Abdurauf - Usmle Step 1 - PASS

Abdurauf - Usmle Step 1 - PASS


Assalomu alaykum !

Mening ismim Abdurauf, Toshkent Tibbiyot Akademiyasi 2022-yil bitiruvchisiman.

Sizlar bilan o`zimning USMLE step 1 imtihoniga tayyorgarlik jarayonim qanday kechganligi haqida o`rtoqlashmoqchiman

Exam result

Avvalambor, meni to`g`ri tushinib, doim qo`llab quvvatlab turgan va ishonch bildirgan ota-onamga, shu yo`lda men bilan bo`lgan va maslahatlarini ayamagan atrofimdagi barcha insonlarga minnatdorchilik bildirmoqchiman.

Nimaga aynan USMLE ni tanlaganman ?

USMLE imtihoni haqida birinchi marta eshitganimdayoq bu imtihonga katta qiziqish bildirganman. Chunki TTA da talabalik davrimda o`zimning kamchiliklarim va aybim sababli vaqtimning ko`p qismini behuda o`tkazib yuborganman va menda doim tushinmasdan o`tib ketgan fanlar va mavzularni boshidan, mustahkamroq o`qib chiqish niyati bo`lgan. Lekin qachon va qanday qilib buni qilishimni aniq bilmas edim.

Hatto ustozlarimga ham “Ustoz, men baribir bu fanlarni qaytadan o`qib chiqaman” – deb aytar edim. Ammo aksariyati ishonmas edi. Ichimdagi ovoz esa doim menga eslatma beraverardi : “Baribir sen bu fanlarni boshidan puxtaroq o`rganishing kerak, boshqachasiga bo`lishi ham mumkin emas” – deb.

USMLE menga shu imkoniyatni, ya`ni fundamental fanlarni qaytadan o`rganish imkonini bera olishini tushinib yetdim. Ammo meni “USMLE ga tayyorlanishim uchun mening medical bazam juda kuchsizlik qilsachi ?” degan savol qiynar edi. Bu savolga javobni YouTube platformasidan izlay boshladim. Rossiyalik bir steptakerning kanalidagi videoning comment bo`limiga kirib savolimni yozdim. Qisqa vaqt ichida javob keldi. “Ha albatta! Men ko`plab bunday studentlarni, ya`ni medical bazasi deyarli yo`q bo`la turib bu imtihonga 0 dan tayyorgarlik ko`rib, muvaffaqiyatli topshirganlarni bilaman” deb javob qaytardi. Shundan so`ng ancha xotirjam bo`lganman.

Birinchi ochib ko`rgan kitobim USMLE Kaplan Anatomy bo`lgan. Birinchi satrlarini o`qishim bilanoq shuni tushinib yetdimki, mendagi ingliz tili bazasi bu imtihonga tayyorgarlik uchun yetmas ekan. So`ngra USMLE mavzusini vaqtinchalik yopdim va ingliz tilini mustaqil o`rganishni boshladim. Taxminan 1 yil vaqt ichida intermediate leveliga ko`tarildim. IELTS topshirmadim lekin mock topshirib ko`rdim. Chunki USMLE imtihoni uchun IELTS emas balki OET (Occupational English Test) talab qilinar edi. OET imtihoni USMLE step 1 va 2 dan so`ng topshiriladi.

Medcloud kurslariga bo`rish jarayoni

Bilishimcha, USMLE ni boshlashda pre-intermediate leveli yetarli ekan yoki “Medical English” kursining o`zi ham kifoya qiladi. Ingliz tilimni yetarli darajaga ko`targanimdan so`ng USMLE ga tayyorgarlikni boshlab yubordim. Lekin qaysi kitobdan, videodan, subjectdan boshlashni umuman bilmas edim. Tavakkaliga istalgan USMLE ga tegishli kitoblarni o`qir edim, videolar ko`rardim lekin vaqtim samarasiz o`tayotganini his qilar edim. Aniq bir rejam ham yo`q edi. Xuddi USMLE olamida yo`qolgandek edim. So`ngra YouTube dan Medcloud kursi haqida bir video ko`rib qoldim va menda kursga yozilish niyati paydo bo`ldi. Medcloud Online kursiga yozildim. Online kurs boshlanishidan oldin Farhod aka bilan zoom orqali seminar o`tkazildi. Bunda Farhod aka USMLE haqida to`liq va hammaga tushinarli ma`lumot berdilar. Shundan so`ng menda USMLE haqida ancha to`liqroq tushincha paydo bo`ldi. Neuroanatomiya hamda fiziologiyaning barcha bo`limlarini Farhod akaning video darslari orqali tugatib chiqdik. Farhod akaning videolarini ko`rish xuddi qiziqarli kino ko`rgandek , hazillarga boy va maroqli edi. To`grisi Farhod akadek ustozlar nihoyatda kam, murakkab topiclarni oson tushintirar edilar. O`zimning o`rganish tezligimning pastligi va dangasaligim sababli orqada qolib ketardim. Shundan so`ng o`zimning o`rganish tezligimga mos qilib reja tuzdim va self-study tayyorlanishni boshladim. Men o`qigan paytda Medcloudda “Self-Pass” ta`rifi yo`q edi. Ammo tayyorgarligim o`rtalarida bu ta`rifni chiqarishdi. Bu tarif orqali siz o`zingizga mos tezlikda videolarni ko`rishingiz mumkin bo`ladi.

