Abdusattorov shaxmat yulduzlariga qarshi dona suradi, ular orasida amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen ham bor

Abdusattorov shaxmat yulduzlariga qarshi dona suradi, ular orasida amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen ham bor


Shu yil 19-fevraldan Chess24.com sayti orqali oʻtkaziladigan eng yirik “Meltwater Champions Chess Tour” onlayn turnirlar seriyasi doirasidagi ilk musobaqa – “Airthings Masters” boshlanadi.

Mukofot jamgʻarmasi 150 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi mazkur turnir oʻz atrofiga dunyoning eng kuchli shaxmat ustalarini jamlagani bilan ahamiyatli. Ular orasida hamyurtimiz, rapid yoʻnalishi boʻyicha eng yosh jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov ham bor.

Musobaqa rapid yoʻnalishida oʻtkazilib, dastlab ishtirokchilar 15 turdan iborat saralash bosqichida oʻzaro kuch sinashadi. Shaxmatchilar toʻplagan har bir ochkosi uchun 250 dollardan mukofot olishadi. Saralash bosqichi yakuniga koʻra eng yaxshi natija qayd etgan 8 nafar shaxmatchi esa pley-off bosqichida gʻoliblik uchun kurash olib boradi. Bu bosqichda har bir oʻyin muhim ahamiyatga ega va yutqazgan shaxmatchi uchun musobaqa tugaydi.

Qurʼa natijasiga koʻra saralash bahslarida Nodirbek Abdusattorov kimlarga qarshi dona surishi ham maʼlum boʻldi. Unga koʻra, 1-turda hamyurtimiz niderlandiyalik mashhur shaxmat ustasi Anish Giri bilan kuch sinashsa, ikkinchi raundda jahon tojdori, ushbu musobaqaning amaldagi gʻolibi Magnus Karlsenga qarshi dona suradi.

Mazkur oʻyinga qiziqish nihoyatda yuqori boʻlishi tabiiy, zero Karlsen yaqinda Polshada oʻtkazilgan jahon chempionatidagi magʻlubiyat uchun revansh olishga harakat qilsa, Nodirbek oʻsha gʻalaba tasodif emasligini isbotlashga urinadi.

Shuningdek, saralash bosqichida Abdusattorovga qarshi dunyo tan olgan shaxmat ustalari – Yan Nepomnyashiy (Rossiya), ayollar oʻrtasida 12-jahon chempioni Aleksandra Kostenyuk (Rossiya), dunyo reytingi peshqadamlaridan Din Lijen (Xitoy), qolaversa Yan Kshishtof Duda (Polsha), Levon Aronyan (Armaniston), Shaxriyor Mamadiyorov (Ozarbayjon) va boshqalar dona surishadi.

Biz Nodirbekka ushbu musobaqada omad va zafarlar yor boʻlishini tilaymiz.


Report Page