Adliya aralashuvi bilan fuqaroga 200 million so‘m pul undirib berildi.
Namangan viloyati adliya boshqarmasiBugungi kunda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo‘lida adliya vazirligining ham o‘rni beqiyos. Ayniqsa, hududiy adliya boshqarmalari hamda tuman, shahar adliya bo‘limlari aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini buzilgan huquqlarini tiklash, ularga huquqiy ko‘mak berish borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.
Jumladan, Namangan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Namangan shahar, Chinor MFY, Langar koʻchasi 7-uyda yashovchi A.Toʻxtabaevning jamoat ehtiyojlari uchun olingan mol-mulklari uchun kompensatsiya mablagʻlari toʻlab berilmaganligidan norozi boʻlib qilgan murojaati koʻrib chiqildi.
Taqdim etilgan hujjatlarga koʻra, fuqaroga tegishli boʻlgan Namangan shahar, Koʻzagarlik koʻchasi 2-berk, 3-uy Namangan shahar hokimining 2017-yil 21-avgustdagi 1068-sonli qaroriga muvofiq davlat va jamoat extiyojlari uchun olib qoʻyilib, buzib tashlangan.
Biroq, Namangan shahar hokimligi tomonidan hozirga qadar fuqaro A.Toʻxtabaevga olib qoʻyilgan bino-inshootlar buzilganligi uchun kompensatsiya mablagʻlari toʻlab berilmagan.
Namangan viloyati adliya boshqarmasi tomonidan fuqaro manfaatini ximoya qilib, Namangan tumanlararo sudiga “Davlat va jamoat extiyojlari uchun buzib tashlangan bino-inshootlarga yetkazilgan zararni qiymatini undirish toʻgʻrisida”gi daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, fuqaro foydasiga 200 million soʻm pul miqdorida kompensatsiya mablagʻlari toʻlab berish yuzasidan hal qiluv qarori chiqarilishiga erishildi.