Self-study da ishlatgan materiallarim :

(Pre-dedicated) :

- Boards and Beyond (video + textbook)

- ANKI app (ilovasi)

- First Aid (kitob)

- Pathoma (video + textbook)

- Sketchy Pharm va Sketchy Micro (video + textbook)

- Divine-intervention-podcasts (podcast) (https://divineinterventionpodcasts.com) Miraziz aka maslahat bergan edilar. Buning uchun katta rahmat.

- USMLE Rx-Qbank

(Dedicated) :

- UWorld + First Aid + Pathoma (1-2-3 chapters) va ANKI

- NBME forms


Pre-dedicated periodda yuqoridagi materiallarni tushinishda listening skillingiz yaxshi bo`lmasa anchagina qiyinchilikka duch kelishingiz mumkin. Bir marotaba yuqoridagi (pre-dedicated) materiallarini tugatishim uchun 1 yil vaqtim ketdi (TTA dagi darslarim

sababli ko`proq vaqt ketib qoldi)

DEDICATED PERIOD

Uworldni sotib oldim 6 oyga va system-based ishlashni boshladim. Savollarni tahlil qilishimga juda ko`p vaqtim ketib qolar edi. Orada 1 oy katta tanaffus va depressiya holati bo`ldi. UWorldning tugash muddatiga 2 oy qolgan edi, menda esa hali ham UWorld savollarining yarmi ham ko`rib chiqilmagan edi. Shundan so`ng Medcloud kursiga maslahat olish uchun bordim. U yerda meni juda yaxshi kutib olishdi. Medcloud jamoasining a`zosi Shaxzod aka menga Uworldni reset qilishimni va random rejimida ishlashimni maslahat berdi. Bundan tashqari Shaxzod aka NotaryCam , USMLE registratsiya jarayonlari, imtihon kunini belgilash va shunga o`xshash barchasida vaqtlarini ayamasdan shaxsan o`zlari yordam berdilar. Shuning uchun USMLEdagi hujjatlar masalasida menda umuman muammo bo`lmagan va barchasi judayam oson kechgan. Imtihon kunini imtihon topshirish kunimdan 3 oy oldin belgilaganmiz. Barchasi uchun Shaxzod akaga alohida minnatdorchilik bildiraman.


UWorldni oxirigacha tugatishga ulgirmadim (93 foiz qismini ko`rib chiqqanman):

UWorld - 93%

Uworlddagi boshlang`ich 10 ta bloklarim natijalari :

Boshlang`ich natijalar

UWorlddagi oxirgi 10 ta bloklarim natijalarini pastda ko`rishingiz mumkin

Oxirgi 10ta bloklardagi natijalar

Self-Assessments

UWSA 1 – 239 (34 days out)

NBME 26 – 76% (24 days out)

NBME 28 – 79% (20 days out)

NBME 30 – 79% (13 days out)

NBME 31 – 80% (9 days out)

UWSA 2 – 237 (6 days out)

Free 120 – 83% (3 days out)

DAY BEFORE THE EXAM

(Imtihon kunini simulyatsiya qilishga harakat qildim)

- 5:00 AM da turdim

- 5:40 AM da ANKI cardlarimni ko`rib chiqdim (O`sha kuni menda 300 ta atrofida cardlar bor edi)

- 6:20 AM da Nonushta qildim

- 6:50 AM da Prometric tomon ketdik (Imtihon kunini yo`lning o`ziga qancha vaqt ketishini bilish uchun) -> 5 min ketar ekan Dubai da biz turgan Hotel -> Prometric ga juda yaqin edi.

- 7:00 AM da Prometrikga kirdim va u yer bilan yaxshilab tanishib chiqdim. (Hojatxonasi qayerda, tanaffusda dam olish joyi qayerdaligini bilib olish uchun)

- Kechga uyqudan muammo bo`lmasligi uchun obetda uxlamaslikka harakat qildim.

