Agrar sohadagi islohotlar: dehqonchilikka zamonaviy sug‘orish texnologiyalari joriy etilmoqda
Toshkent viloyatida 2023 yil sug‘orish davrida mavjud suvlardan va joriy etilgan suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanish, sug‘orish tizimlarini tozalash va mavsumga tayyorlash hamda suv tejovchi texnologiyalarini joriy qilish maqsadida reja-grafik asosida seminarlar tashkil etilmoqda.
Navbatdagi seminar Piskent tumanida bo‘lib o‘tdi. Unda tumanimiz dehqon fermerlari bilan bir qatorda Bo‘ka, Bekobod, Yuqori Chirchiq, Parkent, Qibray, Ohangaron va Bo‘stonliq tumanlaridan vakillar, agrar soha mas’ullari, suv xo‘jaligi bo‘limi boshliqlari, quruvchi- pudrat tashkilotlari, barcha klaster korxonalari rahbarlari hamda kun tartibidagi masalaga
aloqadar korxona, tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.
Seminar “Bugungi kunning fermeri qanday bo‘lishi kerak?” degan g‘oyat dolzarb savol bilan boshlandi. Mamlakatimizda qo‘llaniladigan suv tejovchi texnologiyalardan unumli foydalanish, sug‘orishning ilg‘or usullarini amalda joriy etish mavzusida Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti olimlari Bahodir Akmalov, Alisher Fatxullayev so‘zga chiqib taqdimotlar yordamida tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish usullari, ularning dehqonchilikdagi samarasi haqida batafsil ma’lumot berdi. Shu bilan birga bu boradagi xorijiy davlatlar tajribasi , jumladan, Amerika va Missisipi davlati tajribalari xususida batafsil to‘xtaldi.
Tadbir davomida dehqon va fermerlar o‘z fikr va muloxazalarini bildirdilar.