Adliya aralashuvi bilan yetim bolaning buzilgan huquqlari tiklandi

Adliya aralashuvi bilan yetim bolaning buzilgan huquqlari tiklandi

Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi


Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasiga Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti talabasi T.A murojaat qilib, unga to‘lanishi lozim bo‘lgan imtiyozli stipendiya va boshqa to‘lovlar to‘lanmayotganligini bildirdi.

Murojaat o‘rganilganda, T.A chin yetim hisoblanib, Farg‘ona shahar hokimining qaroriga asosan to‘liq davlat ta’minotiga olinganligi, Marg‘ilon shahar 1-son Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi ekanligi, 2020-yilda davlat granti asosida davolash ishi fakultetiga o‘qishga qabul qilinib, 2021-yil akademik ta’tilga chiqqanligi aniqlandi.

T.A 2022-2023-oʻquv yilidan oʻqishga tiklangan boʻlsada, unga oʻrganish kuniga qadar uni turmushga chiqqanligi vaji bilan stipendiya va boshqa toʻlovlar, xususan, sentabr, oktabr, noyabr oylarida stipendiyasiga 50 foiz qoʻshimcha mablag‘, oziq-ovqat, transport xarajatlari puli, bir yilda bir marta adabiyotlar sotib olishi uchun, kiyim-kechak va gigiyena vositalari sotib olish uchun jami 5 mln 439 ming  soʻm miqdoridagi pul mablag‘lari toʻlanmay kelingan.

Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-noyabrdagi “Yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 739-son qaroriga asosan yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlat tarbiya, davolash-sog‘lomlashtirish, tibbiy-ijtimoiy muassasalarida hamda ularni tamomlagandan so‘ng akademik litsey, kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya oladigan muddatda to‘liq davlat ta’minotida bo‘lishi belgilangan.

Shuningdek, ushbu qarorga asosan toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar taʼlim muassasalarini bitirib, ishga qabul qilinayotganda kiyim-bosh, poyabzal va boshqa buyumlar sotib olish uchun nafaqa toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar davlat taʼlim muassasalari faoliyatini moliyaviy taʼminlash uchun tegishli yilga nazarda tutiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga qoplanishi, toʻliq davlat taʼminoti pul nafaqalari hamda oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-bosh, poyabzal va boshqa buyumlar, shuningdek, transportda yurish kartochkalaridan iborat boʻlishligi koʻrsatib oʻtilgan.

Mazkur holat yuzasidan boshqarma tomonidan Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutiga qonun buzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan taqdimnoma kiritilib, buning natijasida fuqaro T.A ga 5 mln 439 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari undirib berildi hamda yetim bolaning buzilgan huquqlari tiklandi.

 

A’ZAMXONOV ABBOSXON

Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi

Inson huquqlarini himoya qilish

bo‘limi boshlig‘i

 



Report Page