- 5:00 PM da Hotelning GYMiga tushib taxminan 1 soat yengilroq shug`ullandim. (Tanamni charchashi va kechga uyqu yaxshi bo`lishi uchun)

Menda uyquda muammo bo`lmadi. Taxminan 11 PM larda uxladim -> 5.00 AM gacha (6 soat)

EXAM DAY

- 5:00 AM da turdim

- 6:20 AM da Nonushta (Iloji boricha yengilroq va o`zingiz bilgan narsaladan yeng. (Menda Oatmeal + sausage + coffee)

- 6:50 AM da Hoteldan chiqdik

- 6:55 AM da Prometric ga keldik (piyoda)

Imtihon 7:30 AM da edi. 30 minut oldin borib turishingiz kerak.

Kerakli hujjatlar : passport va permit qog`oz.

Imtihon kuni iloji boricha cho`ntaklari kamroq bo`lgan kiyim kiysangiz tekshiruv jarayoni tezroq o`tadi. (O`rtacha 30 sekund ketadi). Imtihonda tutorial uchun 15 minut, tanaffus uchun 45 minut, bloklar uchun 1 soatdan vaqt beradi. Tutorialni o`tqazib yuborish kerak shunda tanaffusga 15 min qo`shiladi va sizda 60 minut tanaffus uchun vaqt bo`ladi. Tutorialni o`tqazib yubordim va menga berilgan usti laminat sariq qog`ozlarga biostatistika formulalarini yozib chiqdim.

Har bir blokdan so`ng 15-20 minut vaqt ortib qoldi. Bu vaqtni qoldirib ketgan savollarimga sarfladim va oxirida yana 5 minut ortib qoldi, bu vaqtni esa tanaffusimga qo`shdim. Deyarli hamma blok shu tarzda kechdi. Har bir blokdan so`ng 10 minutdan tanaffus oldim. Tanaffusda protein bar + suv + banan yedim. Protein barlarni Toshkentdan olib ketsangiz ma`qul, chunki Dubaida qidirishga vaqt yo`qotmaysiz. Har ehtimolga qarshi imtihon paytida noqulayliklar bo`lmasligi uchun barcha tanaffusimda hojatxonaga bordim.

Charchash hissi deyarli bo`lmadi. Savollar orasida osonlari ham, qiyinlari ham bo`ldi. Muhimi bitta savolda qolib ketmaslik. (Test-taking skillsda Dubaiga ketishimdan oldin Bobur akaning maslahatlari ancha as qotdi, katta rahmat !)

NBME lardan 5 tacha savol deyarli o`zgarmasdan tushdi, ayniqsa imtihondagi rasmlar NBME dagi rasmlarga juda o`xshash, ba`zan deyarli o`zi. Shuning uchun NBME larni tahlil qilishda shoshmasdan rasmlariga yaxshilab e`tibor berish kerak. Menimcha, USMLE savollari NBME dan qiyinroq, ammo UWorldan osonroq bo`ldi. Savollar orasida juda uzunlari ham bor edi. (19-21 qator) Lekin har bir blokda 3-4 ta shunaqa uzun savollar, qolgani o`rtacha edi

Dubai prometric center

Tayyorgarlik jarayonidan olgan xulosalarim

  1. Tayyorlanishingiz uchun ideal vaqt hech qachon kelmaydi. Doim sizni nimadir chalg`itadi. To`y va marosimlar, mehmonlar va hayotning boshqa mushkulotlari.

2. Moliyaviy tomondan , to`g`ri, bu imtihon uchun ko`proq pul ketadi. Lekin izlangan imkon topadi. Kim bo`lishingizdan qat`iy nazar bu pullarni topishingiz mumkin.

3. Hech qachon o`zingizga bo`lgan ishonchni yo`qotmang. Chunki oylar, yillar o`tadi, xuddi bilimingiz o`zgarmayotgandek tuyiladi. Mehnatingiz hech qachon behuda ketmaydi ishonavering. O`z mevasini albatta beradi.

4. Atrofingizdagilarning gapini hammasini ham eshitavermang. Bu imtihon “boyvachchalar” ning imtihoni va “juda bilimli” bo`lishing kerak degan miflarni shaxsan o`zimga bir necha marotaba aytishgan.

Ichki ovozingizga quloq soling. U doim sizga : “Sen qila olasan“ – deb takror va takror aytadi. Faqat bu ovoz kimdadir balandroq, kimdadir pastroq eshitiladi. Ammo siz bu ovozni ko`proq eshitsangiz va uning aytganidek qilsangiz, albatta maqsadingizga erishasiz. Men ham oddiy, vaqtida ko`plab NB lar olgan, imtihonlardan yiqilgan, o`rtacha talaba bo`lganman. Mendan oldingilar ham bu imtihonni topshirgan. Men ham topshirdim va bu hisobotni o`qiyotgan inson ham albatta topshira oladi

Vaqtingizni ajratib o`qiganingiz uchun katta rahmat !

Abdurauf

Report Page