Ajal va armon

Ajal va armon


O‘z orzusidagi qizni uchratganida senator Onesimo Sanchesning qazosi yaqinlashgan – olti oy-u o‘n bir kun umri qolgan edi. Qizni Rosal-del-Virrey, ya’ni Qirol noibining ravzasi deb atalmish kechalari pinhoniӣ bozirgonlarning shitobkor kemalariga xufiyona bandargoh bo‘lib xizmat qiladigan, kunduzlari uyqusiragan dengiz sohilidagi g‘arib bir sahroda, shu qadar g‘aribki, inson zotining taqdirini sarosar o‘zgartirishga noil nozanin yashashi xayolga ham kelmaydigan makkor makonda uchratdi. Hatto nomi ham qaltisroq hazilga o‘xshab ketadigan bu ovloq qishloq bino bo‘lganidan beri odamlari ko‘rgan yagona atirgulni Laura Farinyaning diydoriga yetgan kuni Onesimo Sanchesning o‘zi olib kelgan.

Qishloq – to‘rt yilda bir bor o‘tadigan senatorlik saylovoldi kampaniyasining muhim manzili. O‘sha kuni nahordan Sanches shotirlarining furgonlari ko‘rindi. So‘ng ommaviy tadbirlarda olomonni ko‘paytirish uchun ataylab yollangan hindularni ortgan yuk mashinalari keldi. Soat o‘n birlarga yaqin cholg‘uchilar, raqqoslar va mushakbozlar jo‘rligida qulupnay rangidagi vazirlik mashinasida ishonchli vakillar guruhi paydo bo‘ldi. O‘z mashinasining salqingina salonida yayrab, yastanib o‘tirgan senator Sanches eshikni ochishi bilan sahroi kabr jaziramasining yuziga urilgan olovli nafasidan dahshatga tushdi. Tabiiy ipakdan tikilgan ko‘ylagi murabboga belanganday bir zumda badaniga yopishdi. Senator bexosdan o‘zini g‘oyat qartaygan, ezilgan va yakka-yolg‘iz his qildi. U endi qirq ikkiga to‘lgan, Gettingen dorilfununini muhandis-metallurg mutaxassisligi bo‘yicha a’lo baholarga tamomlagan va mumtoz lotin mualliflari asarlarini yuzakiroq bo‘lsa-da, nimkalaroq tarjimada muntazam o‘qib-o‘rganib keladi. Sohibjamol olmon qiziga uylanib, besh farzand ko‘rgan senator uch oy burun, kelayotgan rojdestvo hayitigacha bandalik qilishi aytilmagunicha, oilasi bag‘rida baxt-iqbolga ko‘milib yashayotgan edi.

Saylovchilar bilan uchrashuvga tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetgunicha senator o‘ziga ajratilgan uyda bir muddat dam olishga muvaffaq bo‘ldi. To‘rbelanchakka cho‘zilishdan avval o‘zi bilan olib kelgan atirgulni stakandagi suvga solib, shifokorlar tavsiya etgan suli yormasi  bilan nonushta qildi. Qayga borsa, ushbu parhez yemagini o‘zi bilan olib yuradi: dasturxonga tortiladigan an’anaviy jazillagan uloq go‘shti qovurmasiga tobi toqati yo‘q. Dardi boshlanishini kutmay, og‘riqkesar sadafdorisidan bir nechtasini yutdi. Elektr bodkashni to‘rbelanchakka yaqinroq surib, soyaroq tomonga yalang cho‘zildi, dimog‘iga atirgul ifori kelib, uyqu elitar ekan, o‘lim haqida o‘ylamaslikka urindi. Shifokorlardan boshqa hech kim uning qazosi yaqinligini bilmaydi. Yosh jonini sug‘urib olayotgan azob-uqubatlarga yolg‘iz o‘zi dosh berishga ahd qilgan, dardini birovlarga sezdirmasdan yashash istagi esa shuhratparastlikdan ko‘ra, kamtarlik sabab tug‘ilgan edi.

