Advokatlik faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilishning dolzarbligi

Advokatlik faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilishning dolzarbligi

Fazliddin Zaripov, Adliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i

Advokatura fuqarolik jamiyatining asosiy va muhim institutlaridan biri bo‘lib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq islohotlarining muhim tarkibiy qismi sifatida advokaturaning roli va ahamiyatini kuchaytirish, advokaturani isloh qilish, demokratik prinsiplarga asoslangan kuchli, mustaqil advokatura tizimini barpo etishga alohida va doimiy e'tibor qaratib kelinadi.

Davlat rahbarining saylovoldi dasturida 2027-yilgacha mamlakatda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, sud-huquq tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, davlat boshqaruvini takomillashtirishni nazarda tutuvchi besh yillik Yangi O‘zbekiston strategiyasi loyihasi e'lon qilindi. 

Loyihada advokatlik faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali ortiqcha byurokratiya va qog‘ozbozlikka chek qo‘yish, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari bilan elektron hujjatlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish belgilanmoqda.

O‘tgan besh yil davomida jamiyatda advokatura sohasiga zamonaviy axborot-texnologiya va kommunikasiya vositalarini joriy etish maqsadida qonunchilikka muhim normalar kiritildi.

Jumladan, advokatlik maqomini olish uchun malaka imtihoni jarayonlari yanada shaffoflashtirildi, imtihon jarayonlari Internet tarmog‘ida real vaqt rejimida translyasiya qilinadigan bo‘ldi, advokat so‘rovi advokatlik siriga rioya etilgan holda axborot tizimi orqali elektron shaklda ham berilishi mumkinligi, shuningdek, jinoyat prosessida himoyachidan voz kechish jarayoni videoyozuv orqali qayd etilishi shartligi belgilandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi “Aholi va tadbirkorlik sub'ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 

PF–6191-son Farmonining 7-bandida 2021-yil 1-iyundan advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Umuman, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida advokatura instituti yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. 

Biroq, shunga qaramasdan amalda professional yuridik yordam sifatini va advokat kasbining nufuzini oshirish, shuningdek, sud ishini yuritishda tenglik va tortishuv prinsiplarini to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qiluvchi bir qator muammo va kamchiliklarning mavjudligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

Kelgusida advokatura institutining yanada rivojlantirish, advokatura sohasiga zamonaviy axborot-texnologiya va kommunikasiya vositalarining samarali mexanizmini joriy etish bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish borasida quyidagi islohotlarni amalga oshirish muhim sanaladi:

1) litsenziya olish uchun elektron platforma orqali murojaat qilish tizimini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, elektron litsenziya va guvohnomalar joriy etish;

2) davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni elektron tanlash tizimini ishga tushirish;

3) respublikada faoliyat yurituvchi advokatlar haqida elektron reestr orqali onlayn ma'lumot olish imkonini yaratish;

4) qog‘oz shakldagi orderlarni bekor qilish; 

5) sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ko‘riladigan ishlar haqida advokatlarni elektron xabardor qilish tizimi joriy etish.

Shu bilan birga, amaldagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish orqali fuqarolik, iqtisodiy va ma'muriy sud ishlarini yuritishda advokatning huquqiy maqomini yanada oshirish, jinoyat prosessida advokat huquqlarining kafolati va protsessual maqomini yanada mustahkamlash, jinoyat prosessining barcha bosqichlarida ayblov va himoya taraflarining teng huquqliligi va tortishuv prinsipini ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratish hamda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek, boshqa davlat organlari bilan elektron hujjatlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish muhim vazifalar hisoblanadi.

Fazliddin Zaripov,

Adliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i

Report Page