Ajdar quduq (doston)
Omon MatjonBir bor ekan desammi?
Bir yo‘q ekan desammi?
Ochdan gapirsammikan,
To‘qdan lof ursammikan?
Yo‘q, yo‘q, joyin aytmayman.
Borar rohin aytmayman.
Ko‘rsatmayman ko‘yini,
Ko‘rsatmayman uyini,
Ismini sir tutaman.
Damni ichga yutaman.
To ahdimni bilmasin,
G‘iybat qilib yurmasin!
Xullas, shu atrof joyda.
Tin bilmay yilda-oyda.
G‘iybat etib bor elni.
Sira tiyolmay tilni.
Bir kampir yashar ekan.
Haddidan oshar ekan.
Mana u boy qo‘shnisining tannoz xotinini nima deb g‘iybat qilibdi:
Otdan gapirmayman, yo‘q.
Yotdan gapirmayman, yo‘q.
Men bordan gapiraman.
Er, ordan gapiraman.
Yo o‘zi naq hezalak,
Yo boylikka jon halak,
Xotiniga qaramas,
Erkalamas, silamas,
Shundan ul xonim erka.
Xiyonat qilar erga.
Eri-ku, sezib yurar.
Bag‘rini ezib yurar.
Lekin inday olmaydi.
Bolta bilan solmaydi.
Nega desang ul “o‘ynash”.
Mingboshiga qarindosh...
Buni hamma biladi.
Hatto gap ham qiladi.
Men gapirgan zahotim.
G‘iybatchi bo‘lar otim.
Qo‘y, qo‘y, zamona qursin!
Mana u qassobni qanday g‘iybat qilibdi?
Iloyim oti o‘chsin,
Tig‘i bo‘yniga tushsin.
Qovurg‘a, ichak-chavaq,
Kalla-poycha, bosh-oyoq
Avval go‘sht sanalmasdi.
Tarozuga minmasdi,
Endi bari halolmish.
Tashlasalar, uvolmish!
Ha, ungayam ko‘p qiyin.
Pansod ko‘p, ko‘p xo‘jayin.
Go‘shtni shular oladi.
Suyak bizga qoladi.
Buni hamma biladi.
Hatto gap ham qiladi.
Men gapirgan zahotim.
G‘iybatchi bo‘lar otim...
Qo‘y, qo‘y, zamona qursin.
Mana, kampirimiz bir to‘yga borib, baxshini qanday g‘iybat qilibdi:
Tori sinsin iloyim,
Kuyi bir kuydir doim.
Yangi qo‘shiq to‘qimas.
O‘tganlardan o‘qimas.
Ko‘zi pulda, hamyonda.
Amaldorda, ayonda.
Shularni madh etadi.
To‘tidan ham o‘tadi.
Faqat shunga til biyron.
Buni hamma biladi.
Hatto gap ham qiladi.
Men gapirgan zahotim.
G‘iybatchi bo‘lar otim...
Qo‘y, qo‘y, zamona qursin.
Axiran kampirni tartibga chorlash uchun madrasaning domlasini yuboribdilar. Kampir uning va’z-nasihatlarini tinglab bo‘lib, shunday deb shang‘illabdi:
Sen ham domullomisan?
Zaboning tillomisan?!
Biliming yo‘q – kaldaysan,
Bolalarni aldaysan!
Bilmaysan, xudo qayda?
Bilasan – foyda qayda?
Pulsiz qolsang tullaysan,
Qur’onni ham pullaysan!
Bilim odami bo‘lsang
Elim odami bo‘lsang,
Amaldor boyga emas.
Kambag‘alu xoru xas.
Jonlarga qilgin nazar,
Sen-chi, qilasan hazar!
Naq it bo‘lib uvlaysan,
Madrasangdan quvlaysan.
Nega desang, puli yo‘q,
Dudi boru kuli yo‘q.
Buni hamma biladi.
Hatto gap ham qiladi.
Men gapirgan zahotimi.
G‘iybatchi bo‘lar otim...
Qo‘y, qo‘y, zamona qursin.
Domla gap bilan kampirni yengib bo‘lmasligini anglab, talabalarni uni kalaka qilishga gijgijladi. Lekin kampir ularga qarab shunday qattiq va ko‘p gapirdiki, biz birgina parchasini keltirish bilan kifoyalanamiz:
Bolamassiz, balosiz,
Qachon gapdan qolasiz?
Domlalaring aldagach.
Aqllaring kalta, kaj.
Hech biringning dining yo‘q.
Ilming yo‘q, tayining yo‘q.
Baring boyning o‘g‘lisan.
Baland joyning o‘g‘lisan.
Sizdan chiqar edi kim:
O‘g‘ri, kazzob yoki hokim...
Domla:
“A? Bularni yo o‘g‘ri, yo hokim bo‘ladi dedingmi?..”