Kun qiyomdan oshib, asl ipak matodan tikilgan shim va parcha gulli ko‘ylakda odamlar orasida paydo bo‘lganida, hordiq chiqargan senator ancha o‘ziga kelgan, og‘riqkesar dorining ta’sirida tetik ko‘rinar edi. Shunday bo‘lsa-da, uni ich-ichidan yemirayotgan manfur ajal sharpasi pand bermay qolmadi. Minbarga chiqayotganida, uni bilan qo‘l olishish umidida pastda dengizday chayqalib turgan avom ko‘ziga baloday ko‘rinib ketdi. Maydondagi jazillagan toshlar ustida yalang oyoqlarini zo‘rg‘a sudrab bosayotgan hindular to‘dasiga ham odatdagidek achinmadi. Qo‘lini zarda bilan keskin silkitib, chapakbozlikni to‘xtatdi va nigohini jaziramada larzon yeb yotgan dengizga qadaganicha, bir maromda so‘z boshladi. Ko‘ksining qat-qatidan sitilib chiqib, sukutlar bilan ta’kidlanayotgan hazin ovozi qudratli ummonning sokin chayqalishini eslatardi; biroq bot-bot takrorlanaverib yod bo‘lib ketgan so‘zlar uning shuuriga adolat nuqtai nazaridan emas, avliyosifat Rim imperatori Mark Avreliyning to‘rtinchi kitobida bitilmish taqdiri azal haqidagi iddaolarni rad etish uchungina kelayotganday tuyulardi.

— Biz bu yerga tabiatni bo‘ysundirish uchun keldik, — deb gap boshladi Sanches o‘z aqidalariga zid ravishda. — Biz endi o‘z vatanimizning o‘gay farzandlari bo‘lishni, bu tashnalik va zulmat saltanatida yaratganning nazaridan qolgan yetimlar bo‘lib qolishni, o‘z yurtimizda ayanchli quvg‘inda yashashni istamaymiz. Senorlar, biz endi boshqacha yashaymiz, biz endi buyuk va baxtli yurt farzandlari bo‘lamiz!

Bu gaplar senatorning saylovoldi tashviqotiga tovin shiorlardan edi. U nutq so‘zlayotganida, yordamchilari gala-gala qog‘oz qushchalarni osmonga uchirmoqda edi. Go‘yo jon ato etilgandek ko‘ringan qog‘oz qushchalar yog‘och minbar ustida birrov charx urib, dengiz sari muallaq ketardi. Bu orada furgonlardan namat bargli sun’iy daraxt nihollari tushirilib, olomon ortidagi selitraga to‘yingan yerga qadash boshlandi. So‘ng oynavand derazali qizil g‘ishtin uylarni eslatuvchi karton devor o‘rnatishga kirishildiki, ayni omonat manzara maydon atrofidagi g‘aribona kulbalarni ko‘zdan to‘sib qo‘ydi.

Kulbato‘sar devor tiklangunicha senator o‘z nutqini lotin tilidagi ikkita uzundan-uzoq iqtibos bilan davom ettirdi. Yomg‘ir yog‘diradigan mashinalar, qutilarda hammabop o‘yinlar, toshloq maydonlarda sabzavot yetishtirish uchun “Baxt-iqbol” yer malhami va derazalar raxida  xush bo‘y taratib turadigan binafshalar va’da qildi. Xayolidagi olamni bunyod etish ishlari yakuniga yetgach, barmog‘i bilan o‘sha tomonga ishora qildi:

— Senorlar, qarang, biz nimalarga qodirmiz! — deb xitob qildi u. — Siz bunday go‘zal hayotga munosibsiz!

Avom orqasiga o‘girildi va uylar ortida suzib borayotgan rang-barang qog‘ozlardan yasalgan ummon kemasini ko‘rdi. Kema xayoliy shaharchadagi eng baland uylardan ham balandroq edi. Muttasil tuzish-buzishlar, u yoqdan — bu yoqqa ko‘chirishlar ushbu qo‘lbola sun’iy qishloqni Rosal-del-Virreyning o‘zi kabi g‘arib, nursiz-ziyosiz, changga botgan matohga aylantirib qo‘yganini faqat senatorgina payqadi.

