Alanga ichidagi ayol

Alanga ichidagi ayol

Komola

Taqriz

Mazkur "Alanga ichidagi ayol" asarining nomlanishi kitobxonda katta qiziqish uyg'ota oladi. Ijtimoiy hayotdagi sharq ayollarining ayanchli taqdiri, tengsizlik, ilm olish borasida ayollarning kamsitilishi, qizlarning hayotga, oilaga bo'lgan orzu-havasi, munosabatlarning notekis rivojlanishi kabi illatlar asar qahramoni Suad obrazi orqali bayon etiladi. Suad taxminan 60-yillarda Iordaniyaning janubiy sohillaridagi qishloqlardan birida tug'ilgan. U 20 yil davomida psixoterapiya bo'yicha davolanib, o'tmishini eslaydi va bo'lib o'tganlarning hammasini xotirlagach, Yaqin Sharqdagi ayollarning hayot tarzi qanday bo'lganini tasvirlash maqsadida ushbu biografik asarini yozadi. Unda bayon etilishicha:

"Oilada qiz farzand tug'ilsa tavqila'nat kabi qaralgan, katta tashvish bo'lgan. Hattoki ba'zilarini onalari tug'ilgan zahotiyoq shafqatsizlarcha o'ldirishgan, bunga Suad ham yana bir singlisi tug'ilganida guvoh bo'lgan. Bolalik haqida eslashga arzigulik hech narsasi bo'lmagan. Hech qaysi qiz maktabda o'qitilmagan. Barcha mehr va e'tibor o'g'il farzandga qaratilgan. Ko'chaning o'ng-u chapiga qarash, sotuvchi bilan savdolashish, zargarlik buyumlarini taqish, pardoz-andoz qilishi uchun qizlar turmushga chiqqan bo'lishi kerak. Turmush qurish uchun esa oilada o'z navbatini kutishga majbur bo'lgan. Suaddagi muammolar ham aynan shu sababdan kelib chiqadi, ya'ni undan oldin tug'ilgan opasini hech kim olishni istamaydi, shuning uchun Suadning ham yo'li yopiq edi.

Bir kuni onasi uni so'rab kelishganini, ammo, hali opasi Qaynat bor bo'lgani uchun rad qilishganini aytdi. So'rab kelganlar uning ro'parasidagi uyda yashovchi qo'shnisi Fayozdan kelgandi. Suad uni har kuni ayvondan kuzatib sevib qoladi. So'ngra ular bug'doyzorda uchrashib turishadi. Suad uni o'zidan itarishga urinadi, ammo, keyin unga uylanish fikridan qaytib qolishidan qo'rqib qat'iyatini yo'qotadi va Fayoz o'z maqsadiga erishib uni tashlab ketadi. Bir necha oy so'ngra oilasi uning homiladorligidan xabar topadi va o'zaro gaplashib, pochchasi tomonidan o'ldirtirilishiga kelishishadi. Ertasi kuni ota-onasi shaharga ketadi, Suad uyda yolg'iz qoladi. Birdan eshik taraqlab pochchasi kirib keladi.

"-Nigohlarimni kirlar osilgan dorga tikdim. Qo'llarim titrardi. Undan eshitgan oxirgi so'zlarim shu bo'ldi:

- Endi gunohingni yashirishning imkoni yo'q, qizaloq.

Shu ko'yi jim qoldik. Men uning rejasini amalga oshirishini kutar, boshqa gapirishni istamasdim. Boshimni esa tizzalarim orasiga kiritib oldim. Bir payt sovuq narsa boshimni ho'l qildi. Nimaligini anglamay turib, gugurt chaqilganini eshitdim. Zum o'tmay, yona boshladim! Ustimdan benzin quyib o't qo'yganini tushundim. Yonayotib, jon holatda qichqirar, qo'llarim bilan boshimdan pastga tomon o'ralab kelayotgan olovni o'chirishga harakat qilardim. Yugurib bog' tomonga chopdim, ko'ylagim menga xalal berardi. Baqirganim, bog'dan sakrab o'tganim yodimda. Qolganini eslolmayman...".

Shundan so'ng uni bir ayol uchratib qolib olovni o'chirdi va shifoxonaga olib bordi. U yerga avval otasi kelib u odamning kim ekanligini qahr bilan so'raydi, gapirishga majoli yo'q bo'lgani uchun javob bera olmaydi va otasi chiqib ketadi. So'ng onasi kelib, biroz gaplashib, unga zahar bermoqchi bo'ladi, shu payt shifokor kirib qoladi va bunga yo'l qo'ymaydi. Oradan uch-to'rt kun o'tib ukasi hech kimga bildirmay, qo'lida banan va apelsin to'la xalta ko'tarib keladi, Suad juda xursand bo'ladi. Shu bilan Suad oilasini boshqa ko'rmadi. Bir necha kundan so'ng "Insoniyat kurrasi" nomli gumanitar tashkilot xodimi bo'lgan Jaklin ismli ayol Suad haqida xabar topadi va unga yordam berishga qaror qiladi. Uni va tug'ilgan bolasini Yevropaga olib ketadi. Suad Shveytsariyada davolanadi. O'g'li Maruanni esa boqishga imkoni bo'lmagani uchun boshqa oilaga topshiradi. Sekin-sekin o'qish-yozishni, kompyuterda ishlashni o'rganadi va fermada ishlashni boshlaydi.

Hayotida bir odam paydo bo'ladi, avvaliga ular bir-biriga o'rganib qolishadi, keyinchalik turmush qurishga ahd qilishadi. Ikki qiz farzandli bo'lishadi: Letitsiya va Nadya.


Bir necha yillar o'tib, Maruan bilan ko'rishib barchasini aytib beradi. So'ngra qizlariga ham u haqida tushuntiradi. Ular ko'rishib juda yaxshi kelishib ketishadi. Bundan qizlarning otasi Antonio ham xursand bo'ladi. Maruanni bir oila bo'lib yashashga taklif qilishadi. U ko'chib keladi. Birga ahil-inoq oila bo'lib yashashadi. Jaklin Suadga hayotini kitob qilib yozishni taklif qiladi, bu ko'plab ayollar uchun hayotga nisbatan umid uchqunlari paydo bo'lishini va kuchli bo'lishga undashini aytadi.

"-Mana, nihoyat, katta kuch to'plab, men tariximni yozishga kirishdim. Uyimizdagi kitob javonida ushbu kitobim ham joy oladi: toki o'tmishim menga hozir baxtli ekanimni eslatib tursin.

Rahmat.

Suad.

Yevropaning qayeridadir.

2002-yil 31-dekabr."

Mana, asar haqidagi qisqacha ma'lumotlar shulardan iborat edi. Xulosa o'rnida shuni aytishim mumkinki: Biz jannatmakon o'lkada yashayotgan ekanmiz. Biz o'qiymiz, istagan to'garaklarimizga, istagan san'at dargohlariga bora olamiz. Istaganimizni kiya olamiz. Bizni buning uchun hech kim "sharmanda" deya tahqirlamaydi. Erkinmiz. Tinchmiz. Bolalik nima ekanligini his etganmiz. Bu qanday baxt! Bu kitob mening dunyoqarashimni o'zgartirdi. Hayotda notekis chiziqlar ham borligini ko'rsatdi. Shu yurtda tug'ilganimga yanada shukrim ortdi. Va bu kitobni o'zbek tiliga tarjima qilgan, nashr etib, bizlarga yetkazib berishga hissasi qo'shilgan barchaga chuqur minnatdorligimni bildiraman.

Report Page