Adliya koʻmagida fuqaroga nafaqa pullari va 23 mlndan ortiq kompensatsiya toʻlab beriladigan boʻldi

Adliya koʻmagida fuqaroga nafaqa pullari va 23 mlndan ortiq kompensatsiya toʻlab beriladigan boʻldi


Adliya koʻmagida fuqaroga nafaqa pullari va o‘z vaqtida to‘lanmagan nafaqa pullari uchun 23 mlndan ortiq kompensatsiya toʻlab beriladigan boʻldi

 Fuqaro M.A. Yunusobod tumani adliya bo‘limiga tibbiyot muassasasida shifokor bo‘lib ishlashi, 2024-yil 2-oktabrda homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqqanligiga qaramasdan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lab berilmaganligi hamda ushbu nafaqani va kechiktirilgan har bir kun uchun kompensatsiya undirib berilishida amaliy yordam so‘rab murojaat yo‘llagan.

Tuman adliya bo‘limi tomonidan murojaat o‘rganilganda, tibbiyot muassasasi rahbarining 2024-yil 30-oktabrdagi 227-o-son buyrug‘iga asosan fuqaro M.A.ga 02.10.2024-yildan 04.02.2025-yilgacha tug‘ruqdan oldin va tug‘ruqdan keyin ta’til berilganligi, biroq, homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lab berilmaganligi aniqlandi.

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 314-son qarori bilan tasdiqlangan “Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalarni hamda yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga nafaqani tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi — ayolga tug‘ruqqacha yetmish kalendar kun hamda tug‘ruqdan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug‘ilgan taqdirda, yetmish kalendar kun) davomida ta’til davrida mehnat majburiyatlarini bajara olmaganligi uchun ish beruvchilar tomonidan to‘lanadigan kafolatli qo‘shimcha to‘lovdir.

Nafaqa to‘lash muddatlari jamoa shartnomasida yoki ichki hujjatda, ular mavjud bo‘lmaganda esa mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan muddatlarda belgilanadi, lekin mehnatga layoqatsizlik varaqasi taqdim etilgandan kundan boshlab o‘n olti kalendar kundan ko‘p bo‘lmasligi lozim.

Shunga ko‘ra, bo‘lim tomonidan fuqaro manfaatida sudga da’vo ariza kiritilib, M.A. foydasiga 17 662 000 so‘m miqdordagi homiladorlik va tug‘ish nafaqasini hamda kechiktirilgan kunlar uchun 23 366 826 so‘m kompensatsiya to‘lovlarini (ja’mi 41 028 826 so‘m) undirish bo‘yicha hal qiluv qarori chiqarildi.

 

 

Yunusobod tumani adliya bo‘limi

bosh maslahatchisi O.Sattorov


Report Page