Nelson Farinya o‘n ikki yil deganda birinchi marta senatorning istiqboliga chiqmadi. Uning nutqini dag‘al yog‘ochdan ko‘tarilgan ayvondagi to‘rbelanchakda yotgancha, peshingi uyqu aralash uzuq-yuluq eshitdi. Nelson Farinya ushbu ayvonni qachonlardir birinchi xotinini qassoblarga xos abjirlik bilan chopib-bo‘laklab tashlagani kabi o‘z qo‘li bilan qurgan edi. So‘ngra Farangistonning dengizorti muzafoti — Kayenna qamoqxonasidan qochib, yuvoshgina qizil to‘tiqushlar yuklangan kemada zanji ma’shuqasi bilan birga Rosal-del-Virreyda paydo bo‘lgan. Surinam poytaxti Paramariboda topgani — ketvorgan bu shakkok habash ayol unga qiz tug‘ib bergan. Murdasining bo‘laklari aynan o‘zining gulkaram ekilgan mo‘jazgina poliziga o‘g‘it bo‘lib ketgan birinchi xotinning qismatini takrorlash ikkinchi ayoliga nasib etmadi. Bunisi yoshini yashab, oshini oshab, o‘z ajali bilan o‘lgan va mahalliy qabristonga gollandcha nasabi bilan ko‘milgan. Nelson Farinya, uyimda dunyodagi eng go‘zal qizni tarbiyalayapman, deb bejiz faxrlanmasligining boisi — farzandiga onasidan qaddi raso qomatu rang, otasidan esa hayratomuz ko‘zlar o‘tgan.

Nelson Farinya birinchi saylovoldi kampaniyasi davrida Onesimo Sanches bilan tanishgan va senatordan o‘zini qonun peshvolari qutqusidan himoyalovchi qalbaki guvohnoma to‘g‘rilab berishni iltimos qilgan edi. Senator iltifot bilan, lekin qat’iyan rad etgan. Shunday bo‘lsa-da, Nelson Farinyaning umidi uzilmagan va o‘tgan yillar mobaynida qulay fursat tug‘ilishi bilan yo‘lini topib, senatorga suykalib kelishdan qolmadi. Olgan javobi esa o‘sha-o‘sha. Qaroqchilar makonida tiriklayin chirishga mahkum etilgan Nelson Farinya bu gal to‘rbelanchagidan hatto turmadi ham. Yakunlovchi qarsaklar yangragach, boshini ko‘tardi va kungrador devor osha senator nag‘masining teskari tomoniga — imoratlarning tirgaklari, daraxtlarning sinchlari, kemani yashirincha surib borayotgan shotirlarga ko‘zi tushdi. Ko‘tarilib kelgan g‘azabini tuflash bilan bosdi:

— Merde! C’est le Blacaman de la politique![1]

Nutq irodidan so‘ng senator, joiz odatga ko‘ra, musiqa va mushaklar sadosi ostida, o‘z dardu alamlarini unga to‘kib solayotgan fuqarolar qurshovida ko‘cha oraladi. Sanches ularning arzlarini kamoli iltifot bilan tinglar va barchaga taskin berish yo‘lini topar, lekin zimmasiga og‘ir majburiyatlar olmas edi. Go‘daklari bilan tomga chiqib olgan bir ayol olomonning g‘ala-g‘ovuri va mushaklarning shovqinini bosib, qichqirishga muvaffaq bo‘ldi.

— Men sizdan oti dunyo so‘ramayman, senator, — dedi u. — Aorkado qudug‘idan suv tashishimiz uchun bor-yo‘g‘i bittagina eshakdan yordam qiling.

Senator uning qoqsuyak olti o‘g‘liga ko‘z tashladi.

— Eringizga nima bo‘lgan? – deb so‘radi.

— U baxtini izlab Aruba oroliga ketgan edi, – deya samimiy javob berdi ayol. – Nuqra tishli bir kelgindini topgan emish.

Ura qah-qaha ko‘tarildi.

– Gap yo‘q, – deya ma’qulladi senator. – Bitta eshak sizdan aylansin.

