Adliya vazirligi jamoatchilikka hisobot berdi

Adliya vazirligi jamoatchilikka hisobot berdi

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Ochiqlik va shaffoflik davr talabi ekan, har bir davlat organi hamda tashkiloti keng jamoatchilik oldida hisobot berishi lozim. Adliya vazirligi xalq oldidagi masʼuliyat va hisobodkorlik tuygʻusini toʻliq anglagan holda bu yil ham oʻzining bir yillik faoliyati haqidagi hisobotini jamoatchilik va OAV e’tiboriga havola etdi.

Vazirlik tomonidan mana to‘rtinchi yildirki, jurnalistlar, blogerlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida tizimdagi mavjud muammolar ochiq muhokama qilinadigan uchrashuv o‘tkazib kelinmoqda.2023-yil ham bundan mustasno emas. 

Joriy yilning 28-mart kuni vazirlik rahbariyati ishtirokida “Adliya vazirligi jamoatchilik oldida hisobot berdi” nomli media iventda nafaqat vazirlik faoliyati tahlil qilindi, balki jamiyatda huquqiy sohadagi asosiy tendensiyalar ham ko‘rib chiqildi.

Tadbir vazirlik tomonidan 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar, kelgusi rejalar, yo‘lga qo‘yilishi kutilayotgan yangi loyihalar to‘g‘risida OAV va jamoatchilikni xabardor qilish, media hamjamiyat bilan yaqin muloqot o‘rnatish maqsadida tashkil etildi. Unda “Adliya hisobot beradi: 2022-yil sarhisob va rejalar” kitoblari va boshqa huquqiy mavzudagi kitoblar taqdimot qilindi. 

Hisobot tadbirida adliya vaziri Akbar Toshqulov vazirlik faoliyati bo‘yicha 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar, norma ijodkorligi sohasidagi muammolar va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berdi.

Ma’lumki, 2022-yilda Adliya vazirligida yagona boshqaruvni joriy qilish uchun davlat rahbarining tegishli Farmonga muvofiq, Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligi bevosita Adliya vazirligiga, ularning hududiy tuzilmalari esa hududiy adliya organlariga qo‘shildi. Natijada optimal boshqaruv mexanizmiga erishildi.

Vazirlik 2022-yil davomida bir qator yutuqlarga erishdi va e’tirofga sazovor bo‘ldi. Xususan:

•Adliya vazirligi tashabbusi bilan 56 ta qonun, 54 ta Prezident hujjatlari, 66 ta Hukumat hujjatlari, 37 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqildi;

•Kelib tushgan jami 142,7 mingta murojaatlarning 123,1 mingtasi, ya’ni 86,2 foizi qonuniy hal etildi;

•2022 yilda 11,7 mln dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Bu 2021 yilga nisbatan 2,3 mlnga ko‘p;

•Davlat xizmatlarini elektron shaklda ko‘rsatish 21 foizdan oshdi. 25 ta yangi davlat xizmatlari joriy etildi;

 •I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari uchun 50 foiz miqdorida chegirma qo‘llanilishi yo‘lga qo‘yildi;

•Mobil-ID tizimi joriy etildi, 488 087 nafar fuqarolarga ushbu tizim orqali xizmatlar ko‘rsatildi.

Intellektual mulkni huquqiy muhofaza va himoya qilish sohasida ham qator yangiliklar joriy etildi:

•Mualliflik huquqi obyektlarini saqlashga mo‘ljallangan “Mualliflik obyektlari yagona bazasi” axborot tizimi ishlab chiqildi;

•“Mualliflik va turdosh huquqlar sohasida qonunbuzilishlar reyestri” davlat axborot tizimi ishlab chiqildi;

•Ayrim intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda davlat tomonidan moliyaviy yordam berilishi tartibi joriy qilindi;

•Intellektual mulk obyektlarini elektron shaklda ro‘yxatga olish va QR-kodli muhofaza hujjatlarini berish imkoniyati yaratildi.

Matbuot anjumanida ta'kidlanganidek, 2022-yil ma’muriy islohotlar bilan yakunlandi. Ular natijasida Adliya vazirligida ko‘p o‘zgarishlar ro‘y berdi va ular davom etmoqda. Xususan, vazirlik huzurida Personallashtirish agentligi tashkil etildi. “O‘zarxiv” agentligi Adliya vazirligi huzuriga o‘tkazildi. Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari, tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari va ularning filiallari hamda FHDY organlari tuman (shahar) adliya bo‘limlari bo‘ysunuviga o‘tkazilib yaxlit boshqaruv tizimi yaratildi.

Tadbir davomida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga vazirlik bo‘ylab media tur tashkil etildi.

Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Report Page