mulohazalar, yuqorida aytganimdek, shaxsiy kuzatishlarimiz va tajribalarimiz bayoni bo‘lib, bunda masalaning ilmiy taraflariga e’tibor qaratilmagan. O‘ylaymanki, isloh qilingan yangi o‘zbek alifbosi bilan imlodagi barcha muammolar o‘z yechimini topadi. Tilshunos olimlarimiz tomonidan ilgari surilgan ushbu alofbo loyihasining tasdiqlanishi va amaliyotga joriy qilinishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining yakuniy qarorini kutib qolaman.
Savodxonligimiz mezoni bo‘lgan alifbo masalasida yakdil bo‘laylik. Bir yoqadan bosh chiqarib, taklif etilayotgan alifbodagi o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlaylik!
Sh.Zarmasov,
Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU
huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini
o‘qitish va malaka oshirish markazi xodimi