Ko‘p o‘tmay, senatorning qo‘ldoshi ayolning uyiga va’da qilingan jonivorni yetaklab keldi. Uning ikki biqiniga saylovoldi tashviqotiga doir shior ohori to‘kilmas bo‘yoq bilan bitilgan, toki, eshakni senator sovg‘a qilganini hech kim unutmasin.

Ko‘cha bo‘ylab qisqa fursatli namoyishkorona yurishi asnosida senator boshqa xayrli ishlarni ham amalga oshirishga ulgurdi. Bir bemorga qoshiqdagi dorisini ichirib qo‘ydi. Ixlosi beqiyos xasta tantanali marosim tomoshasidan bebahra qolmaslik uchun karavotini uyining bo‘sag‘asiga olib chiqib qo‘yishni iltimos qilgan ekan. Oxirgi muyulishda to‘rbelanchakda yotgan Nelson Farinyaga kungurador devor orasidan ko‘zi tushdi va uning yuzi zahil tortib, o‘zini ancha oldirib qo‘yganini sezdi.

– Ishlar qalay? – deb so‘radi senator til uchida.

Nelson Farinya to‘rbelanchagida bir ag‘darilib oldi va senatorga qahrabo rang ma’yus ko‘zlarini tikdi.

– Moi, vous savez[2], – deb javob berdi.

Otasining gap-so‘zlari qulog‘iga chalingan qizi ayvonga chiqdi. Oxori ketgan odmigina kamzul kiyib, yuziga oftobdan himoya malhami surtgan, sochiga serbarg bezaklar taqib olgan qishloq qizi senatorning ko‘ziga bu dunyodagi tengi yo‘q xuriliqo bo‘lib ko‘rindi. Yuragi hapriqib ketdi.

– Tavbangdan ketay! – dedi u hayratini yashira olmay. – Shunaqasi ham bo‘lar ekan-da, a!

O‘sha oqshom Nelson Farinya qizini qo‘lidan kelgancha yasantirib, senatorning huzuriga jo‘natdi. Issiqdan quruqshagan tumshuqlarini qashib o‘tirgan miltiqli soqchilar unga senator qabulxonasidagi yagona kursini ko‘rsatishdi.

Qo‘shni xonada Rosal-del-Virrey peshvolari bilan yig‘ilish o‘tkazayotgan senator ularni boya nutqlarida tilga olmagan haqiqatni dangal aytish uchun chorlagan edi. Bu faollar ham sahrodagi boshqa ovullarning oqsoqollaridan qolishmasdi. Har oqshom bir xil yig‘ilish o‘tkazib, bir xil gaplarni takrorlayverish joniga tegib ketgan senator egnidagi terga botgan ko‘ylagini uyquga tortib ketayotgan xonada ari kabi vizillab turgan elektr bodkashning issiq epkinida quritishga urinardi.

– Qog‘oz qushchalarni yeb bo‘lmasligini bilamiz, – derdi u. – Bu badbo‘y takamozorda daraxtlar ko‘karib, chechaklar unadigan, quduqlaringizda echkining qiyi o‘rnida gulmohi baliqlar suzadigan kun kelsa, o‘sha kun bizning bu yerdagi so‘nggi kunimiz bo‘lishini siz ham men kabi juda yaxshi bilasiz. To‘g‘rimi?

Hech kim miq etmadi. Senator gapirar ekan, taqvimdan rangli bir suratni yulib oldi-da, qog‘oz kapalakka o‘xshatib bukladi va beixtiyor bodkash epkiniga tutdi. Jonsiz jonivor xona bo‘ylab bir aylandi-yu, qiya ochiq eshikdan otilib chiqib ketdi. Sanches gapida ishonch bilan davom etarkan, ajal uning qadamini o‘lchab yurganini anglab turardi:

– Modomiki shunday ekan, sizga bor haqiqatni yana eslatib o‘tirishimning hojati yo‘q: qayta saylanishimdan men emas, siz ko‘proq manfaatdorsiz. Chunki siz ko‘nikib ketgan quduqlardagi qurt bosgan suv, hindularning bad bo‘yi allaqachon mening jonimga tegib bo‘lgan.

