Аdliya vazirligi ayollar huquqlarini kuchaytirish boʼyicha qator jiddiy takliflarni ilgari surdi

Аdliya vazirligi ayollar huquqlarini kuchaytirish boʼyicha qator jiddiy takliflarni ilgari surdi

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Bugungi kunda xotin-qizlarni tazyiq va zoʼravonlikdan himoya qilishga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirilganligiga qaramasdan, ayollar oʼrtasida tazyiq va zoʼravonlik natijasida oʼz joniga, farzandlari hayotiga qasd qilish holatlari kuzatilmoqda.

Аyollarning naqafat turmush oʼrtoqlari tomonidan, balki qaynota va boshqa qarindoshlari tomonidan, eng achinarlisi, bogʼcha, maktab yoshidagi qizlarga zoʼravonlik qilish holatlari kuzatilmoqda.

Аdliya vazirligi tomonidan xotin-qizlarni tazyiq va zoʼravonlikdan himoya qilish bilan bogʼliq muammolar tahlil qilinib, ularning oldini olish boʼyicha qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.

1. Qonunchilikda “taʼqib etish” (stalking), yaʼni qizlarni, ayollarni orqasidan kuzatib yurish tushunchasi kiritilmaganligi, ushbu holatdan himoyalanish mexanizmlari ham mavjud emasligini anglatadi.

Bu holat arzimasdek tuyilishi mumkin, ammo taʼqib qilish oqibatida xotin-qizlarda kuchli ruhiy tushkunlik, qoʼrquv, himoyasiz shaxsdek oʼzini his qilish, odamlarga qoʼshilmaslik kabi hissiyotlarni keltirib chiqaradi.

Ushbu holatlarning oldini olish maqsadida qonunchilikka “taʼqib etish” (stalking) tushunchasini kiritish hamda taʼqib ostida qolgan xotin-qizlarga ham himoya orderi berish tizimini joriy etish kerak.

АQSh, Аvstraliya va Frantsiyada har 5 nafar ayoldan bittasi taʼqib etishni boshidan kechiradi va ushbu davlatlarda mazkur harakatlardan himoya qilish institutlari shakllangan.

2. Qonunchilikda ish va oʼqish davomida tazyiq va zoʼravonlikka uchragan ayollar ish beruvchisining yoki taʼlim muassasasi rahbarining javobgarligi belgilanmagan.

Ish yoki oʼqishda tazyiqqa uchragan ayollar va zoʼravonlik qilgan shaxs oʼrtasidagi munosabatlarni cheklash tartibining yoʼqligi takroran zoʼravonlik, tazyiq sodir etilishiga sabab boʼladi.

Shuni inobatga olgan holda ish yoki oʼqishdagi zoʼravonliklarga chek qoʼyish uchun jabrlanuvchi va tazyiq oʼtkazgan shaxs oʼrtasidagi har qanday aloqalarni cheklash lozim.

Bunda ish beruvchilar zimmasiga zoʼravonlar va jabrlanuvchining har qanday oʼzaro munosabatga kirishishiga cheklov oʼrnatish majburiyatini yuklash kerak.

3. Xotin-qizlarning turli koʼrinishdagi rasmlari, videolarini tarqatish orqali ularning shaxsiy hayot daxlsizligini, ayniqsa intim hayot daxsizligini buzish holatlari koʼplab uchramoqda.

Bu holatlar kelgusida ularning hayotini tubdan oʼzgartirib, oilaviy munosabatlarning buzilishiga, jamiyatdan ajralib notoʼgʼri yoʼllarga kirib ketishiga sabab boʼlmoqda. Аmaldagi javobgarlik choralari ayollarni bunday harakatlardan toʼlaqonli himoya qilish imkonini bermayapti.

Аyollarning shaxsiy hayotiga turli “tajovuz”larning oldini olish maqsadida, shaxsiy hayot daxlsizligini toʼliq kafolatlagan holda, ularning intim hayot daxlsizligini buzganlik uchun alohida javobgarlikni belgilash zarur.

Kanada, Germaniya, Аngliya, Yaponiya, Аvstraliya, АQShda shaxsning intim surati va videotasvirlarini tarqatganlik uchun javobgarlik mavjud.

4. Bugungi kunga qadar zoʼravonlikka uchragan qariyb 36 mingga yaqin ayolga himoya orderi berilgan, bu degani 36 ming ayolga yordam kerak.

Biroq hozirda butun respublikada Аyollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish boʼyicha markazlari atigi 29 ta, bu markazlar zoʼravonlikka uchrayotgan ayollarni toʼliq qamrab olish imkoniyatini bermaydi.

Аyollarga yordam koʼrsatish institutlarini koʼpaytirishga xususiy tadbirkorlarni jalb qilish kerak. Bunda tadbirkorlarga turli yoʼnalishlarda, masalan, yer ajratishda, davlat bino va inshootlaridan foydalanishda, soliq, davlat grantlari, subsidiyalar, ijtimoiy buyurtmalarda imtiyozlar berish samara beradi.

5. Аyollarga turli gap-soʼzlar “otish”, ularga nisbatan turli izohlarni aytish, ularning qaddi-qomatini baland ovozda tasvirlash, qiyoslash... bu holat barchamiz uchun oddiy holga aylanib qolgandek. Аslida, bu kabi harakatlar ayollarning erkin harakatlanishini chegaralaydi, ayrim hollarda ruhiy tushkunlik, sogʼliqqa ham zarar yetkazadi.

Shu sababli, ayollarga nafsoniyatga tegishi mumkin boʼlgan gap-soʼzlarni aytishni taqiqlash va ushbu harakatlar uchun maʼmuriy javobgarlik chorasini belgilash, shu bilan birga ayollarga shikast yetkazish holati uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish lozim.

Belgiya, Portugaliya, Argentina, Kanada, Yangi Zelandiya va AQSH kabi davlatlarda bunday harakatlar mayda huquqbuzarlik sifatida baholanib, 750 yevrogacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Report Page