Adliya vazirligi: advokatlik guvohnomasi olishda ortiqcha hujjat talab etilsa, bizga murojaat qiling!

Adliya vazirligi: advokatlik guvohnomasi olishda ortiqcha hujjat talab etilsa, bizga murojaat qiling!

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

#Adliya_munosabat 

Ijtimoiy tarmoqlarda advokatlik guvohnomasini olish uchun ortiqcha hujjatlar talab qilinayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqalmoqda. Ushbu masala yuzasidan Adliya vazirligi quyidagilarni ma'lum qiladi.

Birinchidan, qonunchilikka ko‘ra (https://lex.uz/docs/4528839), talabgor (advokat) advokatlik tuzilmasini yangi tashkil qilgan bo‘lsa, tuzilmani ro‘yxatdan o‘tkazgan hududiy adliya organiga 2 dona 3 x 4 sm o‘lchamida fotosuratni taqdim etadi, xolos.

Ikkinchidan, talabgor mavjud advokatlik tuzilmalaridan biriga ishga kirgan bo‘lsa, advokatlik guvohnomasini olish uchun ishga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruq nusxasi va 3 x 4 sm o‘lchamdagi rangli fotosuratini taqdim qilishning o‘zi yetarli.

Uchinchidan, hozirda Adliya vazirligi tomonidan yangi hujjat loyihasi ishlab chiqilmoqda. Loyihada advokatlik guvohnomasini berish muddati va talab etiladigan hujjatlar ro‘yxatini yanada qisqartirish hamda elektron murojaat qilish tartibini joriy etish nazarda tutilgan.

To‘rtinchidan, Adliya vazirligi byurokratiya va qog‘ozbozlikka qarshi jiddiy kurashga bel bog‘lagan. Xususan, tizim tashkilotlari fuqarolardan ortiqcha hujjatlar talab qilmaslik to‘g‘risida ogohlantirilgan. Hozirda advokatlik guvohnomasini berishda hududiy adliya organlari tomonidan ortiqcha hujjatlar talab qilinganligi holatlari o‘rganilmoqda. 

Ushbu holat haqida xabar bergan jurnalist va blogerlarga minnatdorchilik bildiramiz. Fuqarolarga esa adliya tizimida byurokratiya holatlariga duch kelganlarida, 1008 telefoni, info@adliya.uz elektron pochtasi yoki virtual qabulxona orqali Adliya vazirligiga (https://pm.gov.uz/uz#/authorities/2/4242/_info ) murojaat qilishlari mumkinligini eslatamiz. 

Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Report Page