Eshikdan uchib kirgan qog‘oz kapalakka ko‘zi tushgan Laura Farinya atrofiga alangladi – qo‘riqchilar qurollarini quchoqlagancha pinakka ketgan. Toshbosmada bosilgan kattakon qog‘oz kapalak xonada bir necha bor aylanib uchdi-da, qanotlarini yoydi va devorga yopishib qoldi. Laura uni tirnog‘i bilan yulib olishga uringan edi, qo‘shni xonada yangragan gulduros qarsaklardan bezovtalangan qorovul qizni besamar urinishdan to‘xtatdi.

– Uzib ololmaysan, – dedi uyqu aralash. – Kapalak devorga chizilgan.

Laura yana joyiga o‘tirdi, xuddi shu payt hamma tarqalishga tushdi. Senator qo‘lini eshik zulfiga qo‘ygancha mehmonlarni ostonadan kuzatar ekan, dahliz bo‘shagach, Laura Farinyaga ko‘zi tushdi:

–Sen bu yerda nima qilib o‘tiribsan?

– C’est de la part de mon pèare[3], – deya javob qildi qiz.

Senator tushundi. Mudrayotgan soqchilarga, Laura Farinyaga sinovchan nazar tashlagan Sanchesga qizning aql bovar qilmas go‘zalligi o‘zining xastaligidan ham ustun kelganday tuyuldi. O‘ladigan dunyodan armonda ketmaslikka qaror qildi.

– Kir, – dedi u.

Laura Farinya ostonada sehrlanganday qotib qoldi: havoda minglab qog‘oz pullar parvonalardek uchib yurardi. Senator bodkashni o‘chirgan edi, epkindan mahrum bo‘lgan pullar polga yoyilib tushdi.

– Ko‘rdingmi, – deya jilmaydi u. – Hatto axlat ham uchishi mumkin.

Laura xuddi maktab o‘quvchisiga o‘xshab qimtinibgina kursiga cho‘kdi. Uning terisi nafis, tarang, quyoshda qolgan yermoyi kabi tovlanib turardi. Navjuvon biyaning yolini eslatuvchi sochlari, katta-katta ko‘zlari oydan ham jozibaliroq. Qizning nigohini ta’qibiga olgan senatorning ko‘zi suvdagi selitradan so‘liy boshlagan gulga tushdi.

– Bu – atirgul, – dedi u.

– Bilaman, – deb javob berdi qizarganicha Laura. – Men bunday gulni Rioache shahrida ko‘rgan edim.

Senator atirgullar haqida gapirar ekan, omonat karavotga o‘tirib, ko‘ylagining tugmalarini yecha boshladi. Chap ko‘ksining terisiga ninada chizilgan qaroqchilar tamg‘asi – o‘q teshib o‘tgan yurak surati ko‘rindi. Jiqqa xo‘l ko‘ylagini polga tashlab, Laura Farinyadan etigini yechishda yordam so‘radi.

Laura Farinya karavot oldida tiz cho‘kdi. Senator qizning ko‘ylagi bog‘ichlarini yechar ekan, undan ko‘zini uzolmas va ayni uchrashuv ikkalasidan qay biriga ko‘proq kulfat keltirishi xususida o‘ylardi.

– Sen hali go‘daksan, – dedi u.

– Yo‘g‘-e, – e’tiroz bildirdi qiz. – Aprelda o‘n to‘qqizga kiraman.

Senator qiziqsindi:

– Qaysi kuni?

– O‘n birinchi aprel kuni.

Senator yengil tortdi.

– Ikkovimiz ham bir oyda tug‘ilgan ekanmiz, – dedi va qo‘shib qo‘ydi: – Bu oy – yolg‘izlik alomati.

Uning gaplari etikni qanday yechishni bilolmay boshi qotgan Laura Farinyaning qulog‘iga kirmadi. Senator ham Laura Farinyani nima qilishini bilolmay sarosimada edi. Negaki, tasodifan uchraydigan yengil-elpi ayollarning og‘ushiga o‘rganmagan va kishini tahqirlovchi bunday qiliqlardan o‘zini tiyib yurardi. Vaqtdan yutish va ko‘proq o‘ylab ko‘rish maqsadida Laura Farinyaning belidan quchdi-da, o‘zini karavotga tashladi. Shunda u qizning egnida ko‘ylagidan boshqa libosi yo‘qligini sezdi. Tanasidan tog‘ ohusining anvoyi bo‘yi taralayotgan Lauraning yuragi siynasini yorgudak bo‘lib urar, badanini muzdek ter bosgan edi.