Gap darhol hokimga borib yetibdi. Bilasiz, hokim aslida rahmdil, insofli odam bo‘ladi. Lekin o‘zini haqoratlagan odamni jazolashi kerak-da! Kampirni qirq ming yildan beri yoniga birov borishga qo‘rqadigan, elda “Ajdar quduq” nomi bilan mashhur bo‘lgan chuqurga tashlashga buyuribdi. Kampir qo‘rqib ketib hokimga ancha yig‘i-sig‘i qilibdi. Hokim esa maza qilib kulibdi, xolos: “U yerda bir o‘zing yotmaysan-ku? Jin-ajinalar ulfat bo‘ladi! U dunyoni ham bir boplab g‘iybat qil...”Shunda kampirning jahli chiqib ketibdi, bari bir o‘laman, deb gapni aytib qolibdi. Ko‘p gapiribdi, xo‘p gapiribdi, hokimga aytganlarining hammasini elga oshkor qilmay, biz bir og‘izini keltirdik, xolos:
Xo‘sh, yolg‘onmi gaplarim,
Yoqmasmi talablarim?
Birgina aybing ochay,
Yolg‘on desang ont ichay,
Sen bu yurtga bo‘lgach bosh,
Faqat yaqin qarindosh –
Xeshlaringni to‘plading,
“Boshqa”larni ko‘plading,
Qayda ne mansab bo‘lsa,
Qayda ozroq naf bo‘lsa,
Xeshlaring oldi qo‘lga.
Boshqalar do‘ndi qulga...
Buni hamma biladi.
Hatto gap ham qiladi.
Men gapirgan zahotim –
G‘iybatchi bo‘lar otim.
Qo‘y, qo‘y, zamonang qursin!!!
Xullas, bu gaplar endi befoyda edi. Kampir yomon kunga qoldi, “Ajdar quduq” g‘oyat dahshatli, etni jimirlatadigan turli-tuman g‘o‘ng‘illashlarga to‘la zax va qorong‘i joy edi. “Tavba!” debdi kampir quduqning tagida o‘tirib. “Ajdar deganlari katta va kuchli maxluq bo‘ladi, der edilar. Uni gapirib, bolalarimizni qo‘rqitar edik. Biz bilgan ajdarlar butun-butun shaharlarni, davlatlarni egallab, qurbonlik so‘rar edi. Deyman, bu maxluqlar ham zamoniga qarab har xil bo‘lar ekan-da! Manov quduqda yashagan ajdar, deyman, fahm-farosatsiz, o‘z haqqini tanimaydigan, hukmdorlarning tilsiz-zabonsiz xizmatkoriga aylanib qolgan, umri-bo‘yi eshakdan battar xizmat qilib, oxirida yetishgani faqat shu qorong‘i go‘r – sayoq itlar ham hazar qiladigan o‘ra – bir baxti qora ajdar bo‘lsa kerak! Gapim noto‘g‘ri bo‘lsa bu jahannam qudug‘i “ajdar” degan ulkan nomga munosibmi, eh dunyo, dunyo! Men gapirsam – otim g‘iybatchi...”
Kampirning gapi dahshatli bir guldurosdan bo‘linibdi. Quduq ichida go‘yo momaqaldiroq turganday zilzila boshlanib, yer yorilganday bo‘libdi. Sababi, bu yerda chindan ham qirq ming yil burun uyquga ketgan bir keksa Ajdar tuproq ostida oromda yotar ekan. Qirq ming yilki, uni hech narsa uyg‘ota olmagan ekan. Lekin kampirning g‘alati tanqidi, ta’nakor gaplari sho‘rlikning jon-jonidan o‘tib ketibdi. Ajdar hayoti chindan ham kampirning qarg‘ishidagidek alamli bo‘lgan ekanmi yo shunchaki g‘iybatga chidamasdanmi, ishqilib, shart o‘rnidan qo‘zg‘alib osmoni falakka ko‘tarilib, quduqni tark etibdi.
– Aytishlariga qaraganda, shu kuni havo ochiq ekan, lekin birdan momaqaldiroqni eshitib, hamma hayron qolibdi. Birov: “Ana, Ajdar g‘iybatchi kampirni narigi dunyoga olib ketdi!” – desa, birov: “Yo‘q, Ajdarning o‘zi kampirning gaplaridan bezor bo‘lib qochib ketgan!” – deb gap qilgan. Xullas, shu-shu, bu joyni endi goh “Ajdar quduq”, gohi esa “Kampir quduq” deydigan bo‘lishibdi. Bu voqea qayerda o‘tgan dersiz? Aytmayman! Buni o‘zingiz eslab ko‘ring: yashayotgan joyingizga yaqin yerda “ajdar quduq”, “alvasti g‘or”, “shayton o‘ra”, “jin teshik” kabi sirli, xilvat joylar bor! Ularning ko‘pchiligidan haligacha g‘o‘ng‘illagan ovozlar eshitilib turadi. Ishonmasangiz, borib ko‘ring...