– Bizni odamlarning ko‘rarga ko‘zi yo‘q, – deb xo‘rsindi senator.

Hansirayotgan Laura Farinya nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, lekin nafasini rostlay olmadi. Senator taskin bermoq umidida, uni o‘ziga tortdi-da, yonidan joy berdi. Chiroqni o‘chirgan edi, xonadagi atirgul nimqorong‘ilik og‘ushida qoldi. Laura o‘zini taqdirning ixtiyoriga topshirib, ko‘zlarini itoatkorona yumdi. Senator qizning badanini yengilgina silab, sekin-asta erkalashga o‘tdi va bo‘ksasiga yuborgan qo‘li temirga tegib, seskanib ketdi:

– Buning nima?

– Qulf, – deb javob berdi qiz.

– Bu qanday maynavozchilik! – deya o‘shqirdi jon-poni chiqib ketgan senator va fahmi yetib turgan bo‘lsa-da, so‘radi: – Kaliti qani?

Laura Farinya yengil tortib, xo‘rsindi:

– Kaliti otamda. Kalitni olish uchun odam yuborarkansiz. Yuborgan odamingizdan otamga, ishingizni hal qilib beraman, degan va’dali xat ham yozib jo‘natarkansiz.

Senatorning peshonasi tirishdi.

– Daqqiyunus farangi! – deya g‘azab bilan shivirladi va o‘zini qo‘lga olish uchun ko‘zlarini yumdi: «Unutma: sen ham, boshqalar ham – hamma tezda ajal sharbatini totgusidir, shunda oti dunyong sabil qolib, nom-nishoning o‘chgusidir”.

Vujudini bosgan titroq o‘tgunicha kutib turdi va shikasta ovozda so‘radi:

– Bilsang, ayt-chi, odamlar men haqimda nimalar deyishyapti?

– Borini ro‘y-rost aytaymi?

– Borini ayt, yashirma.

– Mayli, – dedi Laura Farinya dadillashib. – Odamlar sizni hammadan yomon deyishadi, chunki siz ularga o‘xshamaskansiz.

Senator hayron bo‘lmadi. Ko‘zlarini yumib, uzoq sukutga ketdi va qovoqlarini ochganida, o‘z ko‘nglining tub-tubidagi eng pinhoniy istaklaridan voz kechgandek tuyuldi.

– Battar bo‘lsin, – dedi u keskin. – O‘sha ablah otangga ayt, ishini hal qilib beraman.

– Xohlasangiz, kalitni o‘zim olib kelaman, – deya taklif qildi Laura Farinya.

Senator bosh irg‘adi:

– Qo‘yaver, kaliti boshidan qolsin. Bir oz qoshimda yotib uxla. Yolg‘iz qolganingda yoningda kimdir bo‘lganiga nima yetsin.

Shunda qiz yonboshiga o‘girildi va atirgulga tikilib qoldi. Senator uning belidan quchib, yuzini tog‘ ohusining isi kelib turgan nozikkina yelkasiga bosdi va alamdan dodlab yuborishiga sal qoldi. Olti oyu o‘n bir kundan keyin, Laura Farinya sabab sharmandasi chiqib, hamma undan yuz o‘girganida, xuddi shu alfozda, lekin Laurasiz, tanho o‘zi, alamidan ko‘z yoshlarini to‘ka-to‘ka yakka mozor bo‘lishini anglab turar edi.

Gabriel Garsia Markes

Ruschadan Qulman Ochil tarjimasi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2025 yil 1-son.

[1] Padar la’nati!.. Yana siyosatchi emish bu lo‘ttivoz! (frants)

[2] Ko‘rib turganingizday. (frants)

[3] Meni otam sizga hadya qildilar. (frants